Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

YPX xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi doimiy bahs: yo‘l belgilari to‘g‘ri o‘rnatilganmi?

YPX xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi doimiy bahs: yo‘l belgilari to‘g‘ri o‘rnatilganmi?

Foto: novostnik.online

Yaqinda Adliya vazirligining «Telegram»dagi «Huquqiy axborot» kanali «Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilinganligi haqida xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-iyuldan boshlab:

- transport vositasidagi videoregistratorlar qayd etgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan texnika (foto va videoradar) qayd etgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi;

- huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

Shuningdek, qaror bilan Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Bu qarorni men to‘liq qo‘llab-quvvatlayman

Chunki hammamiz guvohi bo‘lyapmiz, ko‘chalarimizda mashina boshqarib yurgan haydovchilarning ayrimlari umuman yo‘l harakati qoidalarini tan olmaydi. Aksariyati esa imkoniyati bo‘lishi bilanoq yo‘l harakati qoidalarini buzishga urinadi. Buning ortidan esa aybsiz insonlar vafot etishyapti, nogiron bo‘lib qolishyapti.

Shunday ekan haydovchilarning qoida buzishlarini kamaytirish uchun turli vositalar bilan yo‘llarda nazoratni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Ammo....

Ko‘chada mashina boshqarish jarayonida qoidalarni buzayotgan haydovchilarni turli yo‘llar bilan jazolash,  jarima solishdan oldin ular uchun yo‘llarda harakatlanishni qulaylashtirish lozim deb o‘ylayman. Masalan, yo‘llarni sifatli asfalt qilish, tor yo‘llarni kengaytirish, yo‘l belgilarini kerakli joylarda maqsadli o‘rnatish deganday.

Qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish

Kuzatishlarga ko‘ra, qarama-qarshi yo‘nalishda qoidani buzib harakatlanish asosan o‘ta tor, bor-yo‘g‘i ikki polosali tiqilinch  yo‘llarimizda ko‘proq sodir bo‘lyapti. Demak, o‘sha yo‘lni to‘rt polosali yo‘l qilib  kengaytirish kerak.

Qizil chiroqda harakatlanish

Yana bir muhim va haydovchilar tomonidan ko‘p buziladigan qoida — svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketish.  Bunday haydovchilar aksariyat hollarda chorrahalarda emas, balki asosan piyodalar uchun qo‘yilgan svetoforlarda ko‘proq qoidani buzib qizil chiroqda o‘tadilar. Bunday joylarda qoida buzilishlarining oldini olishning eng yaxshi chorasi o‘sha svetoforlar oldida piyodalar tomonidan svetoforni boshqarish uskunasini o‘rnatishdir. Piyoda svetoforning qizil chirog‘ini yoqadi va o‘tib ketaveradi. Boshqa paytlarda esa o‘sha svetoforda doimiy yashil yonib turaveradi va haydovchilar o‘sha joyda bemalol harakatlanaveradilar. Agar shu ish amalga oshirilsa haydovchilarning ham,  piyodalarning ham vaqti tejaladi va har ikki tomonga qulay bo‘ladi.

To‘xtab turish qoidalarining buzilishi

Shuningdek haydovchilar tomonidan ko‘p buziladigan yo‘l harakati qoidalaridan yana biri bu to‘xtab turish qoidalarining buzilishidir. Bu qoidaning buzilishiga hamma vaqt ham haydovchilar aybdor deb bo‘lmaydi. Agar e’tibor bersak, mamlakatimizdagi turli shaharlardagi turli ko‘chalarda «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisi haddan ko‘p o‘rnatilgan.

Ahvol shu darajadaki, masalan, sizni bir tanishingiz ishxonangizga tashlab o‘tmoqchi, ammo ishxonangiz joylashgan ko‘chaga «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisini har qadamda ilib tashlashgani uchun tanishingiz sizni ishxonangizdan bir bekat narida tushirishi kerak va siz ishxonangizga ancha yo‘l bosib kelishingiz yoki tanishingiz qoidani buzib ishxonangiz oldida to‘xtashi kerak.

Tushunarsiz belgilar

E’tibor bersangiz, turli shaharlarimizda bozorlar yoki savdo markazlari yoki ko‘ngilochar bog‘lar atrofida ko‘chalarda  «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgilari ko‘plab ilib tashlangan. Bechora haydovchilar o‘shanday joyga borganda o‘z mashinasini qo‘yishga joy topa olmay  qoidani buzishga majbur bo‘ladi. Chunki o‘sha joylarning aksariyatida mashinalarni qo‘yish uchun avtoturargoh yo‘q. Ammo «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisi bor. Xo‘sh, shunday holatlarda mutasaddilar oldin o‘sha bozorlar yoki savdo markazlari yoki ko‘ngilochar bog‘lar oldida avtoturargohlar tashkil etishsa va undan keyin «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisini o‘rnatishsa maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi?

Yo‘q, bizda hammasi teskari va tushunarsiz. Mashina qo‘yishga joy yo‘q. Ko‘cha chetida qoldirmoqchi bo‘lsangiz yo‘l belgisi bor. Ana shunday holatda haydovchilar yo qoidani buzishadi yoki mashinalarini bir bekat nariga qo‘yib manzillariga piyoda kelishga majbur bo‘lishadi. Bu nimani anglatadi? Bu ishning to‘g‘ri tashkil etilmaganini bildiradi.

Ana shundan kelib chiqsak shu yo‘l belgisini ham hammayoqqa ilib tashlamay faqat lozim bo‘lgan joylarda ilish kerak.

Agar esingizda bo‘lsa, o‘tgan yil oxirida va bu yil boshida Toshkent shahar YHXB aksariyat ko‘chalardagi «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgilarini olib tashladi. Bir qismini esa birrovga to‘xtash imkoniyatini beruvchi boshqa belgiga almashtirib chiqdi. Bu ishni boshqa  shaharlarimizda ham amalga oshirish kerak va lozim bo‘lmagan joylardan o‘sha yo‘l belgisi olib tashlanishi yoki birrovga to‘xtashga ruxsat beradigan yo‘l belgisi o‘rnatilishi kerak.

Haydovchilarning yo‘llarda tezlikni oshirib qoida buzishlariga esa lozim bo‘lgan va  bo‘lmagan joylarda tezlikni pasaytiruvchi belgilarning qo‘yib tashlangani sabab bo‘lmoqda.

Masalan, M39 Toshkent—Termiz trassasida Toshkentdan Samarqandga borishda  Bulung‘ur shahriga kirgandan negadir lozim bo‘lmagan joyda soatiga 70 km. tezlikda harakatlansa bo‘ladigan joyda harakatlanishni soatiga 50 km. tezlikda yuradigan qilib yo‘l belgisi qo‘yishgan va bu yo‘l belgisidan sal o‘tib fotoradar ham o‘rnatib qo‘yishibdi. Bu — xalqaro yo‘l, undan ko‘pgina tranzit xorijiy transportlar ham yuradi. Shuningdek, bu yo‘l mamlakatimizning bosh yo‘li hisoblanadi va hamma viloyatlarning aholisi bir-biri bilan bog‘lanishda shu yo‘ldan foydalanadi. Shularni nazarda tutsak, bu bu muhim xalqaro yo‘lda ba’zi AHOLI PUNKTLARIDA yo‘lda harakatlanish tezligini soatiga 70 km. dan soatiga 50 km. tezlikkacha cheklash kimga va nima uchun kerak?

Buning ustiga o‘sha atrofda tezlikni cheklashga sabab bo‘ladigan ta’lim muassasi yoki bog‘cha yo‘q. Shuningdek ko‘chada tirbandlik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bozor yoki savdo majmuasi ham yo‘q. Tezlikni cheklaydigan belgi nega qo‘yilgan — tushunmayman.

Yana bir misol

Samarqand—Ayniy xalqaro yo‘li bo‘ylab Toyloq shaharchasidan Samarqand shahriga kelar ekansiz, Toyloq shaharchasidan chiqish joyida yo‘lda ro‘paradan keladigan mashinalar qayrilib oladigan joy bor. O‘sha yerdan bor yo‘g‘i 10-15 (!) metr narida esa «quvib o‘tish mumkin emas» degan yo‘l belgisini o‘rnatib qo‘yishibdi. Toyloq shaharchasidan Samarqand shahri tarafga harakatlanib borayotgan haydovchi o‘sha joyda ro‘paradan kelib qayrilib olgan va hali tezlashib olishga ulgurmagan mashinani quvib o‘tishga majbur bo‘ladi. Aksariyat hollarda o‘sha joydan sal narida YPX xodimlari turib olishadi va o‘shanday quvib o‘tishga majbur bo‘lgan haydovchilarni to‘xtatib, ma’muriy bayonnoma tuzishadi. Eng qizig‘i o‘sha yerda ro‘paradan kelib burilib oladigan mashinalarning aksariyatini o‘sha joydan 100-150 metr pastroqdan o‘ngga, aholi punktiga burilib ketadigan mashinalar tashkil etadi. Shu sababli ham ro‘paradan kelib qayrilib olgan mashinalar  o‘sha o‘ngga qarab burilishga yetguncha tezlikni oshirmay sekin borishadi. Toyloq shaharchasi tarafdan kelib ularga taqalib qolgan haydovchilar o‘sha joyda qoidani buzib quvib o‘tishlari kerak yoki o‘sha yerdan qayrilib olgan va sekin  yurayotgan mashinaga taqalib qolib tezlikni soatiga 20-30 km. ga tushirishlari kerak. O‘sha joyda «quvib o‘tish mumkin emas» degan yo‘l belgisi umuman noto‘g‘ri o‘rnatilgan.

Buni oldin ham yozganman

Toshkent—Termiz trassasining Toshkent viloyatidan o‘tgan qismida, ozgina joyni aytmasa, katta qismida o‘tgan yilgacha bemalol soatiga 100 km. gacha tezlikda harakatlansa bo‘lar edi. Bu yerda joylashgan aholi punktlarining nomi ko‘rsatkich bilan yoki tezlikka daxl qilmaydigan ko‘k rangda yozilgan edi. Ammo negadir o‘tgan 2017 yilda shu yo‘lda aholi punktlari yozilgan joylarda ko‘k rang ham, ko‘rsatkich ham olib tashlandi va endi haydovchilar o‘sha yo‘lning aksariyat qismida soatiga 70 km. tezlikda harakatlanishga majbur bo‘lmoqdalar.

Umuman olganda, mamlakatimizning shahar-qishloqlaridagi ko‘chalarda o‘rnatilgan aksariyat yo‘l belgilari mos joylarda o‘rnatilmaganday, haydovchilar  va piyodalarga qulay emas, balki noqulay tarzda, YPX xodimlari «rejalar»ni oson bajarishlari uchun o‘rnatilganday taasurot qoldiradi.

Shunday ekan tegishli tashkilotlar  ko‘chalarimizda o‘rnatilgan va o‘rnatilayotgan yo‘l belgilarini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri o‘rnatilganini bittama-bitta o‘rganib chiqib, yuqorida misol tarzida yozgan joylarimdagiday haydovchi va piyodalarga noqulaylik tug‘dirayotgan yo‘l belgilarini olib tashlashi yoki o‘zgartirishi kerak.

Qolaversa, bu sohada  hali qilinadigan ishlar judayam ko‘p. Avvalambor barcha yo‘llar sifatli ta’mirlanishi, yo‘l belgilari lozim holda maqsadli o‘rnatilishi kerak. Shuningdek, ushbu sohada ishlayotganlar rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganib eng ma’qulini yo‘llarimizda joriy etishlari kerak.

Yo‘llarimiz haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham maksimal darajada qulay bo‘lishi kerak. Ana shundan keyin qoidalarni buzgan haydovchilarni jazolayverishsin. Ungacha esa qoidalarni buzgan haydovchilar uchun yangidan-yangi usullarini o‘ylab topib, hadeb jazolayverish ham adolatdan bo‘lmaydi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring