Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abituriyentni talamang! Tirikchilikmi yoki tirriqchilik?

Abituriyentni talamang! Tirikchilikmi yoki tirriqchilik?

Foto: «Xabar.uz»

Bugun Gulistondan jiyanim keldi. Nega kechikding, degan savolimga, «hamma abituriyentlar Toshkentga kelyapti, DTM ruxsatnomasini olish uchun, odam ko‘p», dedi. Uning aytishicha, taksi narxi oshib ketibdi, poytaxtgacha 30 ming so‘m ekan. Kirakashlarning oshig‘i olchi bo‘libdi.

Biz nega o‘zimizni yomon ko‘ramiz? Bu yog‘ini sabr bilan eshiting. Ha, biz o‘zimizni yomon ko‘ramiz. Negaki, bayramlar arafasida hamma taksichilar narxni oshirib oladi, vaholanki, yonilg‘i narxi oshmagan bo‘lsa ham. Endi hammamiz ham boshqa bozorchiyu do‘konchilarning bayram arafasidagi oshdi-oshdi tomoshalariga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Yangi yil bayrami arafasidagi narxlar o‘ynashini aytmay qo‘ya qolay, eng muqaddas hayit bayramlarida ham ahvol shu – bozordagi narx-navolar birdan ko‘tarilib qoladi. Ammo ba’zi mamlakatlarda bayramlar arafasida tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini arzonlashtiradi, katta-katta chegirmalar e’lon qiladi. Ular shu bahona ko‘p mahsulot sotadi, ham savobga sherik bo‘ladi. Bizda buning aksi. Ko‘proq qimmatga sotsam, ko‘proq foyda olsam, degan o‘y ko‘nglimizni band etadi.

Qani ayting-chi, biz o‘zimizni yomon ko‘ramizmi? Ha, yomon ko‘ramiz, chunki biz qimmatga sotmoqchi bo‘lgan mahsulotni o‘z yurtdoshimiz, akamiz, ukamiz, opa-singlimiz, ota-onamiz, ya’ni qo‘shnimiz, mahalladoshimiz oladi, o‘zga yurtlardan begonalar kelib olmaydi. Ozida baraka bor, degan hikmatni unutib qo‘yganmiz. 

Foto: «Xabar.uz»

Yana Gulistonga qaytamiz. O‘ttiz ming so‘mga olib kelgan kirakash, uyiga qaytayotgan abituriyentni, agar qiz bola bo‘lsa, u bilan birga kelgan otasi yoki onasini arzonga qaytib olib ketadimi? Yo‘q, albatta, ular ming yalinsa ham olib ketmaydi. Bahonasi ham bor: boshqa kunlar odam bo‘lmaydi, shunga bugun hissasini chiqarishi kerak. Abituriyent test kuni yana poytaxtga keladi, yana taksichiga xudo beradi, endi u 50 mingga chiqarib oladi narxini. Biladi, abituriyent yilda bir marta bo‘ladigan sinov, aytish mumkinki, hayotini hal qiladigan pallada 50 ming so‘mdan kechvorishga tayyor.

Abituriyentning o‘qishga kirishga bo‘lgan irodasini bugun kirakashlar sinamoqda. U o‘qib oliy ta’lim olsa, yurt kelajagi uchun qayg‘uradi, odamlarning farovon yashashi uchun xizmat qiladi, degan o‘y kelmaydi kirakashlarning xayoliga: u begona, qolaversa, o‘qib asakani olib berarmidi, tirikchiligimga yordam berarmidi?

Sirdaryolik ilmga tashna abituriyentlar test sinovlarini poytaxtda topshiradigan bo‘libdi. Testga vaqtli yetib kelmoqchi bo‘lganlar ilojini qilib shu kuni tanish-bilishlari bilan saharlab poytaxtga yetib keladi. Ammo bunga qurbi yo‘qlar bir-ikki kun avval Toshkentga otlanib, mehmonxonayu ijara uylarga joylashadi, xullas ular hayotning kutilmagan sinovlariga tayyor bo‘lishlari shart.

Nima ham derdik, o‘zimizni yaxshi ko‘rsak, yon-atrofdagilarimizni ham yaxshi ko‘raylik. Ilm talabgorlariga omad, kirakash haydovchilarga insof tilagan holda, abituriyent begona emas, mahallashadoshimiz, qo‘shnimiz, ukamiz, singlimiz, unutmang, deya eslatib qo‘yamiz.

Abdug‘ani Abdurahmonov

Tahririyatdan: Bu birgina Sirdaryoda emas, butun mamlakatimizda uchrayotgan holat. Azaldan ko‘pni ko‘rgan xalqimiz ilm yo‘lida otlanganlarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatishgan. Biz hech bo‘lmaganda, katta yo‘l boshidagi ilm izlovchilarga amalimiz bilan xayrihoh bo‘laylik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring