Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bukhara City» shaharning tarixiy qismidan 6 kilometr uzoqlikda quriladi

«Bukhara City» shaharning tarixiy qismidan 6 kilometr uzoqlikda quriladi

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Buxoro shahrida samarasiz sanoat hududida zamonaviy yangi majmua —  «Bukhara City» bunyod etish amallari boshlandi.

«Bukhara City» majmuasi loyihasini ishlab chiqish jarayonida ko‘plab xorijiy davlatlar, jumladan, Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Ozarbayjon va Rossiya kabi mamlakatlarning tarixiy shaharlari hamda ularda barpo etilgan yangi bunyodkorlik ob’yektlarini joylashtirish usullari chuqur o‘rganilgan.

YuNESKO Umumjahon madaniy meros markazi talablari va xalqaro shaharsozlik qoidalarini yaxshi tushunadigan mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda,  «Bukhara City» majmuasini qurish uchun Buxoro shahrining tarixiy qismiga mutlaqo ta’siri bo‘lmagan 6 km uzoqlikdan joy tanlangan.

- Yangi majmuani qurish uchun Hukumatning 2019-yil 8-iyuldagi  «Buxoro shahrida «Bukhara City» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Buxoro shahrida aholi yashash uylari mavjud bo‘lmagan, 15-20 yildan buyon bo‘sh turgan va faoliyati samarasiz bo‘lgan bir qator yirik sanoat korxonalari joylashgan 83 gektar o‘lchamdagi hudud belgilandi. Uzoq yillardan buyon e’tibordan chetda qolgan, chang-to‘zonli maydonda shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shuvchi yangi zamonaviy hudud bunyod etilishiga mustahkam zamin yaratadi,-dedi Buxoro shahri hokimi Karim Kamolov.-Ob’yekt jozibadorligini oshirish, uni milliy me’morchilik, qolaversa, xalqaro andozalarga mos ravishda barpo etish va salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida majmua bosh rejasi loyiha menedjeri sifatida, Turkiyaning  «Studio Vertebra» kompaniyasi va qurilish sohasi rivojlangan davlatlarning loyihalash kompaniyalari tanlandi.

Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Mo‘minov va Sanoatchilar ko‘chalari oralig‘ida bunyodga kelishi mo‘ljallangan  «Bukhara City» majmuasi hududida zamonaviy mehmonxonalar, restoranlar, teatr, kinozallar, ofislar, banklar, biznes markazlar, savdo va maishiy xizmat shaxobchalari, klinika, maktab, bolalar bog‘chalari, sport ob’yektlari va turar joylar qad rostlaydi.

 «Bukhara City» majmuasini qurish uchun 500 million dollar kiymatidan ortiq investitsiya jalb qilinadi va buning evaziga 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Laylo Hayitova

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring