Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib chiqaradi

Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib chiqaradi

Hamkorlik bitimi O‘zbekiston davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobur Islomov hamda «Orano Mining» prezidenti Nikolya Mayes tomonidan imzolandi.

Parijda Fransiyaning «Orano Mining» kompaniyasi hamda O‘zbekiston davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi o‘rtasida geologik qidiruv va konlar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi. Bu haqda «Orano Mining» kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hamkorlik bitimiga ko‘ra, 51 foiz ulushi fransuz shirkatiga, 49 foiz ulushi O‘zbekiston davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan qo‘shma korxona tashkil etiladi.

Yangi korxona Navoiy viloyatida, xususan, Qizilqum cho‘lida uran qazib olish va zaxiralarni tadqiq etish bilan shug‘ullanadi. Konlardagi faoliyat 2020 yilning birinchi yarmida boshlanishi ko‘zda tutilgan.  

«Orano Mining» prezidenti Nikolya Mayes kompaniya faoliyati yangi jug‘rofiy hududlarga yoyilayotganidan mamnun ekanini bildirgan.  

O‘z navbatida, O‘zbekiston davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobur Islomov mazkur bitim mamlakat uran sanoatini diversifikatsiya qilish va ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini yaratishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.

Ayni choqda, tomonlar mazkur loyiha ikki davlat do‘stligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etgan.

Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, investitsiya loyihasi doirasida dastlabki bosqichda 20 million dollargacha, keyinroq 150 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etish ko‘zda tutilgan.

«Orano Mining» kompaniyasi yadro sanoati yo‘nalishida dunyoda peshqadam o‘ringa ega. Shirkat uran qazib olish, uni qayta ishlash va boyitish, yadro yoqilg‘isini tashish, radioaktiv chiqindilar hamda yadro ob’yektlarini tasarrufdan chiqarish bilan shug‘ullanadi. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktyabrda Fransiyaga safari chog‘i «Orano Mining» kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etishi borasida kelishuvga erishilgan edi.

O‘zbekiston uran zaxirasi va uni qazib olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo o‘nligiga kiradi. Ayni paytda mamlakatda yadro energetikasi sohasini rivojlantirish, xususan, atom elektr stansiyasi qurish ustida izlanishlar olib borilmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring