Senat soliq va budjet siyosatiga oid qonunni ma’qulladi
Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida «Soliq va budjet siyosatining 2019-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Qonun 5 moddadan iborat bo‘lib, Budjet kodeksi, Soliq kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan fuqarolarning mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlaridan budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarining bekor qilinishi munosabati bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlarda fuqarolarga pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar to‘lash uchun ish haqi va ish stajini hisoblashda yagona ijtimoiy to‘lov hisoblangan barcha mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari inobatga olish taklif etilmoqda.
Qonunda soliq sohasiga joriy etilgan yangiliklar natijasida Soliq kodeksining 80 tadan ortiq moddasiga hamda 2019 yilgi budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq Budjet kodeksining 71, 72, 122 va 164-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar o‘z aksini topmoqda.
Xulosa qilib aytganda, qonun 2019-yilgi budjet va soliq siyosatining prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosini ta’minlashga, qonunchilikning alohida normalarini aniq qo‘llanilishiga, budjetlararo munosabatlar va soliqqa tortish sohalaridagi alohida masalalarini tartibga solishning zarur huquqiy sharoit yaratadi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter