Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr tokini qanday tejash mumkin? (infografika)

Elektr tokini qanday tejash mumkin? (infografika)

Foto: «t-online.de»

Bir Amerika filmida qiziqchining gapi bor: «Otam shunchalik tejamkorki, kechasi uxlashidan oldin hatto elektron soatini ham o‘chirib qo‘yadi — to‘g‘ri-da, uxlayotganingda soat nimaga kerak?».

Hazil o‘z yo‘liga, ammo kommunal to‘lovlar, masalan, elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish paytida kayfiyatingiz bir buzilib olishi tayin. Shuncha qarzdorlik? Qaydan paydo bo‘ldi? Yaqinda to‘lagandimku?

«Aybdor»ni qidirishni uyimizdan boshlaganimiz ma’qul. Elektr quvvatini yeb yotgan «cho‘ntak kushandalari» har bir xonadonda topiladi. Ozgina qunt qilsangiz bas, ortiqcha elektr jihozlarini o‘chirish evaziga huda-behudaga pul to‘lab yurmaysiz.

Sovutkich

Mahsulotlarning harorati qancha yuqori bo‘lsa, ularni sovitishga shuncha ko‘p energiya sarflanadi, shuning uchun ham sovutkichga iliq ovqatlarni (issiq ovqatlarni-ku mutlaqo) qo‘ymaslik kerak. Laboratoriya sinovlari ko‘rsatishicha, 50 darajagacha isitilgan sho‘rvani sovitishga xona haroratidagi sho‘rvani sovitishga qaraganda 14 foiz ko‘p elektr toki ketarkan. Sovutkich sozlamasiga ham qarab qo‘ying, maksimum sovuq nega kerak, oziq-ovqatlarni me’yorda saqlash uchun 7-8 ° ham yetarli.

Quritish

Kirlarni dorga ilib quritish mutlaqo bepul. Bitta arqon — olam guliston. Texnikaning eng so‘nggi qulayliklarini afzal biluvchilarga bitta maslahat: elektr quritkich sotib olishda tok sarfiga e’tibor qarating.

Kompyuter

Yaqin paytlargacha xonadondagi asosiy tok sarfi maishiy texnikalarga to‘g‘ri kelardi — endi kompyuter va televizor ularni ortda qoldiryapti va jami elektr quvvatining beshdan bir qismini ishlatmoqda. Hatto soatlab kutish tartibida turgan kompyuter ham hamyoningizning bir chetini o‘pirib ketadi.

Quvvatlash qurilmalari

Ishlatilmasa ham elektr tarmog‘idan uzilmagan mobil telefonlar va fotoapparatlarning quvvatlash moslamalari qancha pul sarflab yuborishini bilasizmi? Yoki musiqa markazlarini olaylik. Nemis mutaxassislari hisoblab ko‘rishsa, tokdan uzilmasdan qoldirilgan eski stereotizimlar yil davomida egasiga 20 yevrogacha zarar keltirarkan.

Statistika

Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi tadqiqot o‘tkazganida nemis xonadonlari qancha elektr tokini ishlatayotgani oydinlashdi.

Elektr toki o‘rtacha iste’mol me’yori (bir yilda):

Bir kishi

Bir-ikki oilali uyda — 2700 dan 3200 kVt-soatgacha

Ko‘p xonadonli uyda — 1300 dan 1500 kVt-soatgacha

Ikki kishi

Bir-ikki oilali uyda — 3000 dan 3300 kVt-soatgacha

Ko‘p xonadonli uyda — 2000 dan 2300 kVt-soatgacha

To‘rt kishi

Bir-ikki oilali uyda — 4000 dan 4500 kVt-soatgacha

Ko‘p xonadonli uyda — 3000 dan 3400 kVt-soatgacha.

Solishtirib ko‘rishni tavsiya qilamiz: kim tejamkor — o‘zbeklarmi yo nemislar.

Mavzu doirasida

Quyidagi infografika orqali esa elektr tokini sarflash bo‘yicha xonadoningizdagi «chempionlar»ni aniqlab olishingiz mumkin:

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring