Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boriy Alixonov: «Atomni dahshatli, vajohatli, vayron qiluvchi narsa deb tushunishadi»

Boriy Alixonov: «Atomni dahshatli, vajohatli, vayron qiluvchi narsa deb tushunishadi»

Foto: «Spot.uz»

Avval xabar berilganidek, 31 may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Boriy Alixonov ishtirokida intervyu va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda birlamchi yoqilg‘i sifatida asosan tabiiy gaz va boshqa an’anaviy uglevodorod yoqilg‘i turlaridan foydalanilayotgani, bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol va biogaz energiyasi) mavjud yuqori imkoniyatlaridan amalda foydalanish kerakligi ta’kidlandi.

Energetika xavfsizligini mustahkamlashda qayta tiklanuvchi energiya resurslarining ahamiyati muhokama qilindi. Jurnalistlar aynan energetika xavfsizligi nuqtai nazaridan qaraganda, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining qurilishiga qanday baho berish mumkinligi haqida savol berdi. Quyida Boriy Alixonovning javobi to‘liq keltiriladi:

«Mana shu masalaning mohiyatiga yetish maqsadida biz, bir guruh deputatlar atom elektr stansiyalari faoliyatini o‘rganish uchun xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytdik. Jumladan, Rossiyaning Novovoronej shahrida, Vengriyada, Yaponiyadagi Fukusima atom elektr stansiyalarida bo‘ldik.

Ushbu davlatlardagi AESlar bilan yaqindan tanishib, hamma jarayonni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizdan so‘ng bu energetik va ekologik jihatdan bezarar texnologiya ekaniga iqror bo‘ldik.

Reaktorda sodir bo‘layotgan reaksiya reaktorning ichida qoladi. 11 ta himoya qilish qobig‘i, muhofaza tizimlari bor. Bular stansiyada xavfsizlikni butkul ta’minlaydi.

AES energiya samaradorligini oshirish, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish garovi bo‘lish bilan bir qatorda energetik va ekologik xavfsiz resurs.

Ayrim odamlarda stereotiplar bor, kimlarningdir yoki nimalarningdir ta’sirida shakllanib-qotib qolgan tushunchalar bor. Atomni dahshatli, vajohatli, vayron qiluvchi narsa deb tushunishadi. O‘sha ma’lum sonli odamlarning dunyoqarashini, fikrlashini o‘zgartirishimiz, ularda energiya manbalariga to‘g‘ri munosabat uyg‘otishimiz kerak.

Novovoronejda bo‘lganimizda bolalardan to kattalargacha xizmat ko‘rsatuvchi Atom energetikasi axborot markazi bilan tanishdik. Bu yerda atom energetikasiga oid bilimlar oddiy, sodda tilda innovatsion usullar yordamida qiziqarli qilib tushuntirib beriladi. Biz O‘zbekistonda ham shunday axborot markazlarini tashkil etmoqchimiz.

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashning samarali mexanizmlari «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida ham o‘z aksini topgan».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring