Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MB: yanvar oyida tuxum va sabzavotlar bahosi pasaydi, sut va go‘sht narxi oshdi

MB: yanvar oyida tuxum va sabzavotlar bahosi pasaydi, sut va go‘sht narxi oshdi

Kuzatishlarni amalga oshirish uchun aholi tomonidan ko‘p iste’mol qilinadigan 135 ta mahsulot va xizmat turi tanlab olindi.

Foto: «VisaSam»

«Iqtisodiyotda narxlar o‘zgarishi jarayonini atroflicha va chuqur o‘rganib borish va inflyasion xatarlarni oldindan aniqlash maqsadida O‘zbekiston Markaziy banki respublika hududlari bo‘yicha mahsulot va xizmatlar narxlarini monitoring qilib borish amaliyotini joriy etmoqda», — deyiladi Markaziy sank sayti xabarida.

Kuzatishlar uchun aholi ko‘p iste’mol qiladigan 135 ta mahsulot va xizmat turi tanlab olindi. Ulardan 45 tasi oziq-ovqat mahsuloti, 75 tasi nooziq-ovqat mahsuloti va 15 ta xizmat hisoblanadi. Ushbu mahsulot va xizmatlar guruhlarining umumiy narxlar o‘zgarishi ko‘rsatkichiga ta’siri mos ravishda 57, 29,5 va 13,5 foizni tashkil etadi.

Dastlabki kuzatuv natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’mol tovarlari narxlari 2018-yilning yanvar oyida, o‘tgan yilning dekabr oyidagi o‘sishdan keyin, nisbatan barqaror bo‘ldi. Bu asosan yangi yil bayrami arafasidagi davrga qaraganda 2018-yil yanvar oyida iste’mol faolligining nisbatan past bo‘lgani bilan izohlanadi.

Xususan, mazkur holat oziq-ovqat mahsulotlari narxlari dinamikasida o‘z aksini topdi. Ayrim mahsulotlar narxlarida yuqori o‘zgaruvchanlik kuzatilganiga qaramasdan, oziq-ovqatlarning umumiy narxlarida ozroq (1 foiz) pasayish bo‘ldi.

Yanvar oyida kuzatish olib borilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida tuxum 10,5 foiz, sabzavotlar o‘rtacha 5,8 foiz va mevalar o‘rtacha 4,5 foiz arzonlashdi. Xususan, bodring narxi 14 foiz, piyoz 10,2 foiz, pomidor 9,9 foiz, karam 9,3 foiz, kartoshka 6,3 foiz, sabzi 2,3 foiz va olma narxi 4,6 foiz pasaydi.

Shu bilan birga, kuzatish natijalari sut narxining 4,9 foiz, go‘sht (mol va qo‘y go‘shti) 1,1 foiz, bug‘doy uni – 0,7 foiz va guruch 0,4 foiz qimmatlashganini ko‘rsatdi.

Mazkur davrda kuzatish uchun tanlab olingan nooziq-ovqat mahsulotlarining umumiy narxlari 2,1 foiz oshdi. Bunda kundalik iste’molda ishlatiladigan mahsulotlar narxlari ozroq o‘sib, yuqori o‘sish qurilish mollari va avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlarida kuzatildi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishiga asosan qurilish materiallari (10,8 foiz), aksiz tovarlar (sigaret va alkogol mahsulotlari – tegishli ravishda 7,2 va 0,3 foiz) hamda avtomobillar uchun metan yoqilg‘isi narxining (6,7 foiz) oshishi ta’sir ko‘rsatgan. Bunda tadbirkorlik sub’yektlari uchun tabiiy gaz tariflarining oshirilishi va aksiz solig‘i stavkalarining ko‘tarilishi narxlar o‘sishining asosiy omillaridan bo‘ldi.

Bundan tashqari, kiyim-kechak va poyabzalga talabning kamayishi natijasida ushbu guruh tovarlari narxlari 2,2 foiz pasaydi.

Bu davrda xizmatlar 4,2 foiz qimmatlashdi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalari xizmati uchun to‘lov 10,3 foiz, transport xizmatlari 6,3 foiz, maishiy xizmatlar 3 foiz va tibbiy xizmatlar narxi 2,1 foiz o‘sdi.

Umuman olganda, iste’mol talabi nisbatan susaygan sharoitda 2018-yilning yanvar oyida umumiy kuzatishdagi mahsulot va xizmatlar narxlarida nisbatan past darajadagi, ya’ni 0,6 foizlik o‘sish kuzatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring