Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uzbekistan Trade Info – Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida savdo ko‘prigi

Uzbekistan Trade Info – Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida savdo ko‘prigi

Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida «Ready4Trade Central Asia» loyihasi doirasida Uzbekistan Trade Info axborot platformasining rasmiy taqdimoti hamda uni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida jurnalistlar uchun press-konferensiya tashkil etildi va platforma bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Platforma maqsadi
Platforma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda va «Ready4Trade – Markaziy Osiyo» loyihasi doirasida ishga tushirildi. Savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan platforma Markaziy Osiyoning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi beshta davlatida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Yaqin kelajakda loyiha imkoniyatlari kengayib borishi natijasida Xitoydan Turkmaniston portlariga qadar bo‘lgan raqamli savdo yo‘li yuzaga kelishi kutilmoqda.

Tadbirkorga yordam
Butun dunyoda kichik va o‘rta biznes uchun eng katta muammolardan biri — tadbirkorlar eksport va import masalalarida har doim ham yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmasliklaridir. Aynan shu muammoni bartaraf etish maqsadida Uzbekistan Trade Info platformasini ishlab chiqildi.
Tadbirkorlar ushbu platforma orqali eksport qilinayotgan davlatda mahsulotlarga qo‘yiladigan talablardan tortib, chegaradan olib o‘tish va bojxona tartiblarigacha o‘rganib chiqishlari mumkin bo‘ladi. Platforma barcha jarayon shaffof va ochiq bo‘lishini ta’minlab beradi.

Chegara bilmas hamkorlik
Uzbekistan Trade Info platformasini tashkil etish ishlari davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va UNCTAD/JST xalqaro savdo markazi (XSM) faol hamkorlik olib bordi. Bugungi tadbirda shuningdek O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari xalqaro bozorlarga chiqishi uchun platforma tomonidan ochib berilayotgan imkoniyatlar muhokama etildi.

Uzbekistan Trade Info transchegaraviy savdo bilan bog‘liq ma’lumotlarga bepul va doimiy kirishni ta’minlashga, tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish va savdoni tartibga solishga, shuningdek savdo jarayonidagi to‘siqlarni olib tashlashga yordam beradi.

E’tiborli tomoni, ushbu loyiha faqatgina hududiy ahamiyat kasb etib qolmasdan, Markaziy Osiyoni Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalar bilan bog‘lashda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda. Uzbekistan Trade Info platformasi tashkilotchilari yaqin vaqtlar davomida ushbu loyihaga ko‘plab manfaatdor davlatlar integratsiya qilishiga umid qilmoqdalar.

Istiqbol
Platformadagi ma’lumotlar davlat organlari va xususiy sektor tomonidan yangilanib borishi ko‘zda tutilgan.

«Uzbekistan Trade Info» transchegaraviy savdoni osonlashtirish, mavjud milliy onlayn xizmatlarni to‘ldirish va O‘zbekiston xususiy sektoriga xalqaro savdoning barcha imkoniyatlaridan foydalanishda yordam berishning samarali vositasi bo‘ladi.

Savdo-axborot platformasi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlarining elektron savdosi va tashqi savdosi o‘sishiga yordam beradi.

Hamkorlik
Tashkilotchilar tomonidan ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hukumatining ochiq va shaffof siyosati bo‘lmaganda muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyatlar keskin pasaygan bo‘lar edi. Hamkorlik borasida ayniqsa 2021-2022 yillar muvaffaqiyatli davr bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan barcha 27 xalqaro Konvensiya talablari to‘liq bajarilmoqda va Yevropa Ittifoqining «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomi olindi. 

Natijada O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo aloqalari ham tobora kengayib boryapti. Tashkilotchilarning g‘oyasiga ko‘ra, «Uzbekistan Trade Info» yaqin kelajakda Sharq va G‘arb o‘rtasida savdo ko‘prigi vazifasini bajaradi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring