Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tashqi qarz: er yer sotmaydi!

Tashqi qarz: er yer sotmaydi!

Foto: «Russian.eurasianet.org»

Shu kechayu kunduzda davlatimiz tashqi qarziga nisbatan «xavotir»li yoki «aniqlashtiruvchi» savollardan biri quyidagicha yangramoqda: «Agar olingan tashqi qarzlarni qaytarish imkoni bo‘lmasa, uning evaziga davlat o‘z hududidan bir qismini qarz to‘lovi sifatida berishi rostmi?» Savol shu darajada «qo‘rqinchli»ki, unga zudlik bilan javob bermasak — bo‘lmaydi. Axir yurtdoshlarimizning bir qismini Vatanimiz hududining «bir bo‘lagi»dan ajralib qolish xavfi bezovta qilmoqda.

Aslida, bu savolga bir og‘iz so‘z bilan javob berib, «Yo‘q, rost emas! Yolg‘on!» — deb qo‘ysak ham bo‘ladi. Lekin bu o‘rinda biz «keyin»ini ham o‘yladik. Shu munosabat bilan bu savolga javob berish jarayonida, hech bo‘lmaganda, «muammo»ning bir necha jihatlarini qayd etib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik. Marhamat, ulardan ogoh bo‘ling:

  1. Avvalo, shunday savolni «ko‘targan» yoki kun tartibiga «qo‘ygan» yurtdoshimizga rahmat. Zero, bu umuman «qarz masalasi»da va, shu jumladan, davlatimiz tashqi qarziga nisbatan befarq emaslikni ifodalaydi;
  2. Aslida, bu savolning javobi faqat uni «ko‘targan» yurtdoshimiznigina emas, balki Ona-Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir hamyurtimizni ham qiziqtirishi, tabiiy;
  3. Buning ustiga, savol «g‘oyib»dan yoki «bejiz» paydo bo‘lgani yo‘q. Zero, OAVda yoki internet turli sahifalarida qo‘shnimiz Tojikiston hududi bir qismining tashqi qarz bilan bog‘liq ravishda Xitoyga uzoq muddatli ijaraga berilishi xususida «xabar»lar «urchib» ketganligini ko‘pchiligimiz bilamiz;
  4. Eng umumiy ko‘rinishda, davlat tomonidan olingan tashqi qarzning qay shaklda qaytarilishi uni bergan tomon (qarz beruvchi) bilan hamkorlikda tuzilgan shartnomada shu masala bo‘yicha tomonlarning, jumladan, qarz oluvchining ham, qanday to‘xtamga kelinganligiga bog‘liq. Bu narsa ana shu shartnomada, albatta, aks ettiriladi;
  5. Odatda, shartnomada olingan tashqi qarzning butun dunyo miqyosida «oldi-berdi», ya’ni fan tilida aytadigan bo‘lsak, erkin konvertatsiya qilinadigan (almashtiriladigan) valyutalardan birida (AQSh dollari, yevro, funt sterling, iyena va b.) qaytarilishi ko‘zda tutiladi;
  6. Ayrim hollarda, istisno tariqasida, davlat tashqi qarzini qaytarishda «pul»ning o‘rniga boshqa bir «tovar»dan (masalan, gaz, neft, oltin, texnologiya va b.) ham foydalanish mumkin. Biroq hozirgi paytda davlat tashqi qarzini qaytarishning «tovar» shaklidan amaliyotda deyarli foydalanilmaydi;
  7. Mamlakat hududining bir qismidan davlat qarzini qaytarishda foydalanish «amaliyot»ini tarix bilmaydi. To‘g‘ri, bir zamonlar, masalan, Fransiyaning Elzas va Lotaringiya viloyatlarini Germaniya «olib» qo‘ygan. Hozirgi Polshaning yerlari ham bir paytlar «talon-taroj» qilingan. Lekin ular hech birining «tashqi qarzni qaytarish masalasi»ga — mutlaqo aloqasi yo‘q;
  8. O‘zbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligidan «tashvish»ga tushayotgan hamyurtlarim aslo «bezovta» bo‘lmasalar ham bo‘ladi. Haqiqatan ham, bu narsa mamlakatimiz hududining yaxlitligiga aslo raxna sola olmaydi. Buning ustiga, tashqi qarzni qaytarish masalasida O‘zbekiston rahbariyati o‘z yerining bir qismini e’tiborga olish u yoqda tursin, hatto, uni garovga qo‘yishni ham xayoliga keltirmagan. Zero, o‘tgan asrda Mirzakarimboy Yo‘lchiga qarata ishlatgan «Er yigit yer sotmaydi!» bizdan chiqqan emasmi?!...

Tohir MALIKOV

iqtisod fanlari doktori, professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring