Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Atom! Atom – bu bomba-ku, domlajon!!!»

«Atom! Atom – bu bomba-ku, domlajon!!!»

Foto: «Xabar.uz»

«Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun haqida so‘z ochilsa, ko‘pchilik mashhur hajv qahramoni Mullo Sunnatillo holiga tushadi – qo‘rqib ketadi.

Har qanday qonun hujjati matnini to‘liq o‘qimaslik yoki yaxshi tushunmaslik noto‘g‘ri talqinlarga sabab bo‘lishi mumkin. Atom energiyasi borasida tushunmovchiliklarning oldini olish uchun odamlar orasida tarqalgan quyidagi «afsonalar»ni tahlil qilib ko‘ramiz.

«Huquqiy axborot» kanali Atom energiyasi to‘g‘risidagi Qonun bo‘yicha 10 ta afsona va haqiqat haqida mutaxassis fikrini e’lon qildi.

1-afsona: O‘zbekistonda atom energiyasi yo‘q.

Haqiqat: Unday emas. Aslida O‘zbekistonni bugungi kunda atom energiyasidan umuman xoli hudud deb bo‘lmaydi. Respublikamizda 1959-yildan buyon Yadro fizikasi institutida VVR-SM tadqiqot reaktoridan foydalanilib kelinmoqda va ushbu reaktorda hamda boshqa ishlab chiqarish ob’yektlarida hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilar Bo‘stonliq tumanidagi saqlash punktiga joylashtirilmoqda. 2019-yilning 6 oyi davomida 70 GBk radioaktivlikka ega bo‘lgan 455 ta manba saqlash punktiga joylashtirilgan. Shuningdek, hozirda mamlakatimizda 7000 ga yaqin ionlashtiruvchi nurlanish manbalari (rentgen apparati, kalibrovka uskunalari va boshqalar) mavjud. Shunday sharoitda atom energiyasidan foydalanishning ayrim jihatlari 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Lekin atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonun mavjud emas. Qonun loyihasi shu ehtiyoj tufayli ishlab chiqilgan.

2-afsona: Qonun Rossiya andozasida yozilgan.

Haqiqat: Aslida qonun loyihasini yaratishda xalqaro tajriba sinchiklab o‘rganib chiqilgan. Xususan, atom energetikasi sohasidagi yetakchi mamlakatlar – AQSh, Fransiya, Rossiya, Belorussiya, Yaponiya, Ukraina, Chexiya, Vengriyaning tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, Qonun loyihasi Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan 2 marotaba ko‘rib chiqildi va uning tavsiyalari Qonunda inobatga olindi. Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarining sohaga oid norma va qoidalari unifikatsiya qilinadi hamda ular O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasidagi majburiyatlari bilan muvofiqlashtiriladi.

3-afsona: Qonun baribir xavfsizlikni ta’minlamaydi.

Haqiqat: Atom energetikasini rivojlantirish, xususan, AES qurish mavzusida asosiy xavotir – xavfsizlik masalasi bo‘lib turibdi. Bu xavfsizlikni kim ta’minlaydi? Uning kafolatlari qanday? Mas’uliyat kimga yuklanadi?

Ma’lumot uchun: 2018 yil sentyabr oyida Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) xavfsizlik bo‘yicha barcha talablariga javob beruvchi quvvati 2 400 MVt bo‘lgan ikkita energo blokidan iborat «3+» avlod atom elektrostansiyasini qurish to‘g‘risida bitim imzolandi.

«3+»avlod – bu eng so‘nggi, innovatsion va xavfsiz atom elektrostansiyalari avlodi bo‘lib, bunda AESning ichki va tashqi ta’sirlarga maksimal darajada chidamliligi ta’minlanadi.

Qonunda atom energiyasidan foydalanish va xavfsizlikni ta’minlash kafolatini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Shuningdek, sohani tartibga soluvchi (Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hokazo) hamda xavfsizlikni ta’minlovchi davlat organlari (Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi, Ekologiya qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqalar) aniq sanab o‘tilmoqda va ularning vakolatlari belgilanmoqda.

4-afsona: Biron gap bo‘lsa, xalqdan yashirishadi.

Haqiqat: Buning iloji yo‘q. Qonunda atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha tadbirlarda fuqarolar, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki belgilanmoqda. Bu esa ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda fuqarolarning yadro energiyasi borasidagi turli xavotirlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

5-afsona: AESdan boshqa davlatlar foydalanadi.

Haqiqat: Unday emas. Atom energiyasidan foydalanish ob’yektlari davlat mulkida yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida bo‘lishi mumkin. Yuridik shaxslarining yadroviy materiallarni, shuningdek, ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘ini chet davlatga sotish to‘g‘risidagi bitimlari Prezident bilan kelishilgan holda tuziladi.

Demak, AESning birinchi navbatda O‘zbekiston xalqi uchun ishlashi shaxsan Prezident tomonidan nazorat qilinadi.

6-afsona: AES – ekologiyaga zarar.

Haqiqat: Noto‘g‘ri qarash. Ko‘pincha AESning atrof-muhitga salbiy ta’siri juda oshirib tasvirlanadi. Aslida hozirda respublikamizda mavjud tabiiy energiya manbalaridan foydalanish orqali ham atrof-muhitga zarar jiddiy yetmoqda.

Ma’lumot uchun: Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Atom energiyasi ekologik toza bo‘lib, stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi.

Atom elektr stansiyasidan foydalanish davrida yiliga 14 mln tonnagacha CO2 (is gazi) va 36 ming tonnagacha NO2 gazining atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.

7-Afsona: Boshqa davlatlar bizga radioaktiv chiqindilarini olib kiradi.

Haqiqat: Qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi. Unda yozilishicha, O‘zbekiston hududiga faqat o‘zimizning radioaktiv moddalarni, ya’ni ilgari O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘idan olingan mahsulotlarini olib kirish mumkin.

8-Afsona: Kelajakda bizda ham yadro quroli ishlab chiqarilishi mumkin.

Haqiqat: Mumkin emas. Qonunning maqsadi, nomidan ham ko‘rinib turganidek, atom energiyasidan faqat tinchlik maqsadida foydalanish. Yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarish qat’iyan taqiqlangan.

9-afsona: AESni qo‘riqlash bahonasida boshqa mamlakat qo‘shinlari kiritilishi mumkin.

Haqiqat: Bunday xavotirga o‘rin yo‘q. 2012-yil 10-sentyabrdagi Qonun bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga asosan O‘zbekiston o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’yektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq AESning jismonan muhofazasi O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladi.

10-afsona: Atom energiyasi bizga kerak emas.

Haqiqat: Afsuski, bu xato fikr. Bugungi kunda respublikamizning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji 69 mlrd kVt/soat bo‘lsa, amalda 64 mlrd kVt/soat energiya ishlab chiqarilmoqda. 2030-yilga borib ehtiyoj 117 mlrd kVt/soatga yetadi. Bu ehtiyojni qondirish uchun turg‘un va barqaror energiya resursiga ehtiyoj bor.

Ko‘pchilik bu ehtiyojni boshqa muqobil energiya resurslari (masalan, quyosh yoki shamoldan olinadigan energiya) bilan qondirish mumkin deydi. Lekin ushbu energiya manbalari barqaror emas, bizga esa hozir aynan barqaror energiya manbalari kerak. Shuningdek, AES qurilishi ortidan O‘zbekistonda atom energetikasi sohasi rivojlanadi, mutaxassislar o‘qitiladi, ilmiy-tadqiqot institutlari ochiladi. Qolaversa, AES qurilishi ortidan boshqa qayta tiklanuvchi enegiya resurslarini rivojlantirishga yo‘l qo‘yilmaydi, ulardan tamoman voz kechiladi deyishga ham asos yo‘q.

Xulosa

AES kamida 60 yillik barqaror energiya manbai sifatida O‘zbekiston iqtisodi rivojlanishi uchun kuchli impuls beradi. Oddiy fuqarolar hayotida esa elektr energiyasi bilan uzluksiz va barqaror ta’minlanish, ilmiy ishlanmalarning rivojlanishi, mahsulot xavfsizligining ta’minlanishi kabi omillar natijasida turmush darajasining o‘sishi kuzatiladi.

G‘.Primov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring