Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada yanvardan beri 671 o‘zbek pasportini yo‘qotgan

Turkiyada yanvardan beri 671 o‘zbek pasportini yo‘qotgan

Xabar.uz

2019-yilning 1-yanvaridan 1-sentyabriga qadar O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi 1328 ta fuqaroga vatanga qaytishlarida amaliy yordamlar ko‘rsatgan.

Shundan:

  • 671 nafari pasportini yo‘qotgan;
  • 44 nafari o‘g‘irlatgan;
  • 263 nafarida pasportning amal qilish muddati o‘tib ketgan;
  • 6 nafaridan Turkiya huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan turli tergov yoki pasportdagi soxta muhrlarni aniqlash maqsadida olib qo‘yilgan.

Oxirgi paytlarda Istanbuldagi O‘zbekiston fuqarolari orasida pasportga oid muammolar soni keskin ko‘paygan. Muammolarni o‘z vaqtida hal qilishda Bosh konsulxona yordam ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, 314 ta sertifikat Turkiyada tug‘ilgan yoki ketishga hujjati mavjud bo‘lmagan bolalarga va 57 tasi esa boshqa sabablar uchun rasmiylashtirib berilgan.

Pasport o‘g‘irlansa yoki yo‘qolsa, fuqarolar bu haqda ariza bilan huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishlari lozim. O‘z navbatida vakolatli idoralar pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani to‘g‘risida ma’lumotnoma beradi.

Ushbu muammoni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, aksar vatandoshlarimiz o‘zlarining Turkiyada noqonuniy yurganligi sababli pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani haqida politsiyaga murojaat qilmaydi. Ular Bosh konsulxonaga pasporti yo‘qolgan shaxs sifatida murojaat etishadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, pasport o‘g‘irlangani yoki yo‘qolgani to‘g‘risida politsiyaga o‘z vaqtida murojaat qilish kelajakda fuqaro pasporti bilan bog‘liq ehtimoliy muammolardan (jinoiy guruh a’zolari o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanishilari mumkin) asraydi.

Asosan pasportni o‘g‘irlatish yoki yo‘qotish holatlari Istanbul shahrining Fotih tumani hududi (sayyohlar va tadbirkorlar ko‘p keladigan Lalili, Oqsaroy, Qumkapi va Boyazit mavzelari)da ko‘p ro‘y bermoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarimizning o‘z pasportlarini o‘zgalarga garov sifatida berib, Bosh konsulxonaga hujjatini yo‘qotgan shaxs sifatida murojaat qilish holatlari ko‘paymoqda. Eng achinarlisi, pasportlarini garovga qo‘yib, Vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga ketganlar ustidan shikoyat arizasi bilan murojaatlar qilinmoqda va ularning garov evaziga olgan qarzlarini qaytarishlari talab qilinmoqda. Bu kabi holatlarda Bosh konsulxona vaziyatga aniqlik kiritish va tegishli choralar ko‘rish uchun shikoyat arizasini rasmiylashtirib, O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi idoralar manziliga yubormoqda.

Shu bilan birgalikda fuqaroning e’tiborsizligi tufayli pasportlarni amal qilish muddati o‘tib ketish holatlari ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bosh konsulxonaga e’tiborsizligi tufayli pasportining amal qilish muddati 5-7 yil oldin tugagan fuqarolar ham murojaat qilgan holatlar ham mavjud.

Bosh konsulxonaning eslatishicha, pasportni asrash — qonun talabi. Pasportni beparvolik bilan yo‘qotish EKIHning 1/2 qismidan 3 baravarigacha miqdorida jarima solishga asos bo‘ladi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi, 1-qismi).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring