Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqaruvchi yirik korxona ishga tushiriladi

O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqaruvchi yirik korxona ishga tushiriladi

Foto: «dpchas.com»

O‘zbekistonda «Modern Powers Systems» kompaniyasi «Ipoteka bank» ATIB bilan hamkorlikda bir yilda 100 megavatt quvvatga ega quyosh panellarini chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushiriladi, deb xabar bermoqda «Xalq so‘zi».

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan mazkur korxona davlatimiz rahbarining «2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi va «Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilyapti.

Qiymati 25 milliard so‘mga teng bo‘lgan mazkur loyiha hayotga tatbiq etilishi bilan 150 dan ortiq yangi ish joyi yaratiladi. Kutilayotgan eksport imkoniyati yiliga 5 million AQSh dollarga teng.

Xususan, bu yerda bir necha turdagi — monokristalli va polikristalli, ko‘cha chiroqlarini va svetoforlarni quvvatlantiruvchi panellardan tortib har turdagi elektron kichik qurilmalarga quvvat beruvchi yonida olib yurish uchun mo‘ljallangan ixcham quyosh panellari ishlab chiqariladi. Korxona muhandislari Germaniya, Ispaniya, Italiya, Xitoy va Koreya Respublikasida malaka oshirib kelgan.

«Mazkur loyiha mamlakatimizda energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yana bir namunasi desak adashmagan bo‘lamiz. Zero, qishloq aholisi, fermerlar, tadbirkorlik sub’yektlari, maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlarga energiyani quyosh panellari ko‘magida yetkazib bersak, xalqimizning hayotini yanada farovon qilgan bo‘lamiz» — deydi «Modern Powers Systems» kompaniyasi rahbari Uyg‘un Narziqulov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring