Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muborak, Mirishkor va Kasbi tumani aholisiga tabiiy gaz yetkazib berish ko‘lami oshiriladi

Muborak, Mirishkor va Kasbi tumani aholisiga tabiiy gaz yetkazib berish ko‘lami oshiriladi

Foto: Xabar.uz

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatiga tashkil etilgan press-tur davomida matbuot vakillari Muborak tumanida bo‘lishdi.

Muborak gaz va neft qazib chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Begimqul Sultonov tomonidan Xabar.uz’ga ma’lum qilinishicha, tashkilotning ichki imkoniyatlari evaziga Qashqadaryo viloyatining Muborak, Mirishkor va Kasbi tumanlari aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash ko‘lamini oshirish imkoniyati mavjud.

— Muborak tumanida qatlam bosimi pasayib ketgani tufayli konservatsiya qilingan tabiiy gaz quduqlari mavjud. Ushbu quduqlardan chiqadigan gaz bosimi past bo‘lgani tufayli magistral tarmoqqqa ulanish mumkin emasligi bois foydalanish to‘xtatilgan edi.

Korxonamiz tashabbusi bilan ushbu quduqlar ochilib, aholining gaz ta’minotini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda gazni seolitli qurutish va tozalash qurilmasi bunyod etildi. Ushbu qurilma bir kunda 300 ming kub gazni tozalab, aholiga yetkazib berishi mumkin.

Hozircha kuniga 100 ming kub gaz qayta ishlanib, Muborak tumani aholisiga berilmoqda. Qurilmaning imkoniyati esa ancha yuqori. Ayni vaqtda Mirishkor va Kasbi tumanlariga ham tabiiy gazni yo‘naltirish ishlari olib borilmoqda.

Bu tashabbus bilan biz bir qator yutuqlarga erishamiz. Birinchidan, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish ko‘lami oshiriladi. Ikkinchidan esa Muborak gaz va neftni qayta ishlash zavodida tayyorlangan gazni to‘liq eksportga va ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi. Tabiiyki bu bilan korxonamiz daromadi ham ko‘tariladi, — deydi Begimqul Sultonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring