Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuror tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazdi

Bosh prokuror tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida sektorlar faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar tanqidiy tahlil qilindi, ularni zudlik bilan bartaraf etishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, prokurorlar sektorlarida ro‘yxatga olingan va «Temir daftar»ga kiritilgan 151 mingga yaqin ehtiyojmand oilaning 163 ming nafardan ortiq a’zosining bandligi ta’minlangan.

Bu oilalarga pul ko‘rinishida berilgan moddiy yordamlar esa, qariyb 9 mlrd. so‘mga yetdi.

Natijada 142 ming 690 ta yoki 94,6 foiz ehtiyojmand oila tegishli ro‘yxatlardan chiqarildi.

Bundan tashqari «Ayollar daftari»ga kiritilgan 131 ming 500 nafar xotin-qizlarga, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 140 ming nafar yoshlarga aniq va manzilli yordam ko‘rsatildi.

O‘z navbatida, davlat rahbari tomonidan sektorlar oldiga qo‘yilgan yangi va muhim vazifalar, jumladan har bir mahallaning, har bir oilaning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ehtiyojmandlar, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlik hamda kichik biznesga faol jalb etish, shu tariqa kambag‘allikni keskin qisqartirish, ishsizlikka barham berish kabi ustuvor yo‘nalishlar sektorlar rahbarlari, tegishli shtablar a’zolaridan alohida mas’uliyat talab etadi.

Barcha sektorlarda ham bu boradagi ishlarni bugungi kun talablari darajasida deb bo‘lmaydi.

Xususan, ehtiyojmand oilalar a’zolari bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha sektorlar mas’ullari javobgarlikni birday to‘liq his qilmayapti, ularning ba’zilarida bu borada qat’iyat va tashabbuskorlik yetishmayapti.

Ma’lumki, ehtiyojmandlarning ahvolini yaxshilashning muhim omillaridan biri ularga g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini takroriy ekin uchun ajratishdir.

Bu boradagi ko‘rsatkichlar ham ayrim sektorlarda pastligicha qolmoqda.

Shuningdek, tegishli daftarlarga kiritilgan oilalar va shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularni ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarishning birlamchi mezonlariga to‘liq amal qilinmayapti.

Har bir ehtiyojmandning haqiqiy ahvoli hamda uni kambag‘allikdan chiqarishning istiqbollari yetarli darajada o‘rganilmayapti.

Ayniqsa, bu borada sektorlar rahbarlari tomonidan tegishli shtablar a’zolari hamda boshqa mas’ullarga nisbatan talabchanlikning susaytirilgani samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda sektorlar rahbarlari oldiga bu kabi xato va nuqsonlarni tezkor ravishda bartaraf etishga qaratilgan aniq vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, sektorlar rahbarlari hududlarda karantin qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga, infeksiyaning aholi orasida keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka ham mas’ul ekanligi alohida qayd etildi.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring