Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Benzin, elektr va gaz narxi qachondan va qanchaga oshishi ma’lum bo‘ldi

Benzin, elektr va gaz narxi qachondan va qanchaga oshishi ma’lum bo‘ldi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslariga narxlar va tariflarning o‘zgarishi to‘g‘risida»gi qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yildi.

Qaror yoqilg‘i energetika resurslarining jahon narxlari o‘sib borayotganini inobatga olib, shuningdek, tovarlar (xizmatlar) bozorida monopoliya darajasini bosqichma-bosqich kamaytirib borish, yoqilg‘i-energetika resurslari realizatsiyasining bozor mexanizmlarini kelgusida joriy etish, ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish, energiyani tejashni rag‘batlantirish, yoqilg‘i energetika kompleksi korxonalarining muvozanatli rivojlanishini ta’minlash hamda bu sohada moliyaviy intizomini mustahkamlash maqsadida qabul qilinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2018-2019 yillarda tariflar va narxlar o‘zgarishi grafigi tasdiqlanmoqda.

Qaror loyihasida avtobenzin va dizel yoqilg‘isi iste’mol uchun soliqni hisobga olgan holda, 2018 yil 16 noyabrdan boshlab quyidagi chakana narxlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan:

  • Ai80 markali avtobenzin — 4000 so‘m/litr;
  • Ai91 markali avtobenzin — 4500 so‘m/litr;
  • dizel yoqilg‘isi — 4800 so‘m/litr;
  • EKO markali dizel yoqilg‘isi — 4900 so‘m/litr;

Qonunchilik bilan aniqlashtirilgan alohida toifadagi shaxslarga avtobenzin xaridi uchun xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida oyiga 66.700 so‘m pul kompensatsiyasi to‘lash ham nazarda tutilmoqda.

Tabiiy gazning tarifi (QQS hisobga olingan holda, 1 kub metriga)

Hisoblash asboblari bo‘lganida aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun:

  • 2018-yilning 16-noyabridan boshlab — 320 so‘m;
  • 2019-yilning 1-iyunidan boshlab — 350 so‘m;

hisoblash asboblari bo‘lmagan holda aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun:

- ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun:

  • 2018-yilning 16-noyabridan boshlab — 553 so‘m;
  • 2019-yilning 1-iyunidan boshlab — 605 so‘m;

- isitish tizimi uchun:

  • 2018-yilning 16-noyabridan boshlab — 320 so‘m;
  • 2019-yilning 1-iyunidan boshlab — 350 so‘m.

Shuningdek, 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholi tomonidan tabiiy gaz iste’molining bazaviy normasi o‘rnatilishi taklif qilinmoqda. Bunda:

  • Isitish mavsumida xususiy turar uy-joyda istiqomat qiluvchi bir abonentga oyiga 1000 kub metr;
  • Boshqa holatlarda bir abonentga oyiga 250 kub metrdan kelib chiqib hisoblanadi.

Bu holda bazaviy norma doirasida iste’mol qilingan tabiiy gaz o‘rnatilgan tarif bo‘yicha, normadan ortig‘i 1,2 karra qimmatroq narxda hisob-kitob qilinadi.

Elektr energiyasining narxi (QQS hisobga olingan holda, 1 kVt soati uchun)

I va II guruhdagi iste’molchilar uchun:

  • 2018-yil-16 noyabrdan — 331 so‘m;
  • 2019-yil 1-iyundan — 370 so‘m;

III guruhdagi iste’molchilar uchun:

  • 2018-yil 16-noyabrdan — 250 so‘m;
  • 2019-yil 1-iyundan — 280 so‘m;

Elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylarda yashovchi iste’molchilar uchun elektr energiyasi tariflari III guruh iste’molchilari uchun belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

IV guruhdagi iste’molchilar uchun:

  • 2018-yil 16-noyabrdan — 350 so‘m;
  • 2019-yil 1-iyundan — 392 so‘m.

2019-yilning 1-yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholi tomonidan elektr energiyasi iste’molining bazaviy normasi oyiga bir abonent uchun 300 kVt.soat qilib belgilash taklif qilinmoqda. Bu holda bazaviy norma doirasida iste’mol qilingan elektr energiyasi o‘rnatilgan tarif bo‘yicha, normadan ortig‘i 1,2 karra qimmatroq narxda hisob-kitob qilinadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring