Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yana Oliy sudning «og‘riqli nuqta»si haqida

Yana Oliy sudning «og‘riqli nuqta»si haqida

Foto: «Xabar.uz»

«Advokat» jurnalida chop etilgan «Oliy suddagi og‘riqli nuqta yoki murojaatlar bilan ishlash tizimi islohotga muhtojmi?» sarlavhali maqola bo‘yicha «Xabar.uz»da munosabat e’lon qilingach, mavzu yana yangilanib, munosabatlar oqimi ko‘paydi, deb yozmoqda «Advokatnews.uz» sayti. O‘tgan safar ulardan ayrimlarini e’tiboringizga havola qilgan bo‘lsak-da, jonli misol bilan asoslantirilgan quyidagi munosabatni ham e’tiborsiz qoldira olmadik...

«Ushbu maqolaga advokatlar tomonidan bildirilayotgan deyarli barcha fikrlar juda o‘rinli bo‘lib, ular amaliyotda o‘zlari duch kelgan holatlar asosida yozmoqdalar, — deyiladi Qo‘qon shahridagi «Haqiqat tarafdori» advokatlar hay’ati advokati Ne’matullo Shahobidinov  izohida. — Har bir jamiyatda shaxslarning boshqalar, jumladan, davlat idoralari tomonidan buzilgan huquqlarini tiklash va himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilishi mexanizmi mavjud. Shu yo‘l bilan shaxsning buzilgan huquqlari to‘liq yoki qisman tiklanishiga erishiladi. Ammo mazkur jarayonda sudning o‘zi qonun normalarini ochiq-oshkora va qo‘pol ravishda buzib tursa-chi?

Bunday bedodlik qanday oqibatlarga olib kelishini tushunib yetishimiz uchun Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so‘zlari yetarli deb o‘ylayman: «Sud hokimiyatning uchinchi tarmog‘idir. Davlatning obro‘si, jamiyatning obro‘si sud organlari va sudyalarning qonun me’yorlariga qanchalik rioya qilishiga, ular qabul qilgan qarorlarning adolat me’yorlariga mos kelishiga bevosita bog‘liqdir».

Bizda esa, ming afsuski, Oliy sud sudyalari va xodimlari tomonidan murojaatlarga umuman asossiz va mantiqsiz javob berilishi, eng muhimi, qayd kitoblariga murojaatlar go‘yoki «o‘rganilgan va javob berilgan»dek hisobotlar kiritib qo‘yilishi mexanizmi shakllangan. Agar ushbu amaliyotdan Oliy sud raisining ham xabari bo‘lsa, demak, undan Oliy sudning butun jamoasi manfaatdor degan tushuncha paydo bo‘ladi (chunki avval xabardor bo‘lmasa ham keyingi maqolalardan so‘ng albatta xabar topganiga ishonamiz).

Eng yomoni, bunday «o‘xshashi yo‘q» amaliyotning kundan-kunga rivojlanib, oddiy holga aylanib borayotganligi, na rais, na boshqa rahbar xodimlar murojaatlarga bunday ko‘zbo‘yamachilik va yuzakilik bilan javob berish orqali davlatimizning xalqaro nufuzi va obro‘yiga salbiy ta’sir qilayotganlari haqida, sudlarga nisbatan ishonchsizlik tobora ortib borayotganligi borasida qayg‘urmayotganidir. Axir Oliy sud raisiga yozilgan asosli murojaatni umuman vakolatsiz bo‘lgan, bor-yo‘g‘i murojaatlarni ro‘yxatga olish va ijrosini tashkillashtirishgagina mas’ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i o‘zicha muhokama qilib qaytarib yuborishi bizning Oliy suddan tashqari yana qayerda bor? Aslida murojaatlar bilan ishlash boshqarmasining vazifasi murojaatlarni tegishliligi bo‘yicha saralab, mutasaddiga chiqarish va ularning javobi murojaat egasiga belgilangan muddatda yetkazilishini ta’minlashdan iborat emasmi?

E’tirozlarim quruq gap bo‘lib qolmasligi uchun o‘z faoliyatimda uchragan bir misolni keltirmoqchiman. Fuqarolik ishi bo‘yicha menga ishonch bildiruvchi fuqaro Yu. 2017 yil 28 iyun kuni Oliy sud qabulxonasiga kirib (o‘sha kuni rais o‘rinbosari X.Yodgorovning qabuli kuni edi), birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ijrosini to‘xtatish haqidagi apellyasiya instansiyasi sudining 2016 yil 23 avgustdagi ajrimidan norozi bo‘lib shikoyat topshirgan. Ammo ushbu shikoyatga murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i I.Qurbanov tomonidan 2017 yil 14 iyuldagi №12-172-17-son xat bilan «Oliy sudga yozgan arizangiz FPKning 350-moddasi 4-qismi talabiga asosan 3 yil muddat o‘tib ketganligi sababli ko‘rmasdan qoldirildi» degan mazmunda javob berilgan. Vaholanki, shikoyat qilinayotgan ajrim chiqqan sana bilan shikoyat qilinayotgan vaqt orasi atigi 10 oy (Buni o‘zingiz ham hisoblab ko‘rishingiz mumkin)...

Bu ham mayli, eng qizig‘i, xuddi shu ajrim bo‘yicha qarshi tarafning arizasi ish yurituviga qabul qilinib, ko‘rib chiqilgan. Ya’ni aynan o‘sha kuni — 2017 yilning 28 iyunida rais o‘rinbosari qabuliga ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha manfaatdor shaxs ham xuddi o‘sha apellyasiya sudi ajrimidan norozi bo‘lib nazorat tartibida shikoyat topshirgan va shunga asosan Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan o‘sha ajrimga nisbatan nazorat tartibida protest kiritilgan. Shuningdek, bu protest 2017 yilning 18 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqilgan va ajrim da’vo muddatini qo‘llab rad qilingan. Buning ustiga, ushbu protest va sud majlisi to‘g‘risida faqat manfaatdor shaxslargina xabardor qilinib, ishtiroki ta’minlangani holda da’vogarlar sudga chaqirilmagan. Sudning ajrimi esa avgust oyining boshlarida da’vogarlarga emas, balki mening uy manzilimga yuborilgan.

Shundan keyin mazkur sud ajrimining mutlaqo asossiz va noqonuniy ekanligi, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan da’vo muddati noto‘g‘ri qo‘llanilganligi haqidagi fikrlarimizni bir necha bor Oliy sud raisiga va qabuldagi boshqa sudyalarga tushuntirdik. Ular har safar qabul vaqtida bizning vajlarimizni eshitib, tasdiqlashadi, lekin oradan vaqt o‘tib, shikoyatlarimiz rad etilgani haqidagi yana o‘sha «shablon» javoblarni olaveramiz...

Shu holatning o‘zi ham Oliy sud tomonidan shikoyatlar umuman yuzaki o‘rganib chiqilishini yoki o‘zlari uchun qulay usulda hal qilish amaliyoti ishlayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Xullas, vaziyat shu darajaga yetgan ekan, sudyalarning va boshqa xodimlarning bunday asossiz harakatlariga javobgarlik masalasini qonunchilikda belgilash lozim. Zero, dunyo amaliyotidan ma’lumki, mansabdor shaxslar o‘z majburiyatlarini buzmagandagina boshqa shaxslar huquqlarining daxlsizligi ta’minlanadi...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring