Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti o‘rinbosarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti o‘rinbosarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jahon banki prezidentining o‘rinbosari Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, mamlakatimizda va umuman mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida amaliy hamkorlik darajasini oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda davlatimz rahbari Anna Berdeni Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuksak darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bankning har tomonlama ko‘magi bilan mamlakatimizda bozor islohotlari va ijtimoiy yangilanishlar dasturini amalga oshirish davom etayotgani ta’kidlandi.

Jahon banki guruhining tuzilmalari ishtirokidagi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar majmui belgilangan «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda. «Mamlakat platformasi» tizimi joriy etilgan.

Loyihalarning umumiy portfeli 7 milliard dollarga yetmoqda. Hozirgi dastur ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport kabi ustuvor sohalar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan umumiy qiymati 4,1 milliard dollarlik 23 ta loyihani o‘z ichiga olgan.

Jahon banki pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish maqsadida birinchilardan bo‘lib yordam ko‘rsatdi. Birgina o‘tgan yilda 1,6 milliard dollarlik yangi loyihalar ma’qullandi.

Bundan tashqari, Bank ekspertlari maslahat-texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, elektr energetikasining barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishda ishtirok etmoqda. Muqobil energiya manbalarini joriy qilish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Delegatsiya tashrifi davomida suv ta’minoti tizimini yaxshilash va innovatsiyalar sohasidagi milliy siyosatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qiymati qariyb 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon banki bilan yangi besh yillik Sheriklik dasturini puxta tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishib olindi.

Jahon banki prezidenti o‘rinbosari Anna Berde bank mamlakatimizdagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yuksak baholashi va ularni amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishda davom etishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston tarixan qisqa davrda juda katta ishlarni amalga oshirdi. Islohotlar mamlakatning ham ichki, ham tashqi qiyofasini fundamental ravishda o‘zgartirib yubordi. Shu tufayli mamlakatingiz xorijiy investorlar uchun jozibador», — dedi yetakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Jahon banki bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha taklif etilgan yangi kun tartibi to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Xususan, kun tartibidan quyidagi sheriklik yo‘nalishlari o‘rin olgan:

- mamlakatda kambag‘allikni, eng avvalo, qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish orqali qisqartirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash;

- sezilarli natijalarga erishish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish maqsadida oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar samaradorligini oshirish;

- respublika hududlarini jadal industriallashtirish dasturini amalga oshirish va o‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasini davom ettirish;

- taraqqiyotning innovatsion modeliga o‘tish, «yashil iqtisodiyot»ni joriy qilish;

- yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni davom ettirish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish va davlatning rivojlanish institutlari salohiyatini oshirish;

- yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini birgalikda ilgari surish.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning yuksak sur’atlarini davom ettirish, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi strategik sheriklikka doir ustuvor dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida doimiy muloqotlar va samarali almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring