Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon. MIBga savol: e’tiborsizlikmi yoki «o‘ch olish»?

Andijon. MIBga savol: e’tiborsizlikmi yoki «o‘ch olish»?

Foto: Arxiv

Kecha «Andijonnoma» gazetasi tahririyatining bir kunlik ish vaqti havoga sovurildi. Majburiy ijro byurosi (MIB) Andijon shahar bo‘limi inspektori tahririyatni elektr tarmog‘idan uzib ketdi! «Qarzdorlik mavjud» degan asos bilan.

MIB xodimi tahririyatga 26-oktyabr kuni (sanasi bor, ammo raqami yo‘q) talabnoma yuborgandi. Anchayin savodsizlik bilan yozilgan talabnomani (mazkur hujjat xatolari tuzatilib, keyinroq, 30-oktyabr kuni yangidan tashlab ketilgan) ko‘rib, hayron bo‘lingandiki, bu yerda tushunmovchilik bor-ov, mayli, kelsin, holatga aniqlik kiritish qochmas.

Kecha, 4-noyabr — ish kuni boshlanay-boshlanay deganda MIB xodimi keldi. Va darhol dalolatnoma yozib, tahririyatni tarmoqdan uzishga shoshildiki, «hay-hay» degan gapga quloq solsa, qani?! Turgan gap, tahririyat vakili dalolatnomaga imzo chekishdan bosh tortdi: avval to‘lovlarni solishtiraylik?!

Yo‘q, inspektor MFY raisini guvoh tariqasida dalolatnomaga imzo chektirdi-yu (darvoqe, oqsoqol tahririyat binosiga kirib, hisoblagichni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani, imzoni tashqarida qo‘yib bergani aytilmoqda) tahririyatni shartta tarmoqdan uzdi: «Nima gap bo‘lsa, keyin gaplashamiz»!

Caption

Shu tariqa tahririyatda ishlar taqa-taq to‘xtadi.

...Qisqasi, kuzakning ilk sovuq kuni shunday yoqimsizlik bilan boshlandi va... kechgacha (!) davom etdi. Nihoyat, ish vaqti yakunlanishi arafasida ma’lum bo‘ldiki, «Andijonnoma» (iste’molchi)ning elektr energiyasidan qarzdorligi yo‘q. Aksincha, 1 noyabr holatiga 1 mln. 206 ming haqdor bo‘lib chiqdi.

Unda muammo nimada?

Gap shundaki, tahririyatning bir oylik elektr iste’moli xarajati 2 mln. 250 ming so‘mni tashkil etadi. Va bu mablag‘ oldindan o‘tkazilishi kerak. Inspektor esa shu puldan (2 mln. 250 ming) yuqorida qayd etilgan summani (1 mln. 206 ming) ayirganda, hosil bo‘lgan miqdorni qarz sifatida zarb etavergan chog‘i?.. Biroq MIBchilar keyinroq bergan og‘zaki izohi shu bo‘ldiki: «o‘tkazgan pulinglar bu yoqda (bazada) ko‘rinmadi...».

Nima bo‘lganidan qat’i nazar, bir narsa aniq: 1 noyabr holatiga tahririyatning qarzdorligi yo‘q. Kamida 15 ish kuniga yetadigan pul avvaldan o‘tkazib qo‘yilgan. Shu vaqt oralig‘ida qolgan summani o‘tkazishda ham muammo yo‘q.

Shunday ekan, MIB inspektorining salla o‘rniga kalla olishining boisi ne? Bu shunchaki e’tiborsizlik yoki o‘zboshimchalikmi yoxud «o‘ch olish»ning belgisi?

«O‘ch olish»? Bu nima degani dersiz? Eshiting: o‘n besh kunlar avval «Andijonnoma»da «MIBning hokimliklarga «tishi o‘tmaydimi»? sarlavhali maqola chop etilgandi. Mazkur maqola avvalroq «Xabar.uz»da ham e’lon qilingan bo‘lib, unda MIB Andijon viloyati boshqarmasining to‘qqiz oylik faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir tafsiloti qalamga olingandi. Matndagi biroz nordon jumlalar muallifning fantaziyasi mahsuli emas, balki anjumanda aytilgan gaplarning bir shingili ediki, ayni shu narsa tizimning mahalliy xodimlariga tegibroq ketib, «Andijonnoma»ning burniga chertib qo‘yildimikan?! (Umuman, maqola sidirg‘asiga tanqid bo‘lganda nima?)

Vaziyatni bo‘rttirvoryapmizmi? Qaydam. Biroq bo‘lib voqelikda (aylansak ham, o‘rgilsak ham) ayni mantiq ustunlik qilyapti-da.

Ishqilib, yanglishayotgan bo‘laylik.

Darvoqe, kecha faqat «Andijonnoma» xodimlarining bir kunlik ish vaqti isrof bo‘lgani yo‘q. Tahririyat binosida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, hatto Andijon shahar saylov komissiyasi ham joylashgan. Kutilmagan «ne’mat»dan ular ham bebahra qolishmadi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring