Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aeroport va chegaradan tovarlar olib kirish tartibi o‘zgardi

Aeroport va chegaradan tovarlar olib kirish tartibi o‘zgardi

Foto: «Sputnik»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018-yil 6-fevral kuni «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qaror jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni tartibga solish, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish sharoitlarining umume’tirof etilgan jahon standartlariga muvofiqligini ta’minlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, shuningdek bojxona chegarasini kesib o‘tadigan jismoniy shaxslar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan me’yorlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra:

— O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;

— O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;

— O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;

— xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilandi.

Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlari doirasida tovarlar olib kirilganda ularni yozma deklaratsiyalash talab etilmaydi. Shuningdek, jismoniy shaxslar 3 000 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan olib chiqishlari mumkin.

Ammo ayrim turdagi tovarlar uchun olib chiqishning quyidagi me’yorlari tasdiqlandi:

— guruch — 3 kg.gacha, non mahsulotlari — 5 kg.gacha, go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 2 kg.gacha, shakar — 2 kg.gacha, o‘simlik yog‘i — 2 kg.gacha, shuningdek, yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, quritilgan sabzavot va mevalar — 40 kg.gacha.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlarning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan olib kirish me’yorlari ham belgilandi. Xususan:

— alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo — 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari — 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar — 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari — 65 gr.gacha.

Shuni unutmaslik kerakki, mazkur tovarlarni olib kirish chog‘ida uning qiymati fuqarolarning xalqaro aeroportlar, temir yo‘l, daryo o‘tkazish punktlari yoki avtomobil yo‘lida joylashgan o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishiga bog‘liq ravishda mazkur qarorda belgilangan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlar doirasida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning 6-dekabridagi «Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibi soddalashtirilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring