Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yodgorov sudyalar haqida tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritdi

Yodgorov sudyalar haqida tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritdi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kuni kecha e’lon qilingan «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etgan tadbirda sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tartiblar xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish, ayni illatning oldini olish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbir haqida ko‘p va xo‘b yaxshi gaplar aytildi.

Sud hokimiyati vakillari bilan o‘tadigan brifinglar doim savol-javob, bahs-munozaralarga boy bo‘ladi. Bugungi tadbir ham bundan mustasno bo‘lmadi.

Garchi belgilangan vaqt nisbatan qisqa va tadbir Uzreport telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan bo‘lsa-da, ortiqcha ehtiyotkorlik qilinmadi. Berilgan ochiq va hatto achchiq savollarga javoban «arava quruq olib qochilgani» ham yo‘q. Savol-javoblar tadbir yakuniga yetganidan keyin ham «tik oyoqda» davom etgani mutasaddilar yetarlicha tayyorlanib kelganiga dalolat qildi. Hartugul, «bunday savolga tayyor emasdim, uzr...» yoki «Savolingizni o‘rganib, batafsil yozma javob beramiz» ma’nosida gap aytib, yalong‘och qo‘lga tutqich bermaslikka urinishlar bo‘lmadi-da.

Sudlar faoliyatiga oid tadbirlarda ko‘p savollar ommatan emas, xossatan bo‘lishiga o‘rganib ham qolindi. Ya’nikim, mavzu doirasida, biroq xususiy holatlardan kelib chiqiladigan savollar ko‘p bo‘lardiki, bundan ayrim mutasaddilar noqulay holatda qolardi, rosti.

Tadbirning «kirish qismi» tugab, asosiy qismiga (savol-javoblarga) o‘tilishi hamono shunaqa «xos va nozik» savol berilsami?! Savol mazmuniki, yaqinda ijtimoiy tarmoqlar ikki nafar sudya ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan mahkumning ziyofatida aziz mehmoni, shuning quvvatidan bo‘lsa kerak, ko‘p o‘tmay ulardan (sudyalardan) biri «jo‘mard mezbon»ni jazodan ozod etgani haqidagi xabarlarga to‘lib ketdi. Tizimni korrupsiyadan tozalash bo‘yicha katta ishlar boshlanayotgan paytda ayrim sudyalarning bunday xatti-harakatiga nima deysiz?!

O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov xotirjam javob berdi: «Ikki nafar sudya haqida tarqalgan xabarlarning noto‘g‘ri nuqtalari bor: ular hech qanday ziyofatga taklif etilmagan va hech kimni noqonuniy ravishda jazodan ozod qilmagan. «Jazodan ozod qilingan» deyilayotgan shaxs esa haliyam jazosini o‘tamoqda. Chunki uning sudi boshqa tumanda bo‘lgan, tilga olingan sudyalar esa boshqa tumanda ishlaydi. Ikkinchidan, o‘sha sudyalar karantin qoidalarini buzganliklari rost, shuningdek, begona dasturxonda o‘tirishgani ham. Shu bois ikkisiga intizomiy jazo qo‘llanganidan tashqari ma’muriy huquqbuzarlikka ham tortildi. Yana bir gap. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda poytaxtdagi ma’muriy sud sudyalariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ham gap boradi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘ri, biroq tergov harkatlari endi yakunlandi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra, to sudning hukmi chiqib, qonuniy kuchga kirmaguncha hech kimni jinoyatchi deb bo‘lmaydi. Bu tamoyil barcha fuqarolar qatori sobiq sud xodimlariga ham taalluqli».

Sudyalar oliy kengashi raisining qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning o‘tgan 11 oyida faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 22 nafar sudya intizomiy jazoga tortilgan. Shuningdek, 8 nafar sudyaning vakolati muddatidan avval tugatildi, bu ular vazifasidan ozod etilganini anglatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring