Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodim ishga tiklandi. Yoxud bizga «zako‘nchilar» kerak!

Xodim ishga tiklandi. Yoxud bizga «zako‘nchilar» kerak!

Foto: «advokatnews.uz»

Bizda ishdan bo‘shatishning oddiy usuli ommalashgan, ya’niki: «arizangni yoz!». Osoni shu-da: «o‘z xohishiga ko‘ra» ishdan ketgan odamning qayta ishga tiklanishi mahol. Shu bois biror xodimidan qutulmoqchi bo‘lgan ish beruvchi, nima qilmasin, uni «o‘z xohishiga ko‘ra» ishdan bo‘shatish payida bo‘ladi. Buning uchun yaxshi gapirishi, qop-qop va’dalar berishi mumkin, po‘pisa yoki bosim o‘tkazishi ham ehtimoldan holi emaski, ishqilib, «arizani yozdirvolsa», bas... Chunki, biladiki, keyinroq xodim qayerga bormasin, imzosi tushgan o‘sha bir parcha qog‘oz yo‘liga tushov bo‘laveradi.

O‘z xohishiga ko‘ra ariza yozmaydigan, huquqini biladigan, qisqasi, «zakunchi» xodimlar-chi? Bundaylar bilan, ayrim ish beruvchilar, uni ming yomon ko‘rmasin, ishlashga majbur, agar qutulmoqchi bo‘lsa, sudda yer chizib qolishi aniq. Negaki, xodimni asossiz ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi. Fuqarolarning mehnat huquqi esa bosh qomusimizdan tashqari, Mehnat qodeksi va boshqa qator qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan-da.

Bitta misol keltirsak.

Fuqaro Q.Inomov (ism-fami­liya­lar o‘zgartirildi) «N» savdo kompleksi unitar korxonasiga nisbatan sudda da’vo qo‘zg‘adi. Da’voda ish beruvchi uni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatgani aytilib, lavozimiga tiklash va majburiy bekor yurgan kunlari uchun pul undirish so‘raladi.

Aniqlanishicha, Q.Inomov «N» savdo kom­pleksi unitar korxonasida avvaliga o‘rindoshlik asosida huquqshunos vazifasida ishlagan. Keyingi ikki yilda esa ushbu lavozimni to‘laqonli ado etib kelgan.

U va rahbar o‘rtasida «olamushuk» o‘tgach, ish beruvchi uning «javobini berish» harakatiga tushadi. «O‘z xohishiga ko‘ra» ketmasligiga amin bo‘lgach, ishdan bo‘shatishning choralarini izlashga tushadi. Ya’niki, rahbar o‘z o‘rinbosari va yana bir xodimi tomonidan tuzilgan «Q.Inomov ikki oydan beri ishga goh kelib-goh kelmay yurgani haqida dalolatnoma»ni asos qilgan holda tegishli buyruq chiqaradi. Shu bilan «quloqsiz va zakunchi xodim»dan qutiladi go‘yo...

Biroq Q.Inomov anoiylardan emas. Huquqshunos bo‘laturib, o‘z huquqini himoya qila olmaydimi?

Avvaliga fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi uning da’vosini rad qildi.

O‘z navbatida, Q.Inomov ush­bu hal qiluv qaroridan norozi bo‘­lib, kassatsiya shikoyati bilan yuqori instansiyaga murojaat qildi.

Xo‘sh, ish beruvchi mehnat shart­nomasini bekor qilishda qonuniy yo‘l tutganmi? Yo‘qda, yo‘q...

Mehnat kodeksining 101-moddasida jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan. Bu rozilikni olmay turib, mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aniqlanishicha, "N" savdo majmuasi unitar korxonasi ishchi xodimlari umumiy yig‘ilishining tegishli bayonnomasiga ko‘ra, ushbu majmua xodimlarining kasaba uyushmasi tuzilgan. Mazkur unitar korxona 2017-yil 7-yanvarda viloyat savdo komplekslari kasaba uyushmasining jamoa shartnomasiga qo‘shilgan. Ammo birinchi bosqich sudi Q.Inomov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda kasaba uyushmasining roziligi olinmaganiga e’tibor bermagan.

Bundan tashqari Adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi buyrug‘iga asosan, yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish adliya idoralari bilan kelishilgan holda hal qilinishi kerak. Biroq Q.Inomov bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ana shu tartibga ham rioya qilinmagan.

Oliy sud Plenumining 1998-yil 17-apreldagi "Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti) ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi to‘g‘risida"gi qarori 16-bandida ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilishning qonuniyligiga oid nizolarni hal qilishda sudlar Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismida belgilangan shart va tartibga rioya etilgan-etilmagani, xodim ish beruvchi tomonidan tegishli asosga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida ogohlantirilgan yoki xabardor qilingan yoxud xabardor qilinmaganini aniqlashi shart.

Yuqorida bayon qilingan holatda esa, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinayotganidan Q.Inomov qonuniy tartibda xabardor qilinmagan.

Mehnat kodeksining 112-moddasida ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatilishi aniq yozib qo‘yilgan. Mazkur kodeksning 275-moddasiga ko‘ra, ishga tiklanganda ish beruvchi tomonidan xodimga majburiy progul vaqti uchun haq to‘lanishi shart.

Shu kabi mehnat shartnomasi bekor qilingani yoki xodim bosh¬qa ishga o‘tkazilgani ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar uchun kompensatsiya to‘lanadi. Ana shu ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori sud tomonidan belgilanadi. Biroq bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.

Kassatsiya instansiyasi sudi yuqorida qayd etilgan qonun talablaridan kelib chiqib, birinchi bosqich sudining hal qiluv qarorini bekor qildi. Shu barobarida yang mazmundagi hal qiluv qarori qabul qilib, da’vogar Q. Inomovning javobgar N. savdo kompleksi unitar korxonasiga nisbatan buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, majburiy progul vaqti uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasini qanoatlantirdi.

Endi xulosa qilsak. Xulosamiz qisqa va lo‘nda: o‘z huquqingizni biling, "zakunchi" bo‘lsangiz yanada a’lo. Zero, jamiyat shunday insonlar bilan taraqqiy topadi. Vassalom.

Bayramali NOROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Samarqand viloyat sudi
raisining o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring