Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bugun xalq tom ma’noda uyg‘ondi» – Prezidentning to‘liq nutqi

«Bugun xalq tom ma’noda uyg‘ondi» – Prezidentning to‘liq nutqi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, barchangizni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yillik bayrami bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Hurmatli do‘stlar!

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz.

Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.

Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, har tomonlama o‘rganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.

Hurmatli yurtdoshlar!

Sohibqiron Amir Temur bobomiz «Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi», deb ta’kidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.

Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq.

Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart, deganidir.

Shu boisdan ham barcha bo‘g‘indagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro bo‘lsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi hamda birinchi navbatda bu qoidalarga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhit yaratishimiz zarur.

«Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi» degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o‘rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi uchun quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim, deb hisoblayman.

Birinchidan, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan ko‘ra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish ayniqsa dolzarbdir. Afsuski, ushbu talablar bizda hali to‘liq bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz.

Shu yilning o‘zida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Bu qonun hujjatlari kim uchun va nima maqsadda qabul qilinmoqda?

Albatta, xalqimiz farovonligi uchun.

Masalan, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishning muhim sharti bo‘lgan «Davlat-xususiy sherikligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilganimizga 7 oy bo‘ldi. Ko‘pdan buyon kutilgan, hayotning o‘zi talab etayotgan bu qonun loyihasi ustida biz uzoq vaqt ishladik. Ushbu hujjat fuqarolarning davlat va jamiyat vazifalarini bajarishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmidir.

Hozirgi vaqtda ayrim tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish boshlandi. Ammo sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, yo‘l qurilishi, kommunal xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda, aksariyat hududlarda hali bu borada tashabbus umuman sezilmayapti.

Vazir yoki hokim qonunning mazmun-mohiyatini tushunmasa, anglab yetmasa, uni hayotga tatbiq etishda jonbozlik ko‘rsatmasa, islohotlarimizning oldinga yurishi, odamlarda tashabbus uyg‘otish qiyin bo‘ladi.

Hududlardagi ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish, bino-inshootlarni betartib buzish kabi noxush holatlar qonunlar ijrosini nazorat qilish ishlari oqsayotganidan dalolat beradi. Shu bois Parlament, Hukumat va Oliy sud qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmlarini qo‘llashi zarur.

Bu borada kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirishga, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazishga, qonunlarni bilish va qo‘llash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqishga birinchi darajali e’tibor qaratish lozim.

Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.

Buyuk yunon olimi Aflotun shunday degan edi: «Xalq qonunlarga ehtiyoj sezib, ularni puxta o‘rgansa, bu faqat uning o‘ziga foyda keltiradi. Aks holda qonundan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi».

Haqiqatan ham, xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi.

Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda.

Yakunlanayotgan yilda Davlat budjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir so‘mni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq ko‘rsatib berildi.

Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun budjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.

Yoki ko‘pchiligingiz xabardorsiz, keyingi paytda joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketgan edi. Bu odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun yaqinda daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy e’lon qilindi. Bu ham jamoatchilik fikri qanday kuchli ta’sirga ega ekaniga misol bo‘la oladi.

Bularning bari odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan mas’uliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati «bir tomonlama vosita»ga aylanib qolmasligi kerak.

Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.

Yana bir masalaga diqqatingizni jalb qilmoqchiman.

Konstitutsiyaga asosan sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerak.

Sudlar va tergov idoralari biron-bir ish yuzasidan chiqarilgan qaror bo‘yicha fuqarolarning jamoaviy murojaatlariga tushuntirish va huquqiy izohlar berishi zarur.

Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.

Shuning uchun Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kelgusi yilda har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan tizimini yaratishga bosh-qosh bo‘lishi va tashabbus ko‘rsatishi lozim.

Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida bo‘lishi darkor.

Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam «jamiyat ko‘zgusi»ga aylanishi kerak.

So‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda.

Shu sababli ham davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘liq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi.

Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak.

Ma’lumki, bugungi kunda an’anaviy axborot vositalari bilan birga internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida biz fuqarolarning so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda to‘liq ta’minlashimiz zarur. Buning uchun esa birinchi galda ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak va biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz.

Shu munosabat bilan jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham yagona bir maqsadga, ya’ni xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratilganini hammamiz birdek anglashimizni istardim.

Har bir davlat organi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega bo‘lishi, amalga oshirayotgan ishlari haqida, kerak bo‘lsa, har kuni batafsil ma’lumot berib borishi shart.

Yana bir marta takrorlayman, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘rtinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar olib borayotgan islohotlarimiz bilan uyg‘un bo‘lgan taqdirdagina ishlaydi.

Bu – ayni haqiqat, aksiomadir. Lekin ayrim qonunlarimiz zamon talablariga mos emas. Shu bois qonunlarni ijro etish mexanizmlarini aniq tizim asosida yaratish – dolzarb vazifamizdir.

Kelgusi yildan boshlab Adliya vazirligi qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish bo‘yicha mutlaqo yangi ish uslubiga o‘tishi zarur. Bunda Konstitutsiyamiz normalari huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Beshinchidan, biz qanchalik mukammal qonunlar yaratmaylik, qanday islohotlar o‘tkazmaylik, agar fuqarolarimizning huquqiy bilimi, ongi va madaniyati yetarli bo‘lmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul bo‘ladi.

Huquqshunos olimlarning bundan bir necha asr avval «Huquqni anglash mas’uliyat hissini rivojlantiradi», deb aytgan hikmatli so‘zlari hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmog‘i kerak. Lekin ana shunday huquqiy mas’uliyatni bugun hammada ham shakllantira olayapmizmi?

Afsuski, bu savolga hozircha ijobiy javob berolmaymiz. Misol uchun, dehqonlarimizning fidokorona mehnati bilan yaratilgan nonni xalqimiz ulug‘ va aziz ne’mat sifatida g‘oyatda qadrlaydi. Nonning qadrini ayniqsa rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan dehqon va fermerlarimiz juda yaxshi biladilar.

Bugun ushbu muhtasham saroyda ularning eng munosib vakillarini ko‘rib turganimdan juda xursandman.

Bu yil Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni Konstitutsiya bayrami bilan bir kunda nishonlanayotgani bu ayyomga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha dehqon va fermerlarni chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, ularga yuksak hurmat va ehtirom bildirishga ruxsat etgaysiz.

Biz uchun non qanchalik aziz va qadrli bo‘lsa, zahmatkash dehqonlarimiz, ularning mehnati ham shunchalik aziz va qadrlidir.

Haqiqatan ham, urush va ocharchilikni boshidan kechirgan bobo va momolarimiz bizga bolalikdan boshlab nonni ko‘zimizga surtib e’zozlashni o‘rgatganlar. Bu bizning buyuk qadriyatimizga aylangan. Shu ma’noda, Yaratganning bebaho ne’matlarini, hayotdagi ijobiy o‘zgarishlarni qadrlash tuyg‘usini farzandlarimiz qalbiga yoshligidan singdirib borishimiz zarur.

Yashirishning hojati yo‘q, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish, tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma yoki litsenziya olish, soliq to‘lash kabi ko‘p-ko‘p kundalik hayotiy masalalarni hal etishda «qonunni chetlab o‘tish» bizning sharoitimizda yomon bir odatga aylangan edi.

Bunday illatning ildizlarini qirqishga qaratilgan ishlarni, qanday qiyin bo‘lmasin, asta-sekin amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, bolalarni bog‘chaga joylashtirishga elektron navbat, maktablar va oliy ta’limga o‘qishga qabul qilishda ochiq va oshkora tartiblar yaratildi. Shuningdek, «yagona darcha» tamoyili asosida 100 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Ammo bu o‘zgarishlar tufayli jamiyatimiz salbiy illatlardan, qonunga bepisandlik holatlaridan batamom qutuldi, deb aytishga hali erta.

Ochiq tan olish kerak, aksariyat odamlarimiz bu masalada loqayd va beparvo bo‘lib qolmoqda. Bugun olib borayotgan islohotlarimiz yo‘lidagi eng katta to‘siq ham aslida shu emasmi?

Ayrim fuqarolarimiz boshqaruv idoralaridan mas’uliyat talab qilishni yaxshi biladi-yu, lekin o‘zining jamiyat oldidagi, qonun oldidagi mas’uliyati va majburiyatini unutib qo‘yadi. Holbuki, O‘zbekistonni yangilash, milliy yuksalishni yangi bosqichga ko‘tarish bu – o‘z-o‘zidan, osonlikcha bo‘layotgani yo‘q.

Hammangiz ko‘rib turibsiz, qanchalik og‘ir va murakkab bo‘lmasin, bugungi kunda zarur kuch va imkoniyat, mablag‘ topib, qancha-qancha katta dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Yangi-yangi korxonalar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘cha, maktab va shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari, ko‘plab uy-joylar quryapmiz va Xudo xohlasa, bunday ishlarimizni yanada ko‘paytiramiz.

Xalqimizda «Qars ikki qo‘ldan chiqadi», degan maqol bor. Agar o‘ylab qarasak, bu maqol Konstitutsiyamiz normalariga ham to‘la mos keladi. Ya’ni Asosiy qonunimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari bilan birga, ularning burch va majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yilgan.

Ko‘pni ko‘rgan muhtaram keksalarimiz, faol fuqarolarimiz, aziz opa-singillarimiz, ziyolilar, navqiron yoshlarimiz bugungi islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularda fidoyilik bilan ishtirok etayotgani shaxsan menga katta kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Imkoniyatdan foydalanib, barchangizga, butun xalqimizga buning uchun chin yurakdan alohida minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, biz mana shunday tinch va osoyishta hayotimizni qadrlab, o‘zaro hurmat va ahilligimizni asrab-avaylab, shukrona qilib yashasak, Yaratganimiz o‘z ne’matini xalqimizga yanada ziyoda qilib beradi.

Aziz do‘stlar!

Biz jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarimizni uzluksiz davom ettirishimiz zarur.

Huquqiy tarbiyani maktabgacha ta’lim tizimidan boshlashimiz, bu boradagi ilk ko‘nikmalar ona allasi kabi farzandlarimiz qalbidan umrbod joy olishi darkor.

Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim.

Har bir soha va yo‘nalish, ta’limning barcha bosqichlari uchun huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslangan dasturi tayyorlanishi kerak. Bunda, avvalambor, Konstitutsiyani o‘rganishga jiddiy yondashish lozim. Umumta’lim maktablari uchun «Konstitutsiya alifbosi», «Konstitutsiya saboqlari», «Konstitutsiya asoslari» kabi darsliklarni yaratish zarur, deb hisoblayman.

Adliya, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bu ishlarga mas’ul bo‘ladi.

Ushbu fanlardan dars beradigan o‘qituvchilarni tayyorlashda ularning siyosiy, huquqiy va ma’naviy saviyasiga alohida ahamiyat berish lozim. Shuningdek, hayotdagi adolat tantanasi, qonuniy haq-huquqlar tiklangani haqida qiziqarli ko‘rsatuvlar, seriallar, badiiy filmlar, teatr asarlari yaratish ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Umuman olganda, qonun va adolat tantanasi uchun kurashadigan insonlar bugungi kunning qahramonlari bo‘lishi kerak. Aynan shunday odamlarning hayoti shoir va adiblar, rejissyorlar, jurnalistlar uchun ijodiy mavzu bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Qadrli vatandoshlar!

Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir. Bunday prinsip Asosiy qonunimizda qat’iy belgilangan.

Konstitutsiyada xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai sifatida muhrlab qo‘yilgan va bunda chuqur ma’no bor. Bu qoidalar mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, davlat o‘z faoliyatini faqat inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshirishini anglatadi. Buni birgina shu yilning o‘tgan davrida Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 880 mingdan ortiq murojaatning 510 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgani ham tasdiqlaydi.

Shu munosabat bilan hamma rahbarlarga yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Bizga umid va ishonch bildirgan, bizni rahbar etib saylagan, el-yurtimizni, har bir fuqaroni rozi qilish asosiy burchimiz ekanini hech qachon unutmaylik. Xalq bizdan rozi bo‘lsa – Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.

Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilgani bejiz emas. Ana shu prinsipni amalga oshirish uchun bizda qat’iy siyosiy iroda va yetarli imkoniyatlar mavjud. Buning uchun biz, avvalo, quyidagi muhim vazifalarni hal etishimiz zarur.

Birinchidan, inson huquqlarini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish uchun milliy strategiyamiz bo‘lishi lozim.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.

Bu yilning o‘zida «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi, «Jabrlanuvchi, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi, «Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida»gi konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. Bu bizning majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi qat’iy va o‘zgarmas pozitsiyamizni ifoda etadi.

So‘nggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha navbatdagi farmonga imzo chekdim. Unga binoan jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etilib, ular erkin hayotga qaytariladi.

Bu yil Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasini yopganimiz ham ana shunday insonparvar siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. Natijada manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan pensiya yoshidagi 709 nafar mahkumga pensiya pullari to‘lab berilmoqda.

Biz avval yo‘l qo‘ygan xatomizni tuzatib, ushbu toifadagi fuqarolarning Konstitutsiyamizda belgilangan pensiya olish huquqini ta’minlash yo‘lida dastlabki qadamni qo‘ydik.

Joriy yilda «Mehr-1» va «Mehr-2» insonparvarlik tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ana shu tadbirlar doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afg‘onistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Ularga zarur tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatildi. 

Inson huquqlarini ta’minlash haqida gapirganda, o‘tgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, ushbu yilda 5 ming 868 nafar yurtdoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganini ta’kidlashni istar edim. Lekin bu sohada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.

Avvalo, yuqorida zikr etilgan Milliy strategiyani ishlab chiqib, shu asosda mazkur yo‘nalishdagi siyosatimizni izchil amalga oshirishimiz kerak. Ushbu strategiyada inson huquq va erkinliklariga oid konstitutsiyaviy tamoyillarni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari aniq-ravshan belgilanishi lozim.

Jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, shu orqali mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishimiz zarur.

Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini o‘qitishning uzluksiz tizimini yaratish, umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash markazlarida «Inson huquqlari», «Bola huquqlari», «Ayollar huquqlari» nomli maxsus o‘quv kurslarini joriy etishning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman.

Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishimiz lozim.

O‘tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Xabaringiz bor, o‘tgan yillarda tintuv jarayonini, olingan ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.

Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo‘lgan boshqa holatlar bo‘yicha ham shunday choralarni qo‘llash zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarur.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a’zolari darhol xabardor qilinishi kerak. Buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman.

Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o‘tish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim.

Kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya’ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta’minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o‘zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda.

Sir emas, ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organga, ta’bir joiz bo‘lsa, oxirgi instansiyaga aylanib qolgan edi. Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor bo‘lgani ham ayni haqiqat. Qanchalik og‘ir va noxush bo‘lmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik.

Ishonamanki, prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish bo‘yicha rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qiladigan bunday tajribani joriy etish hayotimizda adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam bo‘ladi.

Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Keyingi paytda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatidagi kamchiliklarga taalluqli. Shuni inobatga olib, ushbu idoralar xalqimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratishi zarur. Har bir ariza va shikoyatning qonuniy yechimi ana shu idoralar rahbarlari faoliyatiga berilgan baho bo‘ladi.

Bunday yangi o‘zgarishlarni avvalo, xalqimiz, jumladan, yurtimizda qonun ustuvor ekaniga ishonib sarmoya kiritayotgan chet ellik hamkorlarimiz har tomonlama his qilishlarini istardim.

Uchinchidan, advokatura institutini takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlashni yangi bosqichga ko‘tarish zarur.

Bu tizimning huquqiy maqomini kuchaytirish, advokatlar vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Lekin hali o‘z yechimini topmagan muammolar ham bor. Misol uchun, 33 milliondan ortiq O‘zbekiston aholisiga faqatgina 4 mingta advokat xizmat ko‘rsatayotganini ijobiy baholab bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi advokatlarning 60 foizi 50 yoshdan oshgan shaxslardir. Ular orasida 30 yoshga to‘lmagan yoshlar 70 nafarga ham yetmasligini qanday izohlash mumkin?!

Bunday achinarli holatga barham berish uchun avvalo advokatlar nufuzi va maqomini oshirish, advokatura institutining mustaqilligini ta’minlashimiz shart.

Yaqin istiqbolda Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim. Hech bir idora advokatlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart.

Ayni vaqtda advokatlarga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablari ham ushbu konsepsiyada to‘liq aks etishi zarur. Bu borada biz rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganishimiz kerak.

To‘rtinchidan, vijdon erkinligi, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik, mamlakatimizda va xorijda fuqarolarimizni kafolatli himoya qilish bundan buyon ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda fuqarolarimizning muqaddas ziyoratlarni ado etish bilan bog‘liq imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Jumladan, umra ziyoratiga boruvchilar soni 10 mingdan 30 mingtaga, haj ziyoratiga boruvchilar esa 5 mingdan 7 ming 200 nafargacha oshirildi, safar bilan bog‘liq xarajatlar esa kamaytirildi.

Umuman, so‘nggi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan katta ishlar sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.

Bugungi kunda mahalliy va xorijiy nufuzli ekspertlar ishtirokida biz «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib bormoqdamiz. Ushbu qonun fuqarolarimizning vijdon va e’tiqod erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhtaram majlis ishtirokchilari!

Xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan fuqarolarimiz va ularning oila a’zolarini himoya qilish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tuzildi. Hukumat tarkibida Xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti tashkil etildi.

Biroq chet elga ishlash uchun fuqarolarni jo‘natish bilan shug‘ullanayotgan ba’zi bir xususiy firmalar odamlarni aldayotgani haqidagi materiallar matbuot sahifalarida e’lon qilinmoqda. Departament ushbu firmalar faoliyatini qat’iy nazoratga olishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi, mamlakat ichkarisida yoki tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish, ularga homiylik ko‘rsatishni bundan buyon ham kafolatlaydi va barcha choralarni ko‘radi.

Buning uchun, jumladan, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan konsullik xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish lozim. Toki chet eldagi fuqarolarimiz boshqa shahardan konsullik bo‘limlariga bevosita o‘zi kelib, ovora bo‘lib yurmasin.

Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari kelgusi yilda ushbu tizimni to‘liq ishga tushirishga mas’ul etib belgilanadi.

Beshinchidan, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida huquqiy tenglikni mustahkamlashga mamlakatimizda jiddiy e’tibor berilmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari butunlay yangitdan tashkil etilgani, ularga qo‘shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani bu yo‘lda yangi qadam bo‘ldi.

Joriy yilda Konstitutsiyamizning 46-moddasiga asosan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonunlarni izchil amalga oshirishda parlament va jamoatchilik nazorati nihoyatda zarur, deb o‘ylayman.

Kelgusida ham onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etish davlatimizning diqqat markazida bo‘ladi.

Keyingi paytda ko‘plab ayollarimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya-bank, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda mas’ul rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilmoqda.

O‘zingiz ayting, joylarda odamlarning dardu tashvishlarini, oila va mahalladagi ahvolni kim hammadan ko‘ra ko‘proq biladi, kim hammadan yaxshiroq his qiladi? Albatta, hurmatli va mehribon ayollarimiz emasmi?

Hech shubhasiz, ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida hal etishda, boshqaruv samarasini oshirishda opa-singillarimizning o‘rni va ta’siri juda katta. Shuning uchun biz xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish, ularga turli mas’ul vazifalarni ishonib topshirishga qaratilgan siyosatni yanada faol davom ettiramiz.

Oltinchidan, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan mulk huquqi daxlsizdir va doim davlat himoyasida bo‘ladi.

Biz o‘tgan yillar davomida tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuvini qat’iy cheklash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan yer ajratish amaliyoti tubdan isloh qilindi. Bu jarayon endilikda yer ajratish elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga beriladi. Bu o‘zgarish ham mulk daxlsizligini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy qadamlardan biridir.

Bundan tashqari, yerni olib qo‘yish va kompensatsiya to‘lashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilindi. Shu bilan birga, mulk daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlarga amal qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan, ular qanday lavozim egasi bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlik kuchaytirildi.

Shuningdek, kompensatsiya miqdori to‘g‘risida taraflarda kelishmovchilik vujudga kelsa, endi bunday holatlar faqat sud yo‘li bilan hal etiladi.

Ma’lumki, shu paytga qadar hokimlar yerdan foydalanish huquqini beradigan qarorlarni o‘zlari qabul qilar, vaqti kelganda esa, ularni o‘zlari bekor qilishi ham mumkin edi. Endi ana shu vakolatni cheklashning fursati yetdi. Chunki bunday vakolat faqat hokimga berilishi turli adolatsizliklarga sabab bo‘lishini ko‘p misollar ko‘rsatmoqda. Bunday masalalar endi faqat sud tartibida hal qilinadi.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining mulkiy huquqlarini noqonuniy cheklash bilan bog‘liq holatlar aniqlangan taqdirda, unga tadbirkor manfaatlarini ko‘zlab sudga murojaat qilish huquqini berish lozim.

Sohada ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash uchun hokimlarning fuqarolarga yer berish haqidagi qarorlarini tegishli saytlarda e’lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kerak.  

Biz jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini ta’minlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun biz hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarur. Bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning sha’ni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, ta’lim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini to‘la ta’minlash imkonini beradi.

Qadrli yurtdoshlar!

Ma’lumki, shu yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

«Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida o‘tayotgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi g‘oyat muhim voqeadir.

Konstitutsiyamizga muvofiq, fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Saylovda o‘ziga ma’qul bo‘lgan nomzod yoki biron-bir partiya ilgari surayotgan dastur uchun ovoz berish, ularni qo‘llab-quvvatlash vakillik demokratiyasining yaqqol ko‘rinishidir.

O‘tgan qisqa davrda saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirilib, O‘zbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Bu milliy qonunchiligimizni mustahkamlash, demokratik saylovlarni o‘tkazishni yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur kodeksdagi eng katta yangilik siyosiy maydonning to‘liq siyosiy partiyalarga berilishi bilan bog‘liq, desak, adashmagan bo‘lamiz. Unga muvofiq, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda ilgaridek 135 ta emas, balki to‘liq – 150 ta saylov okrugidan o‘z nomzodlarini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvotaning bekor qilingani ham siyosiy maydonda sog‘lom raqobatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Saylov kodeksiga muvofiq siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endi vakil saylov komissiyasi majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari qanday to‘ldirilganini tekshirishda qatnashadi. Shuningdek, u saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ham ega.

Bularning barchasi saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi.

Bu yilgi saylovlarda fuqarolarimiz erkin ovoz berishlari uchun joylarda 6 ming 720 ta okrug va 10 ming 253 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

Fuqarolarning saylash va saylanishga oid huquqlari yanada kengaytirildi va amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar bekor qilindi.

Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarning saylovda ishtirok etish huquqini ta’minlash maqsadida bu yil yangi bir qadam qo‘ydik. Endi og‘ir va o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ham saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Shu asosda bo‘lajak saylovlarda ozodlikdan mahrum etilgan 1 ming 905 nafar shaxs ham ishtirok etishi uchun qonuniy imkoniyat yaratildi.

Hech shubhasiz, yangi Saylov kodeksi va undagi 30 dan ortiq yangi demokratik qoidalar saylov qonunchiligimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Bu yil mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya saylovda ishtirok etmoqda. Xalqimiz hayotiy muammolar va ularning yechimini yaxshi biladigan, islohotlar samarasiga xizmat qiladigan qonun va qarorlar qabul qilishda jonbozlik ko‘rsatadigan, katta bilim va malakaga ega insonlar deputat bo‘lishini xohlaydi. Shuning uchun ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadigan yangi parlamentimiz, birinchi navbatda, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘lgan deputatlardan iborat bo‘lishi lozim.

Saylov jarayonida o‘nlab xalqaro tashkilotlar, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi kuzatuvchilari hamda 40 dan ortiq xorijiy davlatdan 600 dan ziyod kuzatuvchi qatnashishi kutilmoqda.

Ushbu saylovlar orqali xalqimiz bugungi islohotlarimizga baho bersa, jahon hamjamiyati yangilanayotgan O‘zbekistonga baho beradi.

O‘ylaymanki, har bir yurtdoshimiz o‘zining konstitutsiyaviy va fuqarolik burchini, Vatanimiz taqdiri va kelajagi oldidagi mas’uliyatini anglab, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va farovon hayoti uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun ovoz beradi.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchamizga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda.

Jahon miqyosida shafqatsiz raqobat, turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar, savdo urushlari g‘oyat keskin tus olmoqda.

Mana shunday murakkab sharoitda biz faqat xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, ayni vaqtda dunyo hamjamiyati bilan hamkor bo‘lib, dadil oldinga borishimiz shart. Bu borada bizga Konstitutsiyamiz hamisha rahnamo bo‘lib, beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Biz bugun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘yib, marrani baland oldik.

O‘zbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytara olmaydi.

Bu – bugungi hayot, bugungi zamon talabi.

Bu – ko‘p millatli, bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning xohish-istagi.

Va biz xalqimizning tub manfaatlari, uning ezgu orzu-intilishlarini ifoda etadigan ana shunday siyosatni jadal davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki uni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘taramiz.

El-yurtimiz, jahon hamjamiyati bizga katta ishonch bilan qaramoqda. Ana shu yuksak ishonchga har tomonlama munosib bo‘lib, qat’iyat bilan olg‘a intilib, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga birgalikda albatta yetamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi marosimda ishtirok etayotgan, ezgu tashabbus va islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muhtaram elchilarga, xalqaro tashkilotlar vakillariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Sizlarni, butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring