Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Surxondaryoda sud ijrochilari ko‘z o‘ngida mudhish qotillik sodir etildi

Surxondaryoda sud ijrochilari ko‘z o‘ngida mudhish qotillik sodir etildi

Foto: «Kazinform»

Surxondaryoda oilaviy kelishmovchilik va ajrim sabab yuz bergan mudhish jinoyat haqida «Huquq» gazetasida maqola chop etildi.

Oila qurish, u xoh qonuniy, xoh shar’iy bo‘lsin, har ikki yoshga o‘ziga yarasha mac’uliyat yuklaydi. 1991-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Mansur Kenjayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham onasi topib bergan qizga shar’iy nikoh bilan uylangach, ro‘zg‘or tebratish tashvishiga tushdi. Tayinli hunari bo‘lmagani sababli, Chirchiq shahriga kelib, dehqon bozorida aravakashlik bilan shug‘ullana boshladi.

Turmushning o‘ziga yarasha «musht»lari bo‘la-di. Avvaliga risoladagidek yashagan yoshlarning o‘rtasiga ko‘p o‘tmay, sovuqchilik tushdi. Er birni aytsa, xotini ikki bilan javob qaytardi. Orada xotini ikki-uch bor ota uyiga ketib ham qoldi. Mahalla hamda ota-onalar o‘rtaga tushib, ularni yarashtirib qo‘yishdi. Ammo oilaviy janjallar tugamadi. Mansur xotiniga qo‘l ko‘tarishgacha bordi. Natijada sud tomonidan jarima jazosiga tortildi.

«Er xotinning urishishi — doka ro‘molning qurishi», deyilganicha bor ekan. Ko‘p o‘tmay ular yarashib, yana birga yashay boshlashdi. Biroq, bu uzoqqa cho‘zilmadi. Janjallar yana avj oldi, xotini uyiga ketib qoldi. Bu paytga kelib, xotini o‘ziga tegishli mol-mulkni qaytarishni so‘rab, sudga murojaat qildi. Sud tomonidan uning da’vosi qanoatlantirildi.

2017-yilning bahori. Mansur bozorda arava tortib yurganida, uyidan chaqirib qolishdi. Uni xotini bilan qaynsinglisi hamda sud ijrochilari kutib olishdi. Sud ijrochilari o‘zlarini tanishtirib, sud qarori ijrosi yuzasidan kelishganini aytishgan edi, u roziligini bildirib, indamay bir chetga o‘tirdi. Ijrochilar xatlovni boshlashdi.

Bir mahal xotini ayrim buyumlari eskirib, urinib qolganini aytib, yangisini olib berishni talab qila boshladi. Unga singlisi ham qo‘shildi. Shu paytgacha jim o‘tirgan Mansur to‘satdan asabiylasha boshladi. Qulog‘iga gap kirmay, miyasida turli fikrlar charx ura ketdi. Xonada nimalar bo‘layotganini idrok etolmay, yon-atrofiga alangladi-yu, ko‘zi bir chetda yotgan pichoqqa tushdi. U pichoqni qanday oldi, qanaqa qilib qaynsinglisining ko‘ksiga sanch­di, o‘zi ham bilmay qoldi. Qaynsinglisi eshik tomon qochganida esa qo‘rquvdan dong qotgan xotiniga yuzlandi-da, endi unga pichoq bilan tashlandi. Xotini yiqilganidan keyin ham unga ketma-ket zarba berdi. Qimirlamay qolgach, pichoqni tashlab yubordi. O‘zi tash­qariga chiqib, bir chetga o‘tirdi.

To‘satdan yuz bergan hodisadan dahshatga tushgan ijrochilarning biri militsiyaga, bosh­qasi tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Yana biri esa mashinasida borib, qishloq tez tibbiy yordam shoxobchasi feldsherini olib keldi. Feldsher opa-singilni tekshirib ko‘rgach, o‘lim holatini qayd etdi. Ko‘p o‘tmay, tez yordam hamda ichki ishlar xodimlari ham yetib kelishdi…

Sud jahlini jilovlay olmay, arzimagan buyumlarni deb, ikki insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan Mansur Kenjayevga 24-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring