Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonadon sohibi va usta mojarosi

Xonadon sohibi va usta mojarosi

Foto: «ruwest.ru»

Orzuga ayb yo‘q, deyishadi. Samarqand shahrida yashovchi S.N. ham zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan uyda yashashni niyat qilib mablag‘ jamg‘ara boshladi. Hisob-kitoblari bo‘yicha ta’mirlash ishlari uchun yetadigan mablag‘ tejaldi. Endi navbat arzon va sifatli ishlaydigan «qo‘li gul» ustani topishda.

U yer, bu yerlarda, gap-gashtaklarda uyini ta’mirlatishini, yaxshi usta izlayotganligini gap orasida qistirib o‘tdi. Nihoyat, «arzon va sifatli ishlaydigan «qo‘li gul» ustaning o‘zi eshigini qoqib keldi. Hammasi yaxshi, hammasi joyida, faqatgina ta’mirni yakunlash uchun sanitariya texnigi kerak. Bu borada «qo‘li gul» usta xonadon sohibining joniga oro kirdi. Sanitariya jihozlarini o‘rnatuvchi do‘sti bor ekanligini bildirdi. Santexnik  bilan o‘zaro narx borasidagi kelishuvdan so‘ng qurilish mollari do‘konidan mahsulotlarni olib kelish qoldi, xolos. Uy egasi mahsulotning sifati borasida tushunchaga ega emasligini aytib, santexnikning qo‘liga pul tutqazdi.

Ta’mirlash ishlari avjida, lekin olib kelingan qurilish mollarining sifatiga xonadon sohibi ikkilana boshladi. Qiziq, qurilish mollarining sifati borasida farqni bilmaydigan odamning ikkilanishiga e’tibor qiling. Avvalo qurilish mollarining sifatiga tushunmaydigan inson endilikda sifat borasida ikkilanmoqda. Bu so‘zlarni bejizga yozayotganimiz yo‘q. Chunki xonadon sohibi va usta o‘rtasidagi mojaroga xuddi mana shu ikkilanish sabab bo‘lgan. Ya’ni, buyurtmachining xonadoniga o‘rnatilgan sanitariya vositalarining sifatsizligidan noroziligi, ta’mirlovchining esa kafolat berishi.

Alamzada bo‘lgan S.N. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Chunki S.N. o‘z arizasida 2250 (ikki ming ikki yuz ellik) AQSh dollari berganligini aytib o‘tsa, S.N.ning turmush o‘rtog‘i xarajatlar uchun jami bo‘lib 2044 (ikki ming qirq to‘rt) AQSh dollari va 740 000 (yetti yuz qirq ming) so‘m berganligini ko‘rsatib o‘tadi. E’tiboringizni uchinchi shaxsning tushuntirish xatiga qaratmoqchimiz. Unga qayd etilishicha, usta O.Q. 1300 (bir ming uch yuz) AQSh dollari olganligini tasdiqlaydi. Qiziq holat. Uch insonning tushuntirish xatida uch xil summa ko‘rsatilgan. Kim haq, kim nohaq bu savol ochiqligicha qolaverdi.

Federatsiya xodimlari holatni aniq asoslar negizida o‘rganib chiqishdi. Nihoyat, masalaga oydinlik kiritildi. Usta O.Q. bajarilmay qolgan ishlar uchun uzoq savdolashishdan so‘ng murojaatchi S.N.ga 500 (besh yuz) AQSh dollari qaytarib berdi. Shu bilan muammoga nuqta qo‘yildi.

IHHQJF Samarqand viloyat birlashmasi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring