Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shoshilinch! Pul to‘laganlar ham bu yil yangi mashina minolmaydi

Shoshilinch! Pul to‘laganlar ham bu yil yangi mashina minolmaydi

«UzAuto Motors» AJ kompaniyasi 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida yetkazilishi kerak bo‘lgan mashinalarni yana 2 oyga, ya’ni 2022 yil fevralgacha cho‘zganini ma’lum qildi.

«UzAuto Motors»ga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli, yarimo‘tkazgichlardan tayyorlangan butlovchi qismlar yetishmovchiligi hamda global logistika muammolari sababli, kompaniya 3.1.1-bandini qo‘llashga hamda 3.1-bandda ko‘rsatilgan avtomobillarning kutilayotgan yetkazib berish muddatini 2 oyga uzaytirishga majbur», deyiladi rasmiy xabarda.

Aniqroq aytganda, bundan bir necha oy oldin qariyb to‘liq to‘lov qilib, haligacha mashinasi chiqishini kutayotgan xaridorlar joriy yilda salondan yangi avtomobil minib chiqolmaydi. Chunki yana o‘sha yarimo‘tkazgichlar sababchi.

Yarimo‘tkazgichar mojarosi shu yil oktyabr oyida boshlangandi. O‘shanda «UzAuto Motors» yarimo‘tkazgichlarni bahona qilib, 4-pozitsiya «Chevrolet Cobalt» mashinasini o‘rindiq isitish modulisiz sotishga uringandi.

Ushbu masalani Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘rganayotgan edi. Lekin oradan bir oydan ziyod vaqt o‘tsa hamki, o‘rganish natijalari haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.

«UzAuto Motors» AJning o‘z mijozlariga bu tarzda hurmatsizik qilishi birinchi marta emas, hattoki bunga odamlar ham o‘rganib qoldi. Masalan, avgust oyida Lacetti uchun qariyb 25 000, Cobalt uchun esa salkam 8 000 ta odam navbatda turgandi. Buning sababi asosan ishlab chiqarish kamayib ketganida edi.

2020 yilga qaraganda bu yil deyarli barcha modellarni ishlab chiqarish to‘xtatilgandi, ayniqsa, Spark. Buning ortidan avgustda mashina sotib olishni istab, to‘lov qilgan odam avtomobilni 2022 yil bahorida minardi. Natijada esa bir necha oy oldin «shapka» berish yana qaytgandi, UzAuto Motors rad etgan bo‘lsa ham. Demak, bugun cho‘zilgan 2 oy ham aslida yana uzaytirilishi mumkin. Chunki avgustdagi elektron navbatlar soni bahorni ko‘rsatgan edi.

Xorijlik malakali mutaxassis ekani aytilgan Bu Anderssonning «UzAuto Motors» AJga bosh direktor bo‘lishi ham mijozlar ustidan kulish holatlarini kamaytirmadi. Aksincha, uning davrida «UzAuto Motors» «Chevrolet Captiva 5» avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni to‘xtatgandi.

Bu taqlid monopoliya ijtimoiy tarmoqlarda, yangilik saytlarida ko‘p bor tanqid qilinganiga biror marta aytarli reaksiya bildirmagan «UzAuto Motors» Inkuzart tomonidan devorga chizilgan graffitini bir kunda o‘chirtirishga erishgandi.

Ko‘cha rassomining ijod namunasida Chevrolet savdo belgisi ostida avtomobillar ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors kompaniyasi monopoliyasiga ishora qilib, mashina olish uchun uzun navbat aks ettirilgandi. Shuningdek, navbat boshida turgan insonning qizil bosh kiyimi «shapka» tizimiga ishora edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring