Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat Davlat byujdeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senat Davlat byujdeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Foto:«Xabar.uz»

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida «2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni muhokama etildi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024-yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilanmoqda.

2022-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Bunda budjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar faqatgina qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Inflyasiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Qonun bilan birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan mablag‘ oluvchi quyi tashkilotlarga o‘zlariga ajratilgan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarining 10 foizgacha qismini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo‘naltirishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chet el manbalaridan grant asosida ajratilgan mablag‘larning birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilishi belgilangan miqdorlarini ushbu Qonunga o‘zgartirish kiritmasdan ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

2022-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti daromadlari 199,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Qonun bilan ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtirish tartibi joriy qilinmoqda.

Yana bir muhim jihat. Budjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.

Jumladan, Qonunda ochiq budjet, «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi»ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ nazarda tutilgan.

Qonun Senat tomonidan ma’qullandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring