Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jahon banki direktori O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishiga munosabat bildirdi

Jahon banki direktori O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishiga munosabat bildirdi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 18-yanvar kuni Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Kristalina Georgiyeva davlat rahbari bilan muloqotdan so‘ng O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi.

— O‘zbekistonga mamlakatni o‘zgartirishga siyosiy irodasi kuchli inson rahbarlik qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rivojlanish istiqbolini ko‘ra bilish qobiliyatiga ega. O‘ylangan barcha maqsadlarga erishishga qalb bilan yondashadi.

O‘zbekistonda valyuta kursini liberallashtirishga oid siyosat to‘g‘ri tanlangani amalda o‘z isbotini topmoqda. Biznes vakillari bu iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar ochayotganini ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston Prezidentining maqsadi aholining imkoniyatlari, iste’dodini ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan islohotlarni amalga oshirishdan iborat. Ya’ni odamlar hayotning turli sohalarida o‘z salohiyatlarini to‘la namoyon etsin. O‘zgarishlarga qaratilgan yuksalish juda muhimdir. Yakuniga yetgan yil esa mamlakatda jiddiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi.

Jahon banki O‘zbekistondagi faoliyatini salmoqli darajada kengaytirishga tayyor. Biz mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jiddiy ekaniga ishonamiz va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Dunyoda raqobatbardosh bo‘lish oson emas, lekin xalq jipslashsa, siyosiy iroda va kelajakka ishonch bo‘lsa, bunga erishish mumkin. Men O‘zbekistonga jahonning eng ilg‘or davlatlari orasida bo‘lishini chin dildan tilayman.

O‘zbekiston Jahon bankining «Biznes yuritish – 2018» (DoingBusiness 2018) reytingida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida jahonning yetakchi o‘nta mamlakati qatoriga kirdi. Mamlakat yuksaldi. Bu o‘zgarishlar ruhini ifodalaydigan yaxshi ko‘rsatkichdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring