Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Le Moci: «O‘zbekiston – fransuz kompaniyalari uchun yangi Eldorado»

Le Moci: «O‘zbekiston – fransuz kompaniyalari uchun yangi Eldorado»

Fransiyaning xalqaro savdoga ixtisoslashgan Le Moci jurnali O‘zbekiston haqida «O‘zbekiston – fransuz kompaniyalari uchun yangi Eldorado» sarlavhasi ostida maqola chop etdi.

Bruno Muli muallifligidagi maqolada O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalar uchun ochiqligi sabab Fransiya kompaniyalarining so‘nggi vaqtlarda mamlakat bozoriga faol kirib kela boshlagani qayd etiladi. Xususan, Fransiyaning Rungis Semmaris, Suez, Total Eren, Assystem, Orano, Orex Loisirs, Campagnie des Alpes, Geode va Egis kompaniyalari O‘zbekistondagi davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘rnatgan hamkorlik aloqalari yoritiladi.

Dastlab, Toshkent shahrida Fransiyaning Carrefour supermarketlar tarmog‘ining birin-ketin 3ta do‘koni ochilganiga e’tibor qaratilgan. 2022 yilga qadar Toshkentda jami 5ta supermarket va 2ta gipermarket ochilishi rejalashtirilgan. Ushbu tijoriy bitim 2500ta ish o‘rni yaratishi hamda 600ga yaqin mahalliy yetkazib beruvchilarni jalb qilishi ta’kidlanadi.

Rungis Semmaris bilan tuzilgan 15 million yevrolik shartnoma doirasida respublika bo‘ylab 8ta agrologistika markazi, xususan Toshkent, Samarqand va Andijon shaharlarida meva-sabzavot ulgurji bozorlari tashkil etiladi.

Shuningdek, 2020 yilda Suez fransuz kompaniyasi Toshkent shahrining suv ta’minoti va drenaj tizimini yangilash bo‘yicha poytaxt hokimligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan 7 yil muddatga 142 mln yevrolik bitim tuzgan.

Mazkur kompaniya suv resurslari bo‘yicha yangi avlod menejerlari va mutaxassilarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida «Uzbekistan Water Academy»ni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Maqolada 2019 yilning sentyabrida Total Eren kompaniyasi elektr energiyasi xaridi va ilk quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan 25 yillik shartnoma tuzgani yodga olinadi. 100 MVt quvvatga ega stansiya Samarqand viloyatida qurilib, 150 ming aholini energiya bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Fransiyaning Assystem kompaniyasi va O‘zbekiston energetika vazirligi mamlakatdagi energiya tizimi boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Bundan tashqari, 2019 yilda Orano kompaniyasi O‘zbekistonda tog‘-kon qidiruv ishlari va uran qazib olishni rivojlantirish maqsadida Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlik bitimi imzolagan. Unga muvofiq, 51 foizi Orano kompaniyasiga, 49 foizi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan qo‘shma korxona tuzildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Orex Loisirs, Campagnie des Alpes, Geode va Egis fransuz kompaniyalari konsorsiumi «Bildirsoy–Chimyon–Nanay» loyihasini amalga oshirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring