Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qalbaki pullardan ehtiyot bo‘ling!

Qalbaki pullardan ehtiyot bo‘ling!

50 ming so‘mlik kupyura tomchi purkagich rangli printerda tayyorlanganligi, ushbu texnologiya O‘zbekiston milliy valyutasini ishlab chiqarish texnologiyasiga mos kelmasligi ko‘rsatilgan.

Foto: Novosti Uzbekistana

Dunyodagi qalbaki pullar tarixi haqiqiy pullar yaratilgan paytdanoq boshlangan. Ya’ni bunday pullar har doim bo‘lgan. Hatto buyuk faylasuf Diogen ham qalbaki pul tayyorlashda ayblangan. Rossiyalik sanoatchi Demidovlar o‘z zavodlarida shoh tangalarini shunchalik o‘xshatib yasashganki ancha vaqtgacha ikkala pullar ham bemalol ishlayvergan. Qadimgi Gretsiya va Rimda, O‘rta asrlarda va hozirgi kunda ham qalbaki pullar bor. Mana shu satrlarni o‘qiyotgan paytingizda qaysidir qalbaki pul yasovchi o‘zining yangi “asari” ustida ter to‘kmoqda. Eh, qalbaki pul yasovchilarning bu boradagi ixtiro va intilishlari... Agar ular bu qobiliyatlarini taqiqlanmagan sohalarga yo‘llaganlarida bormi, taraqqiyot anchagina odimlagan bo‘lardi.

Interpolning yetakchi davlatlarga valyutalar dizaynini har 2-3 yilda o‘zgartirib turish bo‘yicha bergan tavsiyalari bejizga emas. Soxta pul yasovchilar taxminan ikki yil muddat ichida har qanday valyutani qalbakilashtirish tizimini ishlab chiqadilar va pullarni muomalaga kiritishga ulguradilar. Qalbaki pul yasovchilar mamlakatlar va hatto dunyo iqtisodiga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararning ko‘lamini hisoblab chiqish qiyin. Lekin shuni aytib o‘tish mumkinki qadimda qalbaki pul butun bir davlatlar iqtisodining jarga qulashiga sababchi bo‘la olganlar. Quyida e’tiboringizga qalbaki pul yasovchilar va ularning kirdikorlari bilan bog‘liq qiziqarli faktlarni havola qilamiz.

 

  • Yoshi kattaroq yurtdoshlarimiz yaxshi eslashadi, sobiq ittifoq davrida 10 va 25 rubllik pullar ayniqsa qadrlanardi. O‘ntalik chet ellarda ham o‘tishi uchun, yigirma beshtalik chiroyli dizayni uchun to‘planar, kamyob hisoblanardi. Hali-hanuz qalbaki pul yasovchilar orasida afsonaga aylangan va alohida tilga olinadigan ittifoq fuqarosi, Stavropol o‘lkasida yashovchi Viktor Baranov aynan mana shu - tayyorlanishi juda murakkab bo‘lgan 25 rubllik pullarni qalbakilashtirishga kirishadi. O‘z vaqtida SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lgan Mixail Gorbachevga haydovchilik ham qilgan Viktor Baranov boshlig‘idan kam shuhrat qozonmadi. U yasagan pullar shu darajada sifatli, aslidan farq qilmaydigan darajada ediki uni qo‘lga olgan militsionerlar maxsus yasalgan stanok yonida chop etib tayyorlab qo‘yilgan pullarni ko‘rib og‘izlari ochilib qolgandi. Baranov bu ishga 1963-yilda kirishgan. Garchi o‘sha yillari sobiq ittifoq raketa uchirgan, atom qurollarini dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgan bo‘lsada, qalbaki pul yasovchilar uchun zarur bo‘lgan oddiy printer, kseroks kabi uskunalar hali mutlaqo yo‘q edi. Baranov bu ishga astoydil kirishadi va poligrafiya uskunalari va usullari bo‘yicha qo‘llanmalarni o‘rganib chiqa boshlaydi. Bilimlari, qobiliyatini naqd 12 yil davomida uy sharoitida qalbaki pul yasash texnologiyasini yaratishga sarflagan Baranov 1975-yilga kelib dastlabki, aslidan aslo farq qilmaydigan 25 talikni tayyorlaydi. Bu paytga kelib doimo mahsulotlar tanqisligidan aziyat chekib kelgan sobiq ittifoqda ham pulga anchagina kamyob hisoblanadigan narsalarni ham topish mumkin bo‘lib qolgandi. Viktor Baranov shoshilmasdan, ikki yil davomida 33 ming rubl tayyorladi, lekin ularning ko‘pini ishlata olmadi, ehtiyotsizlik tufayli qo‘lga tushib qoldi. Sud Baranovni 12 yilga - qalbaki pul tayyorlashga qancha vaqt sarflagan bo‘lsa shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Lekin u bilan Gosznak tashkiloti qiziqib qoldi. Chunki u yaratgan texnologiya shu darajada mukammal ediki, Baranovning ayrim uslublari davlat tomonidan ham qo‘llanila boshlandi! Diqqat qiling, vaqtlar o‘tib butun mamlakat aslida qalbaki pul yasovchi bo‘lgan Baranov texnologiyasi bo‘yicha yaratilgan pullarni ishlata boshladi. Qamoqdan chiqqanidan so‘ng ixtirochi har qanday jinoiy ishlarga chek qo‘yib biznesga kirishdi. Uning qo‘liga qalbaki pul tushib qolganida bu pullarni yasovchilarning uquvsiziligidan kulib qo‘yardi;
  • AQSh dollari AQShning o‘zida ham, boshqa davlatlarda ham eng ko‘p qalbakilashtiriladigan valyuta hisoblanadi. Dastlab oq-qora ranglarda bo‘lganida fotografiya ixtiro qilindi-yu hammayoqni qalbaki pullar bosib ketdi. Eng qizig‘i AQSh Maxfiy xizmati 1865-yilda aynan qalbaki pul yasovchilarga qarshi kurashish uchun maxsus tuzilgan. O‘sha paytda har uchta dollardan bittasi qalbaki edi. AQSh Federal Zaxira tizimi (Markaziy Bank) tuzilganidan so‘ng valyuta chop etilish bo‘yicha yagona tizim yo‘lga qo‘yildi. Unga qadar har bir bank o‘zicha valyuta chop etavergan. Qalbaki pul yasovchilar bilan kurashish maqsadida dollar avval yashil, hozirda esa qizg‘ish tusga kirdi;
  • Dollarni qalbakilashtirganlar orasida eng mashhurlari aka-uka Dyuponlardir. 1970-yillarda to‘rt aka-uka hamjihatlikda 112 mln dollar qiymatga ega qalbaki dollarni muomalaga kiritib yuborganlar. Emanuel Ninjer esa pullarni chop etmas, har birini alohida chizib chiqardi. Uning xotini va to‘rt nafar farzandi pul topish uchun fermalarida uzzukun ishlaganlarida Ninjer uyiga qamalib olib pul “chizardi”. Ellik dollar ustida Ninjer 4-5 kun mehnat qilar, bir oylik pullarini to‘plab, oyning oxirgi jumasida tayyor pullarini ishlatib kelardi. “Og‘ir mehnat”dan charchagan Ninjer bir safar ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ydi. Chizgan puliga “Gravirovka va chop etish byurosida chop etildi” degan so‘zlarni yozishni unutdi (to‘g‘rida, pul u yerda chop etilmagan bo‘lsa...). Buni sezib qolgan bir ehtiyotkor barmen uni tutib berdi;
  • Ikkinchi jahon urushidan keyin polshalik quruvchi-muhandis Cheslav Boyarski Fransiyaga kelib qoldi va ortga qaytishni istamadi. Muhtojlik uni eng zoriqqan narsasi – pullarni o‘z qo‘li bilan yaratishga undadi va Boyarski qalbaki franklar yasashga kirishib ketdi. Yaxshigina bilimga ega bo‘lgan Cheslav ishni ko‘pchilik singari bo‘yoq va qoliplar yasashdan emas, sifatli qog‘oz yaratishdan boshladi. Nihoyat anchagina urinishdan so‘ng u o‘ziga xos shiqirlaydigan qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasini yaratdi. Pulsizlikdan qiynalsada, shoshmadi. Qolipni ham bo‘yoqni ham a’lo darajada tayyorladi va rosa 16 yil davomida qalbaki pul yasayversada, qo‘lga tushmadi. Uning ham ehtiyotsizlik boshiga yetdi. 1966-yilda ishlab chiqarish jarayoniga qarindoshini jalb qildi va unga ham tabiiyki o‘z pullarida haq to‘ladi. Qarindoshi esa bu pullarga qimmatli qog‘ozlar sotib oldi va kuzatuv ostiga tushdi hamda oxir oqibat Boyarskini ham tutib berdi;
  • Muomalaga kiritilganiga ko‘p bo‘lmagan Yevro ham allaqachon qalbakilashtirila boshlangan. Garchi dollar singari qalbaki pul yasovchilarning sevimli valyutasi bo‘lmasada (Yevro dollarga nisbatan 10 marta kamroq qalbakilashtiriladi) 50 yevrolik kupyuralar eng ko‘p “yasaladi”. Italiyalik Jovanni Sassano 1 va 2 Yevrolik tangalarni ham a’lo darajada zarb qilgan;
  • Qadimda butun boshli davlatlar ham qalbaki pul yasashga aralashganlar. Eramizdan avvalgi VI asrda Korinfda tangalar o‘z qiymatiga teng bo‘lgan. Ya’ni 1 tanga shunga yarasha oltinga ega edi. Davlat tanqislikni bartaraf etish maqsadida oddiy temirga oltin qoplab muomalaga chiqarib yuboradi. 446-385 yillarda bo‘lib o‘tgan Peloponness urushidan keyin qalbaki tangalar shu darajada ko‘p zarb qilib yuborildiki mamlakat iqtisodi butkul tanazzulga yuz tutdi;
  • Napoleon Rossiya iqtisodini yemirish uchun maxsus ustaxona qurdiradi va qalbaki rubllar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu pullar shu darajada sifatli ediki, xom-ashyosi asl rubllardan ham sifatliroq ekanligi tufayli ham sezilib qoladi;
  • Gitler dunyo valyutalarini qalbakilashirishga va shu yo‘l bilan mamlakatlar iqtisodiga zarar yetkazishga alohida e’tibor qaratadi. Germaniyada bu boradagi tashkilotlar shu darajada ko‘p ediki, Ikkinchi Jahon urushidan keyin ham, 1955-yilga qadar Germaniyaga hatto milliy valyutani ham chop etish mutlaqo ta’qiqlab qo‘yildi. Nemis pullari maxsus belgilarsiz Londonda chop etib berildi;
  • Har qirqinchi 1 funt-sterling tangasi, har o‘n minginchi 100 dollarlik pullar qalbaki;
  • Britaniyalik qalbaki pul yasovchi Markus Glindon 14 millionta 1 funtlik zarb qilb yuborgan va qo‘lga tushib 5 yilga qamalgan;
  • Hozirgi shakldagi birinchi bank - «Banca Monte dei Paschi di Siena» banki 1472-yilda Italiyada ochilgan va qalbaki pulga qarshi kurashishning yangi davri boshlandi;
  • Albatta e’tibor bergan bo‘lsangiz kerak hamma tangalarning cheti g‘adir-budir qirg‘oqqa ega. Buning ham o‘ziga xos tarixi bor. Bir vaqtlar tangalarning nafaqat o‘z qiymati, balki qimmatbaho metallning ham miqdori bo‘lgan. Ustamon odamlar tangalarning chetini kesib olib qolganini muomalaga kirgizib yuboraverishgan. Bunga qarshi kurashish uchun g‘adir-budir qirg‘oqli tangalar zarb qilingan va ular bo‘lmagan tangalar o‘tmagan. Hozirda tangalardagi metalldan foydalanib bo‘lmasada, ular an’anaga ko‘ra qirg‘og‘i bilan zarb qilinmoqda;
  • Qalbaki pul yasovchilar AQSh valyutalarida surati tasvirlangan yagona ayol Marta Vashington bilan zarb qilingan 1 $ lik kumush tangalarni ham qalbakilashtirishgan;
  • AQShdagi birinchi qog‘oz pullar 1861-yilda Fuqarolik urushini moliyalashtirish maqsadida chop etilgan. Bu pullarni G‘aznachilik byurosining chordog‘ida olti kishi tayyorlagan;
  • Qadimda yirik shoxdor qoramollar, chig‘anoqlar, patlar va hatto kakao donalari pullar o‘rnidagi eng qadimiy muomala vositalari hisoblangan. Qalbaki pul yasovchilarning ishlarini ko‘rib bu vositalar bekor qilinganiga ham achinib ketasan kishi.

     

    Garchi qadri yetakchi xorij valyutalari kabi bo‘lmasada, milliy valyutamiz ham vaqti-vaqti bilan qalbakilashtirib turiladi. Xususan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xonqa tumanida qalbaki pullarni yasash va o‘tkazish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh qilingan. O‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida N.Madrahimovga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda bir xil seriya va raqamli 592 dona 1000 so‘mlik qalbaki kupyura, har birining orqa va oldiga 4 donadan kupyura tasviri tushirilgan, ammo qirqishga ulgurilmagan 25 dona A-4 formatdagi qog‘oz, 1000 so‘mlik kupyuralarni o‘rashga mo‘ljallangan 992 dona belbog‘ va o‘n dona paketcha borligi aniqlangan. Tergov jarayonida jinoiy guruh jami 1,1 million so‘mlik qalbaki kupyuralarni yasaganligi va bir qismini muomalaga kiritganligi ma’lum bo‘lgan.

    Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan K.Hoshimjonovaning arizasida yozilishicha, o‘ziga tegishli bo‘lgan savdo do‘konida savdo qilayotgan vaqtida Epica rusumli 10 N 110 FA davlat raqam belgili avtomashinada to‘rt nafar noma’lum shaxs kelgan.

    Ular undan 26 ming so‘mga narsalar xarid qilib, to‘lov uchun 50 ming so‘mlik kupyura berib ketishgan. Ayol ular ketishganidan so‘ng kupyura haqiqiy ekanligiga shubha tug‘ilib, bu haqda IIB xodimlariga xabar bergan. Shuningdek, surishtiruv jarayonida U.Mirzarahmatov, F.Nosirov, A.Abdurahimov va F.Gilyazovlar Toshkent viloyati, Chinoz tumani, Yallama MFY hududida joylashgan "Baliq" choyxonasida ovqatlanib, 235 ming so‘m ichiga 1 dona qalbaki 50 ming so‘mlik kupyurani qo‘shib to‘lov qilganligi aniqlanib, ushbu kupyura daliliy ashyo sifatida olingan.

    Viloyat IIB EKBning xulosasida, taqdim qilingan seriya raqamlari bir xil — AW 1617005 bo‘lgan ikki dona 50 ming so‘mlik kupyura tomchi purkagich rangli printerda tayyorlanganligi, ushbu texnologiya O‘zbekiston milliy valyutasini ishlab chiqarish texnologiyasiga mos kelmasligi ko‘rsatilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring