Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OKMKda import o‘rnini bosish samaradorligi 20,1 mln. dollarga yetdi (foto)

OKMKda import o‘rnini bosish samaradorligi 20,1 mln. dollarga yetdi (foto)

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda mahalliylashtirish dasturi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Kombinatda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosan ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi. Bu birinchi navbatda — kombinatning mavjud va yangi quvvatlarida hamda yurtimizda faoliyat olib borayotgan korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisoblanadi. 

Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘tgan 2021 yil uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 87 loyiha bo‘yicha 161,4 mlrd. so‘m etib belgilangan edi. Amalda esa o‘tgan yilda 87 loyiha bo‘yicha 217,2 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja 134,5 foizga bajarildi. Natijada import o‘rnini bosish samaradorligi 20,1 mln. dollarga yetkazildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirib kelinayotgan mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi hisoblanadi. Zavodda mahalliylashtirish doirasida mahsulot ishlab chiqarish tizimli ravishda kengaytirib borilmoqda. Bevosita raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, zavodda dastur doirasida 2018-2021 yillarda 93ta yangi mahsulot turlari o‘zlashtirildi. Zavodning asosiy sexlaridan biri bo‘lgan mexanik-yig‘uv sexida ham dastur doirasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinayapti.

Kombinat ishlab chiqarish quvvatlarining oshib borishi evaziga tarkibiy bo‘linmalardagi texnologik uskunalarga zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarga bo‘lgan talablar ham oshib bormoqda. Ehtiyot qismlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida zavod tarkibidagi mexanik-yig‘uv sexi 2014 yilda 36 metrga 2021 yilda 60 metrga uzunlikka uzaytirildi.

«Seximizga xorijdan shartnoma asosida 196ta uskuna yetkazib berilishi lozim bo‘lib, hozirgi kunda bosqichma-bosqich uskunalar kelmoqda. Bu yerda asosan katta hajmdagi ehtiyot qismlari ishlab chiqaramiz. Ishlab chiqargan ehtiyot qismlarimiz bilan kombinatni to‘liq ta’minlay olamiz. O‘zaro kelishuv asosida har bir uskuna  yetib kelgach, xorijdan mutaxassis biriktiriladi. Biriktirilgan  mutaxassis uskunani yig‘ish jarayonida to‘liq ishtirok etadi. Shundan so‘ng uskuna sinovdan o‘tgach, o‘zimizdagi xodimlarga barcha foydalanish yo‘riqlarini o‘rgatadi»,—deydi Mexanika yig‘uv sexi boshlig‘i Rustam Daniyarov.

Mexanika yig‘uv sexida ayni kunlarga kelib texnologik ishlab chiqarish jarayonida muhim ahamiyat kasb etuvchi shesternalar, val-shesternalar, nasoslarning turli g‘ildiraklari tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasining ehtiyot qismlari ham ta’mirlanadi.

Sex o‘z faoliyatini dastlab O‘rta Osiyo mintaqasining O‘zbekiston, Qozog‘izston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalarida joylashgan tog‘-konchilik korxonalari texnologik  transportlarini kapital ta’mirlash va ularga ehtiyot qismlar tayyorlash bilan boshlagan. 

«Yaqinda «Uralmash» zavodidan og‘ir yuk ko‘taruvchi kran olib keldik. Sababi, bizning yangi sexda asosan katta hajmdagi ehtiyot qismlari ishlab chiqilgani sababli, uni inson ko‘tarish imkoniyatiga ega emas. Ehtiyot qism yasash bizda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab temir o‘zimizda eritilib, yarim tayyor mahsulot quyiladi. So‘ngra, o‘zimizda avvaldan bo‘lgan va yangi keltirilgan uskunalar yordamida tayyor mahsulot holiga keltiriladi. Oldingi ishlatilgan uskunalarimizda har bir jarayon  qo‘lda bajarilgan bo‘lsa, bugungi kunda buni avtomatlashtirilgan holda amalga oshirayapmiz. Mavjud dasturga bajarilishi kerak bo‘lgan ish haqida ma’lumot kiritiladi va jarayonga start beriladi. Bu vaqtda uskunalar uchun biriktirilgan maxsus xodim jarayonni muntazam kuzatib boradi»,— deya qo‘shimcha qiladi  R.Daniyarov.

«Olmaliq KMK» AJ Markaziy ta’mir-mexanika zavodining tarixi ishlab chiqarish quvvati  yiliga 1180 tonna pokovka, 1280 tn. miqdorida metall qurilmalarini tayyorlash hamda 3650 tonna miqdorida  tayyorlamalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodning Temirchilik va Qozon-payvandlash sexlari foydalanishga topshirilishi bilan boshlanadi.

Zavod qurilmalar, jihoz va uskunalar, avtotransportlar va maxsus texnikalarning ehtiyot qismlarini, detallarni mexanik ishlov bergan holda tiklash,  po‘lat, cho‘yan va rangli quymalarni tayyorlash, payvandlangan metall konstruksiya (qurilma)larni va nostandart uskunalarni tayyorlash, elektr shlakli quyish qo‘ymalarini quyish, tog‘-konchilik qurilma(jihoz)larini ishlab chiqarish, rezina-texnika mahsulotlarini gummirlash,  toshli(jinsli) quyish, kon-metallurgiya kombinatining  ehtiyojlari uchun  boshqa ish(vazifa)larni bajarish maqsadlarida tashkil etilgan. 

Sex OKMKning deyarli barcha bo‘linmalari buyurtmalarini tayyorlab keladi va tom ma’nodagi zavodning muhim zvenosi hisoblanadi. Har yili yangi o‘zlashtirilgan ta’mirlarning solishtirma hajmi 25 foizni  tashkil etmoqda.  

  • O‘tgan yili OKMK tomonidan 1,1 mlrd dollarlik eksport amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich prognozga nisbatan 142,4 foizga yetkazildi.
  • 2021 yilda kombinat tomonidan 148,5 ming tonna mis ishlab chiqarildi, reja 100,3 foizga bajarildi.
  • Oltin ishlab chiqarish rejasi 117,2 foizga, kumush 163,6 foizga, rux ishlab chiqarish rejasi 119,0 foizga bajarildi.
  • 2021 yilda 2,2 mln. tonna sement ishlab chiqarilib, 108,3 foizlik o‘sish sur’atiga erishilgan.

Mahalliylashtirish dasturi asosida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida 2021 yilda 41ta loyiha doirasida 82,1 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi belgilangan edi. Amalda esa 144,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, rejaviy vazifa 175,9 foizga bajarilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring