Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oltin zaxirasi: uning kattaligi mamlakat va xalqning boyligidan dalolatmi?

Oltin zaxirasi: uning kattaligi mamlakat va xalqning boyligidan dalolatmi?

Foto: «Goodmoneying.com»

Yaqinda jismoniy shaxslarga qimmatbaho metalldan iborat oltin yombilari va tangalari bilan bog‘liq bo‘lgan «ayrim ishlar»ga ruxsat berilganligi yana «O‘zbekiston do‘stlari»ni tashvishga solgan ko‘rinadi. Ularning ayrimlari «bunday ishning qilinishi natijasida mamlakat oltin zaxiralari kamayadi hamda bu davlat va xalqning kambag‘allashuviga olib keladi» degan tarzda «hamdardlik»liklarini bildirishmoqda.

Nazarimda, bunday xulosaga kelib, «do‘st»larim mo‘ljalga naq «aniq» urgan ko‘rinishadi. Haqiqatan ham, sirtdan qaralganda, «Kimning ixtiyorida oltin zaxirasi ko‘p bo‘lsa, u boy bo‘ladi», degan «falsafa»ga «oddiy xalq» laqqa tushib, ishonishi — turgan gap.

Lekin haqiqatan ham shundaymi? Iqtisod ilmining oddiygina «oltin qoida»lari bunga nima deb javob beradi? Mana u javoblarning ayrimlari:

  1. U yoki bu mamlakatda oltin zaxiralarining katta miqdorda «uyib» qo‘yilganligi shu mamlakat va xalqning boyligini ko‘rsatuvchi — «barometr» emas. Uning bunday tarzda harakatsiz turganligi boshqa metallning «uyib» qo‘yilganligidan aslo farq qilmaydi.
  2. Davlat va xalqni boy qilmoqchi bo‘lsa, «oltin zaxira»si ham bir chekkada «yonboshlab» yotmasdan, «ishlash»i kerak. Uni «ishlatish» esa — bu bir san’at. Hamma ham bu «baxt»ga sazovor bo‘lolmaydi. Jur’at ham qilolmaydi. «Ishlataman!» deb, «oltin zaxirasi»dan ajralib qolganlar — qancha. U, avvalo, «kalla»ni ishlatishni, puxta hisob-kitob va amalga oshmaslik ehtimoli nolga intiluvchi bashoratni taqozo etadi. Shunga qodir bo‘lsang, marhamat «oltin zaxirasi»ga tinchlik bermagin. Uni «ishlataver»!
  3. «Oltin zaxirasi»ni hamma vaqt ham «ishlatib» bo‘lmaydi. Unga nisbatan talab ortgan va baho ko‘tarilganda shu «ish»ni qilish mumkin. Ular esa doim ham sodir bo‘lavermaydi. Bunda fursatni boy bermaslik muhim ahamiyatga ega.
  4. Qaysi «variant» maqbul: davlat qo‘lining «kalta»ligi, aholining kambag‘allashuvi va «oltin zaxira»larining ishlatilmasdan «bosib» yotilganligimi yoki uni ishlatib, davlat «bel»ining baquvvat qilinganligi va aholi farovonligining yaxshilanishi?
  5. Oltin — bu umume’tirof etilgan «pul». Shu ma’noda uning tangadan farqi — yo‘q. Tanga esa doim «aylanishi» kerak. Zero, uning iqtisodiy (moliyaviy) tabiati, shak-shubhasiz, shuni taqozo etadi. Oltinni «aylantirish» yo‘li esa, uni «ishlatish»dir...

R.S. «Do‘st»larimizning mamlakatimiz oltin zaxirasini ishlatilayotganligiga nisbatan «g‘amxo‘rlik»u «hamdardlik»lari menga, beixtiyor, quyidagilarni eslatdi: yoshligimda (bundan 50 yil burun) qo‘shni qishloqda tevarak-atrofda «eng boy» sanalgan bir «bobo» (ismlari hamon yodimda — faqat uni aytolmayman) bo‘lardi; ul zot qahraton qishda ham, jazirama yoz issig‘ida ham «qirchang‘i» eshagining ustidan tushmas, oldidagi bir suruv (son-sanoqsiz) qo‘yini kechayu kunduz boqish — «parvarishlash» bilan band edi; ularning birortasini hech kimga, hatto farzandlari tugul o‘ziga ham «ravo» ko‘rmasdi; usti yangi to‘n yoki oyog‘i yangi etik «ko‘rgan»ligini eslolmayman; biror marta ham qo‘ylaridan birini so‘yib, «jiz-kabob» qilib, maza qilib yebdi, degan gapni eshitmaganman; hatto boshqa xonadonlardagi tekin to‘y-maraka oshini ham shoshib-pishib iste’mol qilar va o‘shanda ham xayoli qo‘ylarida bo‘lardi; «bobo» shunday kunlardan boshqasini ko‘rmasdan bu «bevafo» dunyodan «o‘tdi»; undan so‘ng esa uning qo‘ylariga bir «kasal» tegdi-yu, hammasi «qirildi- ketdi»; qo‘ylar — hech kimga nasib etmadi...

Xulosa chiqarish esa — yana Sizdan.

Tohir MALIKOV,

iqtisod fanlari doktori,

professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring