Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mikrokreditbank» hamda «ODDO BHF» banklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatildi

«Mikrokreditbank» hamda «ODDO BHF» banklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatildi

Foto: Bank axborot xizmati

Shu kunlarda «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Murodilla Eshmatov boshchiligidagi mazkur moliya muassasasi vakillaridan iborat delegatsiya Germaniya Federativ Respublikasida bo‘lib turibdi. Bu haqda bank axborot xizmati xabar berdi.

Safar doirasida qator moliya muassasalari bilan o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish belgilangan. Xususan, bugun «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki yurtimizdagi yirik va kichik biznes sub’yektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Germaniyaning «ODDO BHF» banki bilan ikki tomonlama biznes korporatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzoladi.

Foto: Bank axborot xizmati

Ma’lumot uchun ta’kidlash joizki, «ODDO BHF» banki 150 yildan ortiq tarixga ega mustaqil fransuz-nemis moliya muassasasi hisoblanadi. Hozirda ushbu bank yillik sof foydasi hamda ustav kapitali bo‘yicha dunyodagi yirik banklar qatorida turadi.

Kelishuvga ko‘ra, «ODDO BHF» banki tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etiladigan mablag‘lar Yevropa Ittifoqidan import qilinayotgan asosiy vosita va texnologik uskunalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Foto: Bank axborot xizmati

Xususan, «ODDO BHF» banki tomonidan ajratiladigan kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahridagi «SESAME» MChJning avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini tashkil qilish uchun, Surxondaryo viloyatidagi «Aziya-Golden-Fish» MChJga baliqchilik klasterini tashkil etish maqsadida, «Gold Biznes Pro» MChJga beton va beton mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish uchun, Sirdaryo viloyatidagi «EURASIA GAZ BETON» MChJga gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi tashkil qilish maqsadida, «Sirdaryo Mega Lyuks» MChJga esa polietilen qoplarini ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan.

Delegatsiyaning Germaniya Federativ Respublikasidagi safari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring