Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

GTL loyihasi uchun ikkita yirik texnologik uskuna O‘zbekistonga keltirildi

GTL loyihasi uchun ikkita yirik texnologik uskuna O‘zbekistonga keltirildi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Mamlakatda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotni ishlab chiqarish maqsadida energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, neft va gazga chuqurlashtirilgan ishlov berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. GTL loyihasi esa bunga misoldir.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ayni chog‘da vazni 350 va 550 tonna bo‘lgan ikkita yirik texnologik uskuna O‘zbekiston hududida harakatlanmoqda. U mart oyida Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning qurilish maydonchasiga yetkaziladi. 

Yangi zavoddan ko‘zlangan maqsad asosiy tabiiy gazga chuqur ishlov berish orqali kerosin, dizel yoqilg‘isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishdan iborat.

Hozir asosiy yirik o‘lchamli texnologik uskunalar turkumi Qoraqalpog‘istondan Qashqadaryo viloyatiga olib kelinayotir. Shu paytgacha bir necha mamlakat orqali Koreya Respublikasidan asosiy dengiz yo‘llari va logistik marshrutlar orqali O‘zbekistongacha bir necha ming kilometr yo‘l bosib o‘tildi.

Og‘irligi 550 tonna, uzunligi 39 metr va diametri 6,9 metrga teng hamda og‘irligi 350 tonna va uzunligi 25 metr bo‘lgan ushbu qurilmalar bunyod etilayotgan zavodning sintetik suyuqliklarni ishlab chiqarish sexida qo‘llaniladi. Bu qurilmalar yordamida hosil bo‘ladigan sintez (metan + kislorod) fizik-kimyoviy reaksiyalar va texnologik jarayonlar natijasida sintetik suyuq yoqilg‘iga, ya’ni yarim tayyor mahsulotga aylantiriladi. Undan esa yana bir necha jarayonlarni bosib o‘tib, asosiy neft mahsulotlari – dizel, kerosin va nafta olinadi.

Bugungi kunga kelib, GTL loyihasining amalga oshirilishi yakunlovchi bosqichda turibdi. Qurilish maydonchasiga 5 ming nafardan ortiq ishchi, quruvchi va muhandis safarbar etilgan. 500 dan ziyod qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.

Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning qurilish maydonchasida qurilish ishlari davom etmoqda va ularning 25 foizdan ko‘proq qismi bajarilgan.

O‘zbekistonda barpo etilayotgan GTL zavodi uchun dunyoning 24 mamlakatidagi 129 ta zavodda jami 11 mingdan ziyod texnologik uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonchasiga yuqori texnologik va yirik o‘lchamli uskunalar yetkazib berish amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 116 ta to‘plamdan ziyod yuqori texnologik uskunalar qurilish maydonchasiga yetkazilgan bo‘lib, u yerda ularni montaj qilish va o‘rnatish ishlari boshlangan. 153 ta to‘plam ishlab chiqaruvchi zavodlardan yuklab, qurilish maydonchasiga jo‘natilgan va ular O‘zbekistonga olib kelinmoqda.

Qayd etish joizki, GTL loyihasining amalga oshirilishi har yili 1,5 million tonnagacha bo‘lgan hajmda import qilinadigan neft-mahsulotlari o‘rnini bosish imkonini beradi. Sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning xom ashyo bazasi – Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi metani hisoblanib, uning hajmi yiliga 3,6 milliard kubometrni tashkil etadi.

Mazkur zavod har yili 1,5 million tonnadan ortiq yuqori sifatli, YeVRO 5 standartiga mos bo‘lgan sintetik suyuq yoqilg‘i, shu jumladan, 743,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 311 tonna avia kerosin, 431 ming tonnadan ortiq nafta, 50 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz ishlab chiqaradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring