Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nuran uz» — cho‘l o‘rnidagi bog‘ tarixi

«Nuran uz» — cho‘l o‘rnidagi bog‘ tarixi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bir bor ekan, bir yo‘q ekan» — ertaklar odatda shunaqa boshlanadi. Ammo «Nuran uz» ertagi umuman hech narsa yo‘q joydan boshlandi. Uch oy oldin bu yerlar shunchaki yaydoq cho‘l edi. Nari borsa 800 metr naridagi bojxonaning u-bu narsalari turardi. Hozir esa 235 gektarlik rosmana bog‘ qad rostlagan. Oradan uch oy o‘tdi, holos.

Ikki oy oldingi holat

An’anaviy dehqonchilik bilan ish olib borilganda balki bunaqa natijaga erishish uchun 3 yil yetmagan bo‘lardi. Ammo zamonaviy texnologiya, tomchilab sug‘orish va salgina uddaburonlik natijasida cho‘l o‘rniga bog‘, bog‘ orasiga esa qovun-tarvuz ekildi va gektaridan 80-100 tonna hosil olinmoqda. Yana ikki yilda Ispaniyadan keltirib ekilgan o‘rik, gilos va uzum ko‘chatlari ham hosilga kiradi.

«Avvaliga bizga ishonganlar ko‘p bo‘lmadi. Yerni tekislash, haydash, tayyorlash, zamonaviy texnologiyalar va tomchilab sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun gektariga 18 ming dollar sarfladik.

Natijada uch oyda tarvuz hosilini sotishni boshladik», — deydi korxona ta’sischilaridan bo‘lgan Nurali Abdullayev.

Hozir bu yerlar 1983 yilda foydalanishdan chiqarilgani va cho‘lga aylanganiga ishonish qiyin. «Nuran uz» MChJ ta’sischilari Anvar Qodirov va Nurali Abdullayev o‘z mablag‘lari evaziga 235 gektar adirlik yer maydonlarini o‘zlashtirib, 202 gektarga o‘rik, 21 gektarga gilos va 12 gektarga uzum ekishdi va tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi.

Havo haroratini aniqlab turish uchun o‘rnatilgan meteostansiya. 

E’tiborli tomoni, o‘zlashtirilgan yerda hamma ish innovatsion usulda amalga oshiriladi. Yerda namlik kamaygan vaqtda maxsus chiplar signal yuboradi va tomchilab sug‘orish tizimi ishga tushadi. Ob-havo isib ketishi esa maxsus meteostansiya yordamida aniqlanadi va bu holatda ham sug‘orish tizimi ishga tushadi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev «Nuran uz» MChJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. «Davlat rahbariga siz qilgan ishlardan nimalar yoqdi?» deya savol berdi jurnalistlar. «G‘oya. Bizning g‘oyamiz yoqdi», — degan javob bo‘ldi.

G‘oyani amalga oshirishning o‘zi bo‘lmagan, albatta. Barchasi innovatsiya va ilmga asoslanib olib borildi. Ish boshlashdan oldin «Nuran uz» ta’sischilari Namangan viloyatida to‘rtta joydan tuproq namunalarini olib, Fransiyaga yuborishdi. U yerdagi laboratoriyada namunalar tekshirilib, aynan shu joylar dehqonchilik qilish uchun tavsiya qilindi. Natija esa, ko‘p kuttirmadi.

Prezident tashrifidan so‘ng MChJga yana qo‘shimcha 10 ta artezian qudug‘i o‘rnatib beriladigan bo‘ldi va subsidiyalar ajratildi. Demak ishonch bilan shuni aytish mumkinki, «Nuran uz» ertagi davom etadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring