Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda Davlat budjeti xarajatlari miqdori ma’lum qilindi

O‘zbekistonda Davlat budjeti xarajatlari miqdori ma’lum qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018-yil I yarim yillikdagi ijrosi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

Hisobot davrida O‘zbekistonda Davlat budjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 33 017,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

Davlat budjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani ta’minlanib, sohaga umumiy xarajatlarning 55,7 foizi miqdorida mablag‘lar sarflangan. Bunda asosiy e’tibor aholining real daromadlarini izchil oshirib borish va ijtimoiy himoya qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirishga, shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni ta’minlovchi arzon uy-joylar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga qaratilgani, ayniqsa, e’tiborlidir.

Aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, «Obod qishloq», «Obod mahalla», arzonlashtirilgan uy-joylar qurish singari ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish borasida Prezident tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat budjeti ijrosining ustuvor yo‘nalishlari bo‘ldi. Jumladan, ta’lim sohasiga ijtimoiy xarajatlarning 52,2 foizi ajratilgan, sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat budjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 4 178,8 milliard so‘mni tashkil etgan.

2018-yilda tez-tibbiy yordamni moliyalashtirish hajmi oshirildi. Hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarini markazlashgan tarzda dori vositalari va tibbiyotda qo‘llanish uchun mo‘ljallangan buyumlar bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etildi. Onkologiya muassasalarini moliyalashtirish hajmi 2017-yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, hisobot davrida qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar hamda internat uylariga – 52,8 milliard so‘m, kichik yoshdagi nogiron bolalar uchun internat-uylariga – 18,9, uy sharoitida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘linmalariga – 18,1, nogironlar reabilitatsiya markazlariga – 12 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga Davlat budjetidan 1 397,8 milliard so‘m miqdorda mablag‘lar yo‘naltirilgan. Birgina bolalikdan nogironlar uchun to‘lanadigan nafaqalarga Davlat budjetidan 511 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ushbu sohaga e’tiborning kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring