Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir qabulxonalari DXMlarda joylashtirilishiga sabab nima?

Bosh vazir qabulxonalari DXMlarda joylashtirilishiga sabab nima?

So‘ngi yillarda tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, biznesni yuritishning qulay muhitini yaratishga qaratilgan tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari eng birinchi e’tiborlarini xalq bilan yaqindan muloqot qilishga, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish tizimini yaratishga qaratdilar.

Buni har yili tasdiqlanadigan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturlari orqali ham bilishimiz mumkin.

Zero, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etish masalasi O‘zbekistonni 2017 – 2021-yillarda rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas.

Shunga qaramay, tadbirkorlarning murojaatlarini samarali va professional tarzda ko‘rib chiqish tizimida afsuski oqsoqliklar mavjud edi.

Chunonchi, ayrim mas’ul idoralar murojaatlarni ko‘rib chiqar ekan, qonunchilikdagi kamchiliklar yoki o‘zaro ziddiyatlar tufayli ularni qanoatlantirishning imkoni yo‘qligini anglasada, ushbu muammolarning tub mohiyatini o‘rganish va bartaraf etishga harakat qilmasdi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, tadbirkorlarimiz noto‘g‘ri qonunchilikning yoki noto‘g‘ri huquqni qo‘llash amaliyotining qurboni bo‘lib qolayotgan edilar.

Ana shu maqsadda, tadbirkorlarning murojaatlarini yaqindan ko‘rib chiqish, ularga malakali huquqiy yordam ko‘rsatish, va eng asosiysi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi qonunchilikdagi ziddiyatlarni bartaraf etib borishning maqbul mexanizmini yaratish maqsadida, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda.

Farmonga muvofiq, bunday qabulxonalar 3 pog‘onada faoliyat yuritadi:

Yuqori bo‘g‘inda – ya’ni, Vazirlar Mahkamasida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati;

O‘rta bo‘g‘inda – viloyat qabulxonalari;

Quyi bo‘g‘inda esa – tuman (shahar) qabulxonalari tashkil etilmoqda.

Ushbu yangi tuzilmaning tashkil etilishining asosiy sababi ham shundaki – qonunchilikning amalda qanday ishlashini baholovchi o‘ziga xos signal bu – albatta xalqning murojaati hisoblanadi.

Zero, ushbu murojaatlar orqali biz joylardagi muammolarni aniqlaymiz, ularni bartaraf etish ustida ishlamiz, mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilashda ulardan andoza sifatida foydalanamiz.

Ana shu asnoda, Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham –o‘sha muammolarni tumandan – viloyatga, viloyatdan – respublikaga o‘z vaqtida yetkaza olish hamda ularni Hukumat darajasida qisqa muddatda hal etishdir.

E’tiborli jihati, bu borada Davlat xizmatlari markazlarining o‘rni va roli alohida belgilab berilayotgani ham bejiz emas. Zero, Bosh vazirning tuman (shaharlar)dagi qabulxonalari joylardagi Davlat xizmatlari markazlari binolariga joylashtirilmoqda.

Xo‘sh, nima sababdan Davlat xizmatlari markazlari binolarida faoliyat yuritishi belgilanmoqda?

Barchamizga ma’lum, tadbirkorlik sub’yekti o‘z faoliyatini tashkil etishdan boshlab – qurilishga ruxsat olish, elektr tizimlariga ulanish, ayrim faoliyat turlari uchun litsenziya va ruxsatnomalar olish, boringki, tugatishgacha bo‘lgan jarayon aynan Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Shunday ekan, Bosh vazir qabulxonalarining xizmat oladigan joy bilan bir binoda joylashtirilishi ham – shubhasiz, tadbirkorlarimiz, jumladan xorijiy investorlar uchun ham ayni muddao bo‘lmoqda.

Sababi, Davlat xizmatlari agentligi ham tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni tahlil qilgan holda, sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni bevosita bildirish imkoniyati yaratiladi.

Farmonning yana bir muhim jihatlaridan biri – tadbirkorlarning muammolarini o‘rganib borish bo‘yicha ular murojaatlarining yagona ma’lumotlar bazasi – business.gov.uz yagona interaktiv portali tashkil etilishi bo‘ldi.

Unga ko‘ra, endilikda yagona portalda:

turli parametrlar bo‘yicha muammo kelib chiqqan aniq jarayonni aks ettiruvchi murojaat qilish;

murojaatning ko‘rib chiqilishi ariza beruvchi tomonidan o‘zining shaxsiy kabinetida onlayn real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;

tizimli muammolarni avtomatik rejimda aniqlash imkonini beruvchi murojaatlar yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Ushbu Farmon – hech shubhasiz, tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali, ular muammolarining qisqa vaqt ichida hal etilishida muhim o‘rin tutadi.

 

Yu.Xodjiyev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Davlat xizmatlari agentligi bosh maslahatchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring