Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zmilliybank» AJ Rossiyadan kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha shartnomalar imzoladi

«O‘zmilliybank» AJ Rossiyadan kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha shartnomalar imzoladi

Joriy yilning 25 dekabr kuni Moskvada «O‘zmilliybank» AJ delegatsiyasi «VEB.RF» davlat taraqqiyot korporatsiyasi va «Roseksimbank» AJ rahbariyati bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama va ShHT IKO doirasidagi hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, yangi 2021 yil uchun istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish rejalari va imkoniyatlari muhokama qilindi.

«VEB.RF» — «O‘zmilliybank» AJ ning strategik sherigi bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining yuqori texnologik uskunalarini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berishni moliyalashtirish bilan bog‘liq qator investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek hamkorlik doirasida Rossiya sanoat va savdo vazirligi dasturi bo‘yicha imtiyozli subsidiyalashtirilgan moliyalashtirish amalga oshirilyapti. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda Milliy bankning faol ishtiroki ijobiy natija bermoqda.

Yig‘ilish natijasida imtiyozli foiz stavkasini hisobga olgan holda, VEB.RF va «Roseksimbank» AJ bilan jami 4,8 milliard rubl miqdorida kredit liniyalarini ochish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Jalb qilingan kredit liniyalari doirasida transport vazirligi huzuridagi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Toshkent shahri va yana 12 ta shahar hokimliklari ehtiyoji uchun 581 dona zamonaviy yo‘l-maxsus texnikalarini sotib olish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda shaharsozlik, transport infratuzilmasini rivojlantirish, shahar kommunikatsiyalari sifatini oshirish va yo‘llarning tegishli holatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu holat kredit liniyasini jalb qilishning dolzarbligini oshiradi. Ixtisoslashtirilgan yo‘l texnikasi parkini yangilash poytaxt va viloyatlar markazini obodonlashtirish imkonini beradi.

«Roseksimbank» AJning asosiy vazifasi Rossiya Federatsiyasi korxonalarining eksport operatsiyalarini yengillashtirish hisoblanadi. Milliy bank va «Roseksimbank» AJ o‘rtasida ilk marta imzolangan shartnoma ushbu davlat ixtisoslashtirilgan rivojlanish instituti bilan hamkorlikni kengaytirishda muhim bosqichga aylanadi.

«VEB.RF» va «Roseksimbank» singari Rossiyaning yirik banklari hamda «O‘zmilliybank» AJ o‘rtasidagi samarali hamkorlik mamlakatimiz bank tizimida yangi kredit liniyalarini rivojlantirish va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha olib borilgan ishning samarali davomidir.

Rossiya moliya institutlarining kredit liniyalarini rublda jalb qilish — Shanxay Hamkorlik Tashkilotining banklararo assotsiatsiyasiga a’zo banklarning ShHT hududida milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish masalasiga qo‘shma yondashuvlar to‘g‘risidagi kelishuvlarining amalda bajarilishi hisoblanadi.

«O‘zmilliybank» AJ «VEB.RF» bilan birgalikda bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda, xususan, bugungi kunga qadar, jami miqdori 275 million dollarga teng bo‘lgan 6 ta kredit shartnomasi imzolandi. Hamkorlik gidroenergetika, issiqlik energetikasi, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirishdagi loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun: «VEB.RF» — davlat ijtimoiy va iqtisodiy siyosatini amalga oshiradigan milliy rivojlanish banki bo‘lib, tijorat banklari bilan hamkorlikda infratuzilma, sanoat, ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va texnologik salohiyatni oshirishga qaratilgan yirik loyihalarni moliyalashtiradi.

«Roseksimbank» ixtisoslashtirilgan davlat banki bo‘lib, uning asosiy maqsadi Rossiyaning eksport qiluvchi kompaniyalari uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va Rossiyaning tabiiy bo‘lmagan eksportini oshirishga ko‘maklashishdir. Hukumat agenti sifatida bank Rossiya eksportini kafolatli qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini olib borish, eksportchilarga sanoat mahsulotlarini targ‘ib qilishda ko‘maklashish, ularga uzoq muddatli kredit olish imkoniyatini berish va boshqalar uchun javobgardir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring