Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshkentingga jo‘na, ketmasang — xonavayron qilamiz!»

«Toshkentingga jo‘na, ketmasang — xonavayron qilamiz!»

Тайёр ошга баковуллар.

Qashqadaryo viloyatining olis Dehqonobodida xayrli ishga qo‘l urgan poytaxtlik tadbirkor xonavayron etilmoqda. Uning murojaatiga mahalliy mutasaddilar yetarlicha e’tibor qaratmayotir.

So‘zim shu va shular xususida.

Gapni bir boshdan boshlasak. 

...Toshkentning Sergeli tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tgan «FERULA TRADING» xususiy korxonasi rahbari Xirojiddin Ibragimovning olti-yetti yil burun, aniqroq aytganda, 2013 yilda hind hamkorlaridan kovrak o‘simligining shirasini chetga sotib, yaxshi daromad qilish mumkinligi haqida eshitib qoldi-yu tinchi buzildi. So‘radi, surishtirdi, mutaxassislardan maslahat oldi, xorijiy hamkorlar bilan gaplashdi. Bu yaqin o‘rtada kovrak o‘smasligi, asosan Qashqadaryoning Dehqonobod va Surxondaryoning Boysun tumanlari tog‘li hududlarida bo‘lishini eshitib, avvaliga hafsalasi pir bo‘ldi. Toshkent qayda-yu, Surxondaryo qayda?! Biroq, ishtiyoq baribir ustun keldi: qaydasan Dehqonobod deya,  yo‘lga tushdi.

Bu 2014-yildagi gap..    

Korxona rahbari Dehqonobod, so‘ngra Boysunga bordi. Shart-sharoitni o‘rgandi, mahalliy aholi bilan gaplashdi. Tuman mutasaddilari bilan uchrashdi, maqsadini aytdi, qonuniy yer ajratib berishni so‘radi.

Avvaliga tuman rahbarlari toshkentlikning taklifini jiddiy qabul qilmadi. To‘g‘ri-da, qo‘liga bir ketmon ushlamagan odam qanday qilib qaqrab yotgan qir-adirda yo‘qolib borayotgan kovrakning sun’iy plantatsiyasini tashkil qilishi mumkin? Bu ozmuncha mablag‘, mehnat talab qiladimi? Qolaversa, ekilgan urug‘ hosilga kirishi uchun to‘rt-besh yil kutishi kerak. Sabri yetarmikan shaharlikning?

 Bu ishga qat’iy bel bog‘lagan tadbirkor bu orada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ham murojaat qildi.

Yugur-yugurlar besamar ketmadi. Boysun va Dehqonobod tumanlari hokimliklari  yer ajratadigan bo‘ldi. Faqat quydagi shartlar asosida: yangi ish o‘rni yaratadi, kelajakda boshqa biznes ishlari uchun investitsiya kiritadi va tumanning eksport salohiyatiga munosib hissa qo‘shadi. Tadbirkorning asl maqsadi ham shu edi-da.

Xullas, hujjatlar yig‘ilib, yerlar qonuniy asosda rasmiylashtirildi.    

Tadbirkor 2014-yilda Boysun tumanida o‘zi uchun qonuniy ajratilgan, rahbarlarning nazdida hech narsa bitmaydigan 396,9 gektar yerga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi botanika va zoologiya institutining malakali mutaxassislari bilan birga kovrak o‘simligi urug‘ini ekishni boshladi. Keyingi yili Dehqonobod tumani hududida 30 yil muddatga shartnoma qilingan 400,1 gektar yer maydoniga xuddi shunday usulda kovrak ekdi. Shunday qilib, 797 gektar yerda kovrak o‘simligi bo‘y ko‘rsatdi.

Endi sabr bilan yana 4-5 yil kutish qoldi, xolos.

2018-yilning 20-martida Prezidentning «Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  PQ-3617 sonli qarori e’lon qilindi. Tadbirkor uchun eshiklar yanada kengroq ochildi. Xorijdan yangi hamkorlar qidirdi. Axir bu mahsulot 100 foiz eksport qilinadi-da. 

Shu o‘rinda ushbu tadbirkorning O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kovrak o‘simligini mahalliylashtirish, ya’ni uning sun’iy plantatsiyasini tashkil etishga kirishganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu holat tegishli idoralar tomonidan nazoratga olingan va rasmiylashtirilgan.

Nihoyat, kutilgan kunlar yetib keldi. O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan 24.05.2019-sanasida berilgan 03-03/1-2455-sonli xat asosida kovrak o‘simligining shirasini yig‘ish ishlari boshlandi. Shu o‘rinda qayd etish lozim, o‘tgan besh-olti yil oralig‘ida Fanlar akademiyasining ogohlantirishlariga qaramay, mahalliy aholi tomonidan tadbirkor chegarasidan tashqarida bo‘lgan qanchadan-qancha kovrak ayovsiz payhon qilindi, o‘simlik deyarli yo‘qolish holatiga kelib qoldi.

Tadbirkor o‘tgan yillar davomida faqat kavrakka ko‘z tutib o‘tirmadi. Va’daga vafo qilib, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyevning taklifi hamda Dehqonobod tumani hokimi Z.Aliqulovning talabiga muvofiq «DEHQANABAD BIOGAZ» deb nomlangan MChJ shaklidagi sho‘’ba korxona tashkil qildi. Uch yilda ikki milliard so‘mdan ortiq investitsiya jalb qilib, 1 gektar yerda ferma, issiqxona, quyonchilik, bedanachilik xo‘jaligini tashkil qildi, biogaz kompleksini foydalanishga topshirdi. O‘tgan vaqt ichida tuman budjetiga yuz million so‘mga yaqin soliq va majburiy to‘lovlar amalga oshirdi. Oz bo‘lsa ham eksport tushumini ta’minladi. To‘rtta doimiy ishchi o‘rni yaratdi hamda 24 nafar kishini mavsumiy ish bilan ta’minladi. Xullas, ishchilar tadbirkordan rozi...

Ammo toshkentlik «dehqon»ning og‘zi ko‘kka yetganda, tekinxo‘r sheriklar paydo bo‘ldi. «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ tomonidan yollangan ishchilar «FERULA TRADING»ga qonuniy tegishli bo‘lgan kovrak plantatsiyasi hududiga beruxsat kirib, shuncha yillar davomida parvarishlab yetishtirilgan kovrakni payhon qilib, shira yig‘ishni odat qildi.

«Men Dehqonobod tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasiga ushbu huquqbuzarlik haqida bir necha bor og‘zaki va yozma murojaat qildim, — deydi tadbirkor X.Ibragimov. — Ammo qilgan murojaatlarimning hech biriga javob qaytarilmadi. Tuman IIB vaziyatni biroz yumshatgandek bo‘ldi, lekin foydasi bo‘lmadi. Yollangan ishchilarning noqonuniy xatti-harakatlari kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi. Kamiga ular menga «Toshkentingga jo‘na, bu yerda sening biznes bilan shug‘ullanishga haqqing yo‘q, ketmasang xonavayron qilamiz!» deya ochiqchasiga tahdid ko‘rsata boshladi. «To‘rt-besh yil oldin qayerda eding, bu yerga ozmuncha mehnat, mablag‘ sarflandimi?» degan savollar esa har safar javobsiz qolyapti.            

Rejalarim bir olam edi. «DEHQANABAD BIOGAZ»ning biogaz texologiyalarini yanada kengaytirish, buni respublika miqyosda rivojlantirish, shu yerda quyosh energiyasida ishlovchi panellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi edim. Buning uchun ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan chet el investorlarini Dehqonobodga taklif qilish bo‘yicha aniq rejalarim bor edi. Afsuski, mahalliy aholining noqonuniy harakati va Dehqonobod tumani mutasaddilarining loqaydligini ko‘rib, bugun qilgan mehnatim, sarflagan mablag‘im, kiritgan investitsiyamga juda-juda achinib ketyapman.

Xuddi ishga Toshkentdan Yangiyo‘lga qatnagandek, Qashqadaryo yo‘lida besh yil umrim zir yugurish bilan o‘tdi. Vaziyat shunday davom etaversa korxonam bilan chet ellik sheriklar o‘rtasida imzolangan eksport shartnomasini bekor qilishga majbur bo‘laman. Dehqonboddagi biznesim «sinadi» va ish o‘rinlarini yo‘qotaman. Agar kovrak plantatsiyalarim qo‘shtirnoq ichidagi mahalliy «tadbirkor»lar tomonidan noqonuniy o‘zlashtiriladigan bo‘lsa, meni Dehqonobodda qiladigan ishim qolmaydi. Bu yerda boshqa biznes bilan shug‘ullanishimga hojat ham yo‘q».          

Shu o‘rinda mulohaza: mamlakatimiz rahbari deyarli har bir uchrashuv va videoselektor yig‘ilishlarida elim, yurtim deb tinim bilmayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni oshirish, investitsiya jalb qilishga alohida to‘xtalib, mahalliy hokimliklar oldiga bu borada jiddiy talablar qo‘yayotgan bir paytda Dehqonobod tuman hokimligining bunday xatti-harakatini qanday izohlash mumkin?! Aslida ular foydalanilmayotgan yerni mehr berib, bor mablag‘ini sarflab, bugun mamlakat iqtisodi va xalqi uchun foyda beradigan bir hududga aylantirgan, odamlarni ish bilan ta’minlab, faqat eksport bilan shug‘ullanaman deb turgan tadbirkorning boshidan suv quyib ichishi kerak emasmi?!

Nahot mahalliy mutasaddilar hukumatning bugun eng ustuvor va jiddiy vazifa sifatida belgilagan eksport va aholi bandligini ta’milash siyosatini to‘g‘ri anglamayotgan, anglasa-da, Prezidentimizning bu boradagi qaror va farmonlari ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘q qo‘yayotganini tushunmayotgan bo‘lsa?! Yoki ularni «tepa»dan doimo kimdir turtib turishi kerakmi?!

Yaqinda Yakkabog‘ tumani hamda Xorazmda yuz bergan noxush holatlar mahalliy hokimliklarning xurmacha qiliqlari, ya’ni tadbirkor va aholining murojaatlari e’tiborga olinmay «zor qaqshagani» oqibatida yuzaga kelmadimi?! Qachongacha kasalning isitmasini yashirib yashaymiz?!

Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Dehqonobod tuman mutasaddilari toshkentlik tadbirkorning hurmatini joyiga qo‘yib, muammosini ijobiy hal qilib berishiga, kerak bo‘lsa, «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ tomonidan unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashda yordam ko‘rsatishi, qolaversa,  ishlayman degan tadbirkorning erkin faoliyat yuritishiga zarur shart-sharoit yaratib berishiga ishongimiz kelyapti... Kim, qayerda faoliyat yuritishdan qat’i nazar, hammaning maqsadi bitta. Avvalo, halol yo‘l bilan daromad topib, bu orqali odamlarning koriga yarash, mamlakat iqtisodi rivojiga munosib hissa qo‘shishdir.

Ravshan Mahmudov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring