Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turk ishbilarmonlari Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar investitsiya kiritadi

Turk ishbilarmonlari Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar investitsiya kiritadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi.

Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, «Ziraat» banki, «Zorlu xolding», «Joshkunoz xolding», «Ekzachibashi», «Baykar», «Dunyagoz», «Kanimed saglik», «Bau global», «Xavelsan» kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti bilan o‘tgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olinganini ta’kidladi.

- O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz har bir xorijiy tashrif chog‘ida ishbilarmonlar bilan uchrashadi. 2017-yili Turkiyaga davlat tashrifi paytida ham shunday bo‘lgan edi. 2018-yili O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari Toshkentda o‘tgan biznes anjumanda qatnashdi. Bular natijasida ishbilarmon doiralar o‘rtasida ishonch oshdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik faollashdi.

Oxirgi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi. Qo‘shma shirkatlar soni salkam mingtaga ko‘paydi. Transportda tashish ko‘lamlari jadal kengayib bormoqda.

Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Bunda qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish rag‘batlantirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

Masalan, 2019-yilda Turkiyaning «Calik Enerji» kompaniyasi ishtirokida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi.

Mamlakatimizda 1993-yildan buyon vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi yurtimizdagi tibbiyot va ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilishida faol qatnashib kelmoqda.

Turizm ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan. Turkiyalik fuqarolar uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani va yurtimizda ziyorat turizmiga qulay sharoitlar yaratilayotgani sayyohlar oqimi ko‘payishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Samarqand-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Uchrashuvda, shuningdek, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Turkiyalik ishbilarmonlar o‘tgan yili O‘zbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘zgarishlarga, odamlarda «islohotlar tafakkuri»ga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.

Shu bilan bir qatorda «Ronesans Holding» bilan «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy o‘quv yurtlari tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Prezidentimiz bu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga o‘tish, byurokratik to‘siqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring