Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muallaq turgan savol: «ekspress-o‘rganish» tekshiruvning yangi turimi?

Muallaq turgan savol: «ekspress-o‘rganish» tekshiruvning yangi turimi?

Illyustrativ surat

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatiga hadeb aralashavermaslik, tekshiruv degan baloni keskin qisqartirish xususida yaqin yigirma yildan buyon tinimsiz gapiriladi, qancha huquqiy hujjatlar qabul qilinmadi, deysiz. Shunga qaramay tekshiruvlar kamayib, kichik biznes, tadbirkorlik gullab-yashnab ketganicha yo‘q.

Nega?

«Tekshiraman!» deganga asos topilaverar ekan. Tekshirishga «asos topgan» azamatlarga tadbirkordan kamchilik-ayb topish cho‘t bo‘ptimi? Buning dastidan bir so‘m topgan tadbirkor shundan yigirma tiyini o‘ziga nasib qilsa, do‘ppisini osmonga otadigan darajaga yetvormadimi?!

Mayli, o‘tgan ishlarga salovat, muhimi — endi vaziyat o‘zgacha: davlat rahbarining tashabbusi va asosiy e’tibori, katta-kichik amaldorlar oldiga qo‘yayotgan talabi, qabul qilinayotgan  qator-qator huquqiy hujjatlar mana endi tadbirkorning  bemalol va bedallol ishlashiga imkoniyat yaratmoqda.

Turli tekshiruvlarmi? Bu borada inqilob  qilinvordi-ku: tadbirkorlik sub’yektlari, bir-ikkita istisnoni aytmaganda, ikki yil tekshiruvchining yuzini ko‘rmaydi hisob.

Tadbirkor faoliyatiga tushov bo‘ladigan muammo qolmadimi? Yo‘g‘-a, goh mahalliy hokimiyat bilan yer maydoniga bog‘liq mojaro, goh bank bilan kreditga oid nizo, vakolatli idoralarning harakatsizligi, sansalorlik... qisqasi, hozir ham tadbirkor uchun katta-kichik g‘urbatlar topilib turibdi. Na chora, fuqaroviy-huquqiy munosabatlar bor ekan, turli tushunmovchilik, muammo, nizo chiqaveradi. Bundan  ko‘pam vahimaga tushavermaslik kerak. Asosiysi — har qanday huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar  bor. Tadbirkorlar huquqini himoya qilishga shay vakolatli idoralar ham...

Shunday vakolatli idoralarbop bir masala chiqib qoldiki, qog‘oz qoralayotganimiz boisiyam shunda.

Alalxusus, Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i 16.11.2018 y. kungi 557-XS-sonli buyruqqa imzo chekibdi. Unga ko‘ra, qator xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning «...omborlarida import qilingan yuqori likvidli tovarlar qoldig‘iga aniqlik kiritish maqsadida» ekspress-o‘rganishlar o‘tkazish belgilangan. Gap yo‘q, qonun shuni talab qilsa, kim nima deyishi mumkin?!

Har qanday buyruq-ko‘rsatmalar ma’lum huquqiy hujjatlarga asoslanadi. Viloyat soliq boshqarmasining mazkur buyrug‘i ham ikkita huquqiy hujjatga tayanib chiqarilgan. Birinchi asos — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat soliq xizmatlari organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining (26.06.2018 y. PQ-3802) 7-bandi. Bunda soha xodimlariga joylarga chiqib, ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirish huquqi berilgan. Ya’niki, soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligi hamda soliq to‘lovchilar hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash jarayonida (kameral nazorat) ehtiyoj tug‘ilsa, mutasaddi shaxs joyiga chiqib,  vaziyatga uzil-kesil aniqlik kiritish uchun ekspress-o‘rganish o‘tkazishi mumkin.

Farg‘ona viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i yuqoridagi buyruqqa ayni shu qarorning qayd etilgan bandini asos qilib olgani tushunarli, axir gap xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda ekspress-o‘rganish o‘tkazish xususida gap ketmoqda.

Mazkur buyruqqa ikkinchi asos sifatida Soliq kodeksining 711-moddasi  ko‘rsatilgan. Asosiy savol shunda, negaki, Soliq kodeksining mazkur moddasi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning qoldiq tovar-moddiy boyliklari soni emas, balki u yerda ishlayotgan xodimlarining hisobotdagi va haqiqiqiy  sonining muvofiqligini aniqlash  huquqini beradi.  Muhimi, bu jarayonda  xo‘jalik yurituvchi sub’yektning moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashish ham, nazorat organi xodimidan esa «Tekshirishlar kitobi»ni to‘ldirish ham talab etilmaydi. Rost-da, bu o‘rinda masala, g‘irt  dehqoncha aytganda,  sonda bor-u sanog‘da yo‘q xodimlar bor-yo‘qligiga taalluqli,illo moliya-xo‘jalik faoliyatiga emas. Kim bilsinku-ya, viloyat soliq boshqarmasi «Tekshiruvlar kitobi»dan «aylanib o‘tish» uchungina Soliq kodeksining 711-moddasiga yopishib olgandek. Biroq bu modda «xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning omboriga kirib», «tovarlar qoldig‘iga aniqlik kiritish»ga izn bermayapti, axir?! «Tovarlar qoldig‘iga aniqlik kiritish» tekshirish-taftishni taqozo etadi — boshqa yo‘li yo‘q. Modomiki, maqsad shu bo‘lsa — marhamat, «Tekshirishlar kitobi»ni to‘ldiring-da, ishingizni qilavering! Biroq soliq idorasi vakillari «Tekshirishlar kitobi» yaqiniga yo‘lamoqchi emas. Aytishayotgan gapi bitta: biz korxonaningizga tekshirish uchun emas, «ekspress-o‘rganish» o‘tkazish uchun kelganmiz, anov kitobingizni nari oling!»

Asos?

«Soliq kodeksining 711-moddasi»!

Baraka topgur, bu modda he yo‘q-be yo‘q omborning tit-pitisini chiqarishga izn bermayapti-ku?!

«Ha endi... buyruq shunaqa-da, aka!».

«Shunaqa buyruq» asoslimi, qonuniymi?

Ikkinchidan, «ekspress-o‘rganish» nima o‘zi: tekshiruv deyilsa, hujjatlarda «o‘rganish» deyilmoqda. «O‘rganish» deyilsa, tekshiruvdan farqi  yo‘q?

...Alqissa, savollar muallaq, tadbirkorlar garang, soliqchilar oyog‘ini tirab turibdi...

Oxirgi gap Bosh prokuraturada qoldi, chamasi...      

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring