Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Akfa» haqida gapirgan olima baloga qoldimi?

«Akfa» haqida gapirgan olima baloga qoldimi?

Foto: Videolavhadan skrinshot

Yosh olima, iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova «Akfa universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi yuzasidan «Munosabat» ko‘rsatuvida  fikr bildirib, unda unversitetga berilishi ko‘zda utilgan imtiyozlar, xususan, Qibray tumanidan 30 gektar yer ajratilishini tanqid qilgandi.

Professorning tanqidiy chiqishi ortidan unga nisbatan vitual hujum boshlanib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘layotgan hujumning asosiy ijrochilari xonanda va aktrisalar bo‘lib, ularning «raddiyalari» ham quvvai hofizasiga yarasha, albatta.

Tarmoqning faol foydalanuvchilari ham qarab o‘tirishgani yo‘q. «...ishi asosan fonogramma yangrayotganda og‘izni unga moslab qimirlatishdan iborat bo‘lgan otarchilar iqtisod fanlari doktorining fikriga raddiya bildirishmoqda. Tasavvur qilyapsizmi?» deb yozadi «Fayzibog‘» kanali.

Noshir Feruz Allayev esa olimaga «qarshi kurashayotganlar» uning shaxsiy hayotiga til tekkazishi jirkanch ekani mazmunida post qoldigan.

Taniqli jurnalist va bloger Shahnoza Soatova esa odatdagidek, bir o‘q bilan bir necha quyonni uribdi: «...Hamma Barnogul Sanaqulovaga nisbatan Halima (aktrisa Halima Ibragimova - tahr.) qilgan videomurojaatni gapiravergach, Instagramdan men sodda halima deb qidiruv berib, topolmay, hayron qolib o‘tiribman. Bir necha soniyada o‘zimga kelib, bir zumgina Halimadek fikrladim va xalima deb qidiruv berib topdim!

Nima ham derdik, ismini to‘g‘ri yoza olmaydigan odamlar chiqib xalq nomidan, unga nima foydayu nima ziyonligini gapirmoqda. Yana «krugozorni kengroq oling»mish?!

Mayli, Halima va uning murojaatini men bundan ortiq muhokamaga loyiq ko‘rmayman. Ammo shu ishning boshida turgan ishboshilarimiz jamoatchilik fikri bilan ishlashda yo o‘zlari da’vo qilayotgan darajada bo‘lishlari yo hozirgi qo‘llayotgan darajaga munosib ekanliklarini tan olishlari kerak.

Akfa universitetining xalqimiz uchun keltirajak foydasi bordir, balki. Lekin hozir ish to‘g‘ri boshlanmayapti. Asli Barnogul aytgan gaplar, undan ham avval iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z telegram kanalida bu qaror loyihasi yuzasidan ko‘targan savollarga javob berish kerak. Aks holda hozirgi axborot urushlariyu yurishlarini «qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar»dan boshqa narsa deb bo‘lmaydi.

Qancha xalqqa foydali loyihalar, tashkilotlar bor. Yillar davomida ijarada o‘tirib, sifatli kitob chiqarayotgan nashriyotlar, bolalarni o‘qitib, xalqaro fan olimpiadalariga olib chiqayotgan o‘quv markazlari yoki ijara pulini to‘lolmay yopilib ketish arafasida turgan bolalar ijodiyot markazlari... Ular xalqqa foyda keltirmaydimi? El qatori ijarasini to‘lab yuribdi-ku. Agar Akfa universiteting bu qaror bo‘yicha asoslantirilgan argumentlari bo‘lsa, tashabbuskorlar o‘zi professional javob berishi kerak, pozitsiyasini oqlashni obro‘si shubhali shaxslarga qoldirmay.

Umuman, oxirgi paytlarda kuzatilayotgan davlat aktivlarining jadal ulgurji savdosi ko‘p savollar tug‘diryapti. Umid qilamizki, ularga ham Halima emas, mas’ullar javob berishadi».

Eslatib o‘tamiz, Akfa unversititeti xususiy oliy ta’lim muassasi bo‘lib, u Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli biznes-imperiyaning bitta tarmog‘i ekani aytiladi.

O‘tgan yili J.Ortiqxo‘jayev mojarolar markazida qolishi ortidan xonanda Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali uni himoya qilib chiqqandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring