Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iste’mol krediti berilishi bo‘yicha ayrim cheklovlar olib tashlanmoqda

Iste’mol krediti berilishi bo‘yicha ayrim cheklovlar olib tashlanmoqda

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki «Iste’mol kredit to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qonun loyihasi iste’mol kreditlash mexanizmlarini takomillashtirishga, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining tovar, ish va xizmatlar bozoriga kirishi uchun keng yo‘l ochishga, shuningdek ishbilarmonlik va biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Qonun loyihasiga asosan, yuridik shaxslar bilan bir qatorda, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham o‘zlari ishlab chiqargan tovar, ish va xizmatlarni iste’mol krediti orqali, shuningdek moliyaviy iste’mol kreditlash mexanizmidan foydalangan holda realizatsiya qilish huquqi berilmoqda.

Ayni vaqtda qonun loyihasida, tashqi savdoni erkinlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida, moliyaviy iste’mol kreditini faqat O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar, ish va xizmatlar uchun berilishi bo‘yicha cheklov olib tashlanmoqda. Bu bilan fuqarolarga nafaqat respublikamizda ishlab chiqarilgan, balki xorijda ham ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olish uchun bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy iste’mol kreditlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda tegishli normativ-huquqiy baza o‘rganib chiqilgan va xorijiy davlatlarning huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchiligi tahlil qilingan.

Qonun loyihasining to‘liq matni bilan ushbu ilova orqali tanishish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring