Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston (tashqi) qarzi: hushyorlikka chaqirishmi yoki vahima urug‘ini sochish?

O‘zbekiston (tashqi) qarzi: hushyorlikka chaqirishmi yoki vahima urug‘ini sochish?

Foto: «Zen.yandex.ru»

Yaqinda mamlakatimiz qarzi 19,4 mlrd. AQSh dollariga teng ekanligi, uning bu darajasi YaIMning 34,0%ini tashkil etishi, bu qarzning 17,3 mlrd. AQSh dollari yoki 90,0% tashqi qarz ekanligi e’lon qilindi-yu, «kimlar»ningdir «paytavasiga qurt tushdi». «Ba’zi birovlar» vahimaga tusha boshlashdi. Boshqalar esa bundan o‘zlarining «xavotir»da ekanliklarini izhor qilib, «Nega unday qilinyapti?» qabilidagi savollarini bera boshladilar. Oramizda bundan «tashvish»lanib, «Uni — undoq, buni — bundoq qilish kerak!» tarzida o‘z «tavsiya»larini berayotganlar ham topilayapti.

Nima bu? Bizni hushyorlikka chorlashmi? Yoki oramizda «vahima urug‘i»ni sochishmi? Balki, Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmaslikdir?..

Ne bo‘lganda ham, ularning nima ekanligini anglash uchun, eng avvalo, e’tiboringizni quyidagi raqamlarga qaratmoqchiman: dunyoning eng taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri bo‘lgan Yaponiyaning davlat qarzi YaIMga nisbatan o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 236,6%ni tashkil etgan. 2020-yil oxiriga kelib, uning 250,0%ga chiqishi kutilmoqda; e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevrohududda davlat qarzining YaIMga nisbatini ifodalovchi ko‘rsatkichning darajasi 2020-yilning 1-choragida o‘rtacha 86,3% foizni tashkil etgan; davlat qarzining YaIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan YeI davlatlari qatoriga Gretsiya — 176,7%, Italiya — 137,6%, Portugaliya — 120,0%, Belgiya — 104,4% va Fransiya — 101,2% kabilar kiradi.

Endi yuqoridagi raqamlarga asoslangan mening quyidagi fikrlarimga e’tibor bering: «qarz masalasi» shunchalik «yomon» bo‘ladigan bo‘lsa, YaIMga nisbatan deyarli 235,0-250,0%li qarzga ega yaponlar nega «jim»? 175,0%li qarzni «ko‘tarib yurgan» greklar nega o‘z «e’tiroz»larini bildirishmayapti? Qariyb 120,0-140,0%li qarzga «yaqinlashib qolgan» portugal va italyanlar nega «ayyuhannos» solishmayapti? Nima, 100,0-105,0%li qarzni «orqalab yurgan» belgiyalik va fransuzlar og‘ziga «talqon» solishganmi? Yoki ularning bari bir kuni kelib qarzning «boshga bitgan balo» bo‘lishini bizchalik bilishmaydimi? Bizdan «aaaaancha» oldin bozor qonunlariga rioya etib kelayotgan bo‘lishiga qaramasdan, ular bizdan ko‘ra soddami? Nega biz, bor-yo‘g‘i, 34,0%li qarzga ega bo‘lib, o‘zaro «jar» solishimiz kerak?..

Gardaniga shunchalik «qarz yuki» yuklangan bo‘lishiga qaramasdan yaponlar, greklar, portugallar, belgiyaliklar, fransuzlar va h.k.lar allaqachonlardan buyon «yallo» qilib yurishmayaptimi? O‘zlari erishgan iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan ular butun dunyoni hayratga solishmayaptimi? «Qarzga botgan» bu davlatlar mahsulotlarining sifatliligi va aholi turmush darajasining yuqoriligiga nima deysiz?..

«Qachon bizda ham o‘shalardagidek bo‘lar ekan?» — deb biz orzu qilayotgan mamlakatlar fuqarolari yaxshi yashayotganligining sabablaridan biri ular davlatlarining «qarz olish»dan qo‘rqmasligi emasmi? Jumladan, qarzning ijobiy jihatlaridan muvaffaqiyatli foydalanib, salbiy jihatlarining oldini olishga har qadamda tayyor turib, ular ana shunday havas qilinadigan natijalarga erishmayaptilarmi? Biz ham shu yo‘ldan borsak, buning nimasi yomon?..

Bunday vaziyatda davlat qarziga nisbatan «hushyorlikka chaqirish» yoki «vahima urug‘i»ni sochish, nahotki, maqsadga muvofiq bo‘lsa?..»

Tohir MALIKOV,

iqtisod fanlari doktori, professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring