Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 30 nafar amaldor ishdan olingan

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 30 nafar amaldor ishdan olingan

Foto: «Xabar.uz»

Majburiy mehnat. So‘nggi ikki yil davomida uning oldini olish, unga qarshi kurashish — davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, hali ham o‘z qo‘li ostidagilarni majburiy mehnatga undayotgan rahbarlarning borligi tizimda olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda, deb yozadi «Xs.uz».

Jumladan, yil boshidan buyon shu masalada huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan mansab lavozimidan qat’i nazar qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan. 169 nafar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kompleksi bo‘yicha sektorlar rahbarlari, ya’ni tuman va shahar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 30 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bu raqamlar Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasining qo‘shma majlisida aytib o‘tilgan. Shuningdek, unda Xalqaro mehnat tashkilotining «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi hamda «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi konvensiyalarining mamlakatimizda ijro etilishi holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Agar ilgari paxta yig‘im terimi majburiy mehnatdan foydalanishning turli shakllari namoyon bo‘ladigan jarayon sifatida qayd etilgan bo‘lsa, endilikda, aksincha, bu mavsum fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning mehnat huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ishga layoqatli aholining bandligini ta’minlash va fuqarolar daromadlarini oshirishning manbaiga aylanmoqda. Xususan, bu borada joylarda terimchilarning moddiy manfaatdorligini ta’minlash hamda paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlash choralari ko‘rilgan. Paxta-2018 mavsumiga zamonaviy bozor mexanizmlarining joriy etilishi bu borada ijobiy natijalarga erishishni ta’minladi.

Majlisda bir qator huquqbuzarlik holatlari aniq misollar bilan keltirildi. Xususan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 83-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M.Mavlonov tomonidan maktab o‘qituvchilari o‘z roziligisiz obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan. Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimligi tomonidan tumandagi 4 ta kasb-hunar kolleji rahbarlari «Obod qishloq» dasturi doirasida hududlarga biriktirilib, aholi xonadonlarini buzish, ta’mirlash va qayta qurish ishlariga jalb qilingani kuzatilgan.

— Majburiy mehnatga direktor o‘z xohishi bilan qo‘li ostidagi xodimlarni jalb qilmaydi, — deydi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — U tuman miqyosida ish olib borayotgan rahbarlarning og‘zaki topshiriqlari asosida shu ishga qo‘l uradi. Masalaning asl sabablarini o‘rganishimiz kerak. Avvalo, hududiy kesimda ish olib borayotgan rahbarlarning bu boradagi mas’uliyati va huquqiy bilimlarini oshirish lozim.

Majlis ishtirokchilari tomonidan majburiy mehnatning har qanday shakllaridan foydalanishning oldini olish uchun joylarda yo‘lga qo‘yilayotgan monitoring va qayta aloqa mexanizmlari, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi aytildi.

— Biz joylarda aholi bilan uchrashib, ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishganimizda mehnat huquqlarining buzilishiga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — Buning asosiy sabablari fuqarolar o‘zlarining mehnat huquqlarini bilmasligi, ish beruvchilarning zimmasiga qanday mas’uliyat yuklanganidan bexabarligi bilan bog‘liq. Eng achinarlisi, odamlarimiz o‘z huquqlarini talab qila olmaydi. Majburiy mehnatning asl sabablari ham shunda aslida. Bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarimizni hududlarda, tumanlar kesimida yanada kuchaytirish tarafdorimiz.

Majlisda ushbu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring