Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxmaldagi holatni hokimlik xaspo‘shladi

Baxmaldagi holatni hokimlik xaspo‘shladi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Axborot-kutubxona markazi ochilishiga izg‘irinli sovuq kunlarda tuman hokimi qarshisiga yupun kiyingan qizaloqlar olib chiqilgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan bayonot bergan Baxmal tumani hokimligi axborot xizmati vaziyatni xaspo‘shlashga urindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 20-noyabr kuni Baxmal tumanida Axborot-kutubxona markazi ochilish marosimiga tuman hokimi ishtirokchi sifatida taklif etilgan.

Emishki, «tuman hokimi tashkilotchilarning yosh bolalarni sovuq kunda (o‘sha kuni havo harorati Baxmalda kamida – 4 daraja bo‘lgan — tahririyat) yupun kiyintirganini tadbirga tashrif buyurganidan keyin guvohi bo‘lgan. Havoning sovuqligi bois ochilish marosimi tashqarida taxminan 5-6 daqiqa davom etgan». Bu o‘ylab-o‘ylab arang topilgan bahonaga o‘xshaydi. Nega hokim yupun kiyingan bolalarni ko‘riboq, ularni ichkariga kiritishni so‘ramagan? Tadbir ochiq havoda qisqa davom etgan taqdirda ham, bolalar hokimning kelishini kutib qancha vaqt sovuqda turishdi ekan?

Tuman hokimligi axborot xizmati ochilish marosimidan dastlabki reportajini e’lon qilganida qalin kiyingan, boshiga telpak kiyib olgan hokimning bolalar bilan gaplashib turganini, bir tarafda musaqachi bolalar, yonida qo‘liga non-tuz ushlagan yupun kiyingan qizaloqlar, tuman rahbarining ma’ruza qilayotgan fotolarini joylagandi. U reportajdan ochilish marosimi shoshilinch o‘tkazilgani sezilmagan hech ham.

Tuman hokimligi axborot xizmati «yopishmagan gajak»larini davom ettirib shunday yozadi: «tadbir yakunlangach, tuman hokimi tadbir tashkilotchilariga kichik yig‘ilish o‘tkazadi. Mazkur yig‘ilishda tuman hokimi tadbirning tashkiliy qismi nega aynan binoning ichida o‘tkazilmaganligi yuzasidan keskin munosabat bildirgan. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilgan e’tirozlar yuzasidan suratdagi o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan suhbat jarayonida mazkur holatda farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmaganligi sababli bunga e’tirozlari yo‘q ekanligini bildirilgan».

Oqlovning oxirida qo‘shimcha qilib qo‘yilgan: «tadbir tashkilotchilariga bundan keyin mas’uliyatli va e’tiborli bo‘lishlari yuzasidan ogohlantirish berildi hamda qonuniy tartibda chora ko‘riladigan bo‘ldi». Tamom.

Hokimlik munosabatida sovuqda qolgan yosh qizlar holatiga na achinish hissi va na taajjubni ko‘rasiz. Xuddi bu doim bo‘lib turgan va bo‘lishi lozim holatdek. Hissiz hokimlikning faqat o‘zini oqlashga chiranishi xolos bu.

Eslatib o‘tamiz, bunday holat yaqinda Andijonda ham kuzatilgandi. O‘quvchilarning yupun holda tadbirga olib chiqilgani uchun maktab direktori va o‘rinbosari ishdan olinib, «ish yopilgandi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring