Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Banklar pulimizni bermayapti». Aholiga qo‘y va qoramol tarqatgan tadbirkorlar bankrotlik yoqasida (video)

«Banklar pulimizni bermayapti». Aholiga qo‘y va qoramol tarqatgan tadbirkorlar bankrotlik yoqasida (video)

Foto: «Xabar.uz»

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani, Quduq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi tadbirkor Hamza Toshtemirov «Xabar.uz»ga murojaat qilib, bank kreditlari orqali tarqatilgan mayda va yirik shoxli mollarga uch oydan buyon pullarini ololmayotganidan shikoyat qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilab berilgan vazifalar asosida bank kreditlari hisobiga aholiga mayda va yirik shoxli mollarni tarqatganmiz. Maqsadimiz, tumandagi oilalarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga hissa qo‘shish edi», — deydi u.

Tadbirkor joriy yilning 10 va 28 may kunlari «Agrobank» orqali 44 nafar fuqaroga, «Milliy bank» orqali 33 nafar va boshqa banklar orqali 10 nafardan ziyod fuqaroga mol berganini va buning uchun pullarini ololmayotganini aytmoqda. Umuman olganda, shu vaqtga qadar u jami 300 nafarga yaqin fuqaroni mol bilan ta’minlagan. Shundan 200 nafarga yaqin mijozning puli hisobga tushgan. Ammo 100 nafardan oshiqroq fuqaroga tarqatilgan mollar uchun pullarni haligacha olishning imkoni bo‘lmayapti.

«Ta’minotchi molni oldindan yetkazib bersa, bank monitoring qilib, pul tushirib berilishi aytilgandi. Bizga bu 10 kun muddatda amalga oshiriladi deyilgandi, ammo oradan 3 oy o‘tdi. Mana, to‘rtinchi oy ham ketyapti. Banklar «resursimiz yo‘q» deb, pulimizni tushirib bermayapti. Hozirgi kunda bankrotlik yoqasiga kelib qolganmiz», — deydi tadbirkor.

Uning aytishicha, holat bo‘yicha tuman va viloyat hokimligiga, tuman prokuraturasiga va boshqa yuqori tashkilotlarga murojaat qilingan, ammo birorta jo‘yali javob yoki natija bo‘lmagan.

Hozirgacha tadbirkor tomonidan 1 mlrd. 800 mln. so‘mdan oshiq qiymatdagi mol aholiga tarqatilgan. Bank pulni fuqaroga kredit qilib berishi kerak bo‘lgan. Bunda ta’minotchi molni mijozga beradi, bank xodimi monitoring qilib, ta’minotchiga pulini o‘tkazib berishi lozim. Hozirgacha bank xodimi monitoring qilib bo‘lgan, hamma hujjatlar tayyorlangan, ammo 3 oydan buyon mijozlar bankda masalaga yechim topa olishmayapti. Aholi esa tadbirkorning qo‘y-mollarini allaqachon olib ketgan. Endi bu mollarni qaytarib olishga ta’minotchida deyarli imkon qolmagan.

Qolaversa, videolavhadan ko‘rinadiki, ta’minotchidan mol olgan aholi qarzni uzish uchun bank vakillaridan kredit berishlarini so‘rab murojaat qilishmoqda. «Har bir oila – tadbirkor» dasturi bo‘yicha imtiyozli kredit olishiga ishonib, tumandagi ta’minotchilardan qarz bo‘lib qolgan mingga yaqin kishi har kuni banklarga qatnab sarson bo‘lmoqda.

«Fermer xo‘jaligim ko‘p tarmoqli edi. 100 nafarga yaqin tadbirkor va aholi bilan ishlardim. Ustalar, molga qarovchi va boquvchilar, dehqonchilik va savdo. Hozir hammasi to‘xtab qoldi. Tadbirkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha inqirozga kelib qoldim. Hattoki 22 nafar ish boshqaruvchimga ham maosh bera olmayapman. 2 yil oldin banklardan chorvachilik uchun kredit olgandim, qolaversa, o‘zimning shaxsiy qo‘ylarimni ham qo‘shib aholiga tarqatgandim. Fermalarim ham bankrotlikka uchradi.

Menga o‘xshagan ta’minotchilardan birgina tumanimizda 10 ga yaqini bor. Ular ham 300, 500, 600 mln., 1 mlrd. so‘mgacha zarar bilan o‘tiribdi. Hozir biz qayerga murojaat qilishni ham bilmayapmiz. Na banklardan pulimizni ololyapmiz, na fuqarolardan mollarimizni qaytarolyapmiz. Bankda aytishlaricha, pul kelsa, 10 ta’minotchiga sekin-sekin bo‘lib berilar ekan. Bu nimasi axir. Biz prezidentimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlab turgan bir paytda, shu darajada xo‘rlanamizmi?», — deydi tadbirkor Hamza Toshtemirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring