Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimida turistik zonalar qurish uchun 300 million dollar ajratiladi

«Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimida turistik zonalar qurish uchun 300 million dollar ajratiladi

Foto: Xabar.uz

Jizzax viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun bir qator loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

— Viloyatning geografik joylashuvi, betakror va so‘lim tabiatidan kelib chiqib, ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar bor.

Avvalambor, Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va «Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha, 300 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, 25 ming ish o‘rinlari yaratiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, maxsus dastur qabul qilinib, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

- Jizzax shahridagi temir yo‘l vokzalidan ushbu hududlardagi turistik majmualarga tezyurar avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi;
- Toshkent shahri va boshqa hududlardan uyushgan holda keladigan turistlarga transport xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
- ushbu tumanlarning turizm ob’yektlarigacha yo‘l va elektr ta’minotiga, 200 milliard so‘m ajratiladi;
- aholi xonadonlarida «oilaviy mehmon uylari»ni yo‘lga qo‘yish uchun, o‘quv markazi tashkil etiladi va imtiyozli kreditlar, subsidiya va yangi yengilliklar paketi joriy etiladi;
- ushbu tumanlardagi turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun maxsus soliq rejimi tatbiq etiladi. Bunda, uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi;
- yo‘l bo‘ylarida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi.
Shuningdek, «Zomin» turistik hududida zamonaviy tog‘-chang‘i kompleksi, tog‘-dor yo‘li, 8 ta sihatgohdan iborat «rekreatsion zona» barpo etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring