Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Soliqlar chindan ham kamaydimi? Murakkab o‘zgarishlarga sodda bir nazar

Soliqlar chindan ham kamaydimi? Murakkab o‘zgarishlarga sodda bir nazar

Foto: «Xabar.uz»

– Birinchi yanvardan soliqlar kamayar ekanmi?

– E, ishonmayman, aksincha, qiyin bo‘lar ekan.

– Nega unday deyapsan?

– Bilmadim,odamlar shunday deyapti-da...

Bu mazmundagi suhbatlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Odamlar nimalardir o‘zgarishini eshitishgan, aynan nimalar o‘zgarishini bilishmaydi. Shu sababli turli shubha-gumonlar, qo‘rquvlar yuzaga kelyapti. O‘zgarishlarga shubha bilan qarash qon-qonimizga singib ketgan.

Men ham o‘sha bilmagani uchun qo‘rqadiganlar toifasidan edim. Shubhalarimga chek qo‘yish maqsadida o‘zimcha tadqiqot o‘tkazdim.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarni bir qarab chiqdim. Tushunmagan joylarimni iqtisodchi-huquqshunoslardan so‘radim. Anglaganlarim va e’tiborli deb bilganlarim quyidagi o‘zgarishlar bo‘ldi:

1. 4 ta o‘rniga 1 ta. 1 ta soliq turi va 3 ta davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar yo‘q bo‘lyapti. O‘rniga 1 ta soliq turi kiritilyapti.

Chiqarib tashlanyapti: 1) benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq; 2) yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar; 3) budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning sug‘urta badallari (8 foiz to‘lardik-da o‘ziyam); 4) davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar.

Kiritilyapti: avtotransport yig‘imlari.

Tushunishimcha, yoqilg‘i va yo‘l uchun soliqlar o‘rniga “avtotransport yig‘imlari” degan bitta soliq kiryapti, ammo qolgan ikkita majburiy to‘lov shunday chiqarib tashlanyapti.

2. Soliq miqdori kamayyapti. Ilgari 22-24 foizlab to‘lagan daromad solig‘imiz (eng ko‘p to‘laydigan solig‘imiz) 12 foizga tushirilyapti (pensiya jamg‘armasiga to‘lov ham shuning ichida).

Quyida shartli ravishda 1,5 million so‘m, 2 million so‘m va 2,5 million so‘m oylikdan to‘lanadigan soliqlarni solishtirib chiqamiz.

 

1 yarim million so‘mdan

2 million so‘mdan

2 yarim million so‘mdan

2018 yil

277 ming 74 so‘m

416 ming 230 so‘m

568 ming 730 so‘m

2019 yil

180 ming so‘m

240 ming

300 ming so‘m

Farq

97 ming 74 so‘m

176 ming 230 so‘m

268 ming 730 so‘m

Demak, soliqlarni kam to‘laymiz. Bu eng yaxshi o‘zgarish!

Oila budjetiga har oyda kirayotgan qo‘shimcha 100 ming so‘mga 4-5 ta yaxshi kitob beradi, bitta farzandingizni sport klubiga berishingiz mumkin va hokazo. Xullas, to‘y emas, foydaliroq ishlarga investitsiya kiritsak, qanchalik o‘sishimiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i ham 12 foizga tushirilmoqda (tijorat banklari, sement ishlab chiqaruvchilar, polietilen granula ishlab chiqaruvchilar va mobil operatorlar bundan mustasno).

Tadbirkorlar ilgari butun pul aylanmasidan soliq to‘lagan bo‘lsa, endi faqat foydadan to‘lar ekan.

Masalan, o‘rtacha 3 milliard so‘mlik yillik pul aylanmasi bor nashriyot (nashriyotlar QQSdan ozod qilingan) 2018 yilda 150 mln so‘m soliq to‘ladi, ya’ni shu 3 milliardning 5 foizini soliqqa berdi. 2019 yilda esa u 3 milliarddan emas, ko‘rgan foydasidan soliq to‘laydi. Olaylik, 500 million foyda ko‘rsa (o‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, 15 foiz rentabellik ko‘pchilik nashriyotlarga xos), 60 million so‘m to‘laydi.

3. “Moliya bo‘limi” o‘yindan tashqari. Soliqni qaytarish tizimidan “moliya bo‘limi” chiqarib tashlanmoqda. Masalan, ortiqcha soliq to‘ladingiz, uni qaytarib olishingiz kerak. Buning uchun soliq inspeksiyasiga ariza yozardingiz, ariza moliya bo‘limiga yuborilardi, moliya uni ko‘rib chiqardi, undan g‘aznachilikka o‘tardi, ana undan so‘ng pul qaytardi. Endi bu zanjirdan moliya bo‘limi chiqarib tashlanibdi. Ya’ni yo‘l qisqardi, ortiqcha to‘langan soliq tezroq ortga qaytadi deb o‘ylashga asos bor.

4. Egiluvchan nazorat. Rejali va rejasiz soliq tekshiruvi bekor qilinib, egiluvchan soliq ma’murchiligi joriy etilmoqda. Bu nima degani? Prezident aytgan “samarali soliq ma’murchiligi” tushunchasi yodingizdadir. Bu tizim aynan shuni ta’minlash uchun joriy etilyapti. Endi avvalgidek rejali (maxsus nashrlarda avvaldan e’lon qilinadigan) va kelib boshdan oyoq tekshiriladigan nazorat tizimi yo‘q. Uning o‘rniga xronometraj ko‘zdan kechirish, mavzuli ekspress o‘rganish, soliq monitoringi kabi turli usullar kiritilmoqda. Joyiga qarab, maqsadga muvofiq usul tanlab nazorat qilinaverarkan.

Nazorat turining ko‘payishi yaxshimi yoki yomon? Buning mantig‘i shundaki, soliqlarni kamaytirdikmi, endi uni intizomli tarzda muntazam to‘lab borishingizni tekshiramiz, deyilyapti.

5. Qimmatli bir kun. Penyalar oshirilmoqda, ilgari to‘lovning belgilangan muddatidan o‘tib ketgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya to‘langan bo‘lsa, endi 0,045 foiz to‘lanadi. Yana muddatning oxirgi kuni soliq to‘lansa ham, penya hisoblanar ekan. Oxirgi kunga taqamang, qimmatga tushasiz. Ustiga ustak, DSI shu penyalarni tekshiruv natijalari bo‘yicha hisoblasa, buning uchun ham to‘lov olarkan.

6. Amortizatsiya pasaytirilyapti. Amortizatsiya degan to‘lov turi bor, tadbirkorlar yaxshi bilishadi. Ancha pul bo‘ladi buyam. Endi mahsulot tannarxini pasaytirish uchun ayrim mol-mulk guruhiga yillik amortizatsiyaning eng yuqori chegaralari kamaytirilibdi. Xususan, binolar, imoratlar uchun 5 foizlik amortizatsiya 3 foizga, harakatlanuvchi transport uchun 8 foizlik amortizatsiya 4 foizga kamaygan.

7. Soliqdan ozod etilgan xarajatlar. Foyda solig‘ini hisoblashda ayrim xarajatlar endilikda inobatga olinmaydi. Olaylik, korxona xodimlarini teatrga yoki yozda toqqa olib chiqsa, obodonlashtirish uchun pul o‘tkazsa, shu xarajatlardan ham soliq to‘lar edi. Endi to‘lamaydi. Bu yerda ro‘yxat ancha uzun ekan. Lekin umumiy hisobda olinganda, ilgari ko‘plab soliqqa tortilgan xarajatlar endi tortilmayapti.

8. Dividendlardan kamroq soliq to‘laymiz. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida to‘lanadigan daromadlar ilgari 10 foizlik soliqqa tortilardi, hozir  5 foizli stavka bo‘yicha soliq solinadi.

9. Hamma teng. Ichki ishlar, FVV, sud, prokuratura, DXX, mudofaa vazirligi xodimlariga berilgan soliq imtiyozlari bekor qilindi. Endi ular ham hamma qatori soliq to‘lashadi. Ularning maoshlari boshqalarga nisbatan yuqori ekani hisobga olinsa, demak, soliqni ham ko‘proq to‘lashadi.

10. Yagona ijtimoiy to‘lov stavkalari tushirildi. Yagona ijtimoiy to‘lov – korxonaning ish haqi tarzidagi daromadlar uchun to‘laydigan soliqlari (har bir xodim uchun to‘laydigan soliqlari). Soliq ko‘payib ketadi deb korxona rahbarlarining ishchilarni rasmiylashtirmay, konvertda maosh berishlari sababi aynan mana shu soliq turi bo‘ladi.U xufyona iqtisodni yuzaga keltiruvchi omillardan. Ushbu soliq ilgari 15 foiz edi, endi 12 foiz bo‘libdi (ayrimlar hatto 25 foiz to‘lar edi). Natijada iqtisod qilingan mablag‘ni xodimlarning ish haqini oshirishga sarflash tavsiya etilmoqda.

11. Mol-mulk solig‘ida o‘zgarishlar. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 dan 2 foizga kamaytirilgan. Ya’ni yuridik shaxs ishlatilmay yotgan mol-mulki uchun  ko‘proq soliq to‘lar ekan. Shuningdek, belgilangan muddatda qurib bitirilmagan qurilish ob’yektlari ham soliqqa tortilarkan. Prezident aytgan “20 yillab bo‘sh yotgan binolar” esingizdami? Ulardan foydalanishni rag‘batlantirish uchun bu soliq oshirilibdi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga soliqlar oshishi mumkin. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha Vazirlar mahkamasiga takliflar kiritishi kutilyapti.

Yana ko‘p o‘zgarishlar bor, ularni mutaxassislar yaxshi tushunishadi va tushuntirishadi. Men soliq tizimidagi o‘zgarishlarni oddiy fuqaro nazari bilan o‘rganib, ularning insonlar kundalik hayotiga qanday ta’sir o‘tkazishini anglashga harakat qildim.

Qisqa xulosa shuki, soliq yuki yengillatilyapti, ammo nazorat kuchaytirilyapti. Soliqlarni muntazam va haqqoniy to‘lab borsak, o‘zaro ishonch va tushunish paydo bo‘lsa, qonunga itoatkorlikni namoyon etsak, o‘zaro va davlat bilan munosabatlarda halol bo‘lsak, islohotlarning eng nozik va murakkab davridan muvaffaqiyatli o‘tamiz.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring