Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxorodagi yirik korxona ishchilari «qo‘zg‘olon» ko‘targanmish… Voqea joyidan surishtiruv

Buxorodagi yirik korxona ishchilari «qo‘zg‘olon» ko‘targanmish… Voqea joyidan surishtiruv

Foto: «Xabar.uz»

Buxoroda qurilayotgan «Bukhara Cotton Textile» O‘zbekiston — Buyuk Britaniya — Rossiya qo‘shma korxonasida ishchilar mehnat me’yorlaridan ortiq darajada ishlatilayotgani, shunga qaramay, ortiqcha ishlagan kuni uchun haq berilmayotgani va boshqa holatlar xususida xabar tarqalgani hamono oyoqni qo‘lga olib, yo‘lga chiqdim. Kasbimiz shu: yangilikka (shov-shuvga desak, yanayam to‘g‘riroq bo‘ladi) o‘chligimiz bor gap. Qurilayotgan qo‘shma korxonaga oid xabarlar paydo bo‘lishi tagida ham shu omil yotibdi. Agar shu mahobatlar rost bo‘lsa, kichik safarim bahonasida yana qo‘shimcha dalillar topishim mumkin, qarabsizki, yana bitta sensatsiya naqd!

Shu sabab tashrifim haqida hech kimni ogohlantirmadim: birinchidan, u yerda muxbirga birovning ko‘zi uchib turgani yo‘q. Ikkinchidan, hammasi tabiiy kechgani ma’qul, chunki, muxbir kelayotgani avvaldan xabardor etilsa, shunga yarasha tadbir ko‘rilib, bir-ikkita mas’ul, qator ishchilarni avvaldan intervyuga «tayyorlab qo‘yilishi» ehtimoli yo‘q emas-da.

***

...Ayrim hamkasblarimga insof tilaymi? Yo vijdon, jurnalist etikasi xususida ma’ruza  so‘qiymi? Rost, qo‘shma korxonada qurilish ishlari juda qizg‘in ketyapti, bu jarayonda  mayda-chuyda kamchilik, tez yechiladigan muammolar chiqib qolishi tabiiy. Illo, «ishchilar o‘ta norozi» bo‘ladigan holatga duch kelmadim. Qancha ishchilar bilan muloqotda bo‘lmay, jiddiy norozichilik tug‘diradigan muammo aytilmadi. Puch shov-shuvlar tarqatishdan maqsad nima ekan? «Bukhara Cotton Textile» qo‘shma korxonasidagi muhitga ta’sir etishmi? Bundan kimga foyda, nima foyda? Rosti, tushunish qiyin...

***

O‘rganish jarayonida  ayni  paytda  «Bukhara Cotton Textile»  qo‘shma korxonasining ip yigiruv, to‘quv, gazlama, ranglash va tikuv fabrikalarida qurilish, sozlash ishlari amalga oshirilayotgani, shuningdek, 10 gektardan iborat mazkur ob’yektda keng miqyosda qurilish ishlari baravj davom etayotganiga guvohi bo‘ldim...

Foto: «Xabar.uz»

«Surxondaryosement» AJning 269 nafar ishchilari shartnoma asosida ishga jalb etilgan. Shuningdek, viloyatning turli tuman va shaharlaridan kelgan 196 nafar ishchi-xodim  (11 nafari slesar-montajchi) ter to‘kishmoqda. Qariyb, jami 700 nafarga yaqin ishchilar-u korxona xodimlari jonini jabborga berib ishlashmoqda. Ulardan tashqari Germaniya, Turkiya, Rossiya, Koreya Respublikasi kabi qator davlatlardan  chaqirilgan mutaxassislar ham mehnat qilishmoqda. Chetdan turib tosh otishlardan maqsad investorni hurkitishmikan?

Foto: «Xabar.uz»

«Bukhara Cotton Textile» korxonasi joriy yilning may oyida to‘la ishga tushirilishi rejalangan. Korxonada beshta fabrika faoliyat boshlaydigan bo‘lsa, har biriga kamida 245-250 nafardan ishchi-xodim jalb etiladi. Bu qariyib 1 ming 200 nafardan ko‘proq odam ish bilan ta’minlanadi degani. Korxona mahsulotlari esa mamlakat eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shishini aytmasak ham bo‘lar.

***

«Bukhara Cotton Textile» korxonasida ishlayotgan montaj ustalariga oylik maoshlarining o‘z vaqtida berilmayotgani, shuningdek, ularning 6 kunlik mehnatga oyliksiz jalb etilayotgani haqidagi  «fakt» qayerdan paydo bo‘ldi o‘zi?

«Men romitanlikman. Yetti oydan buyon qurilish ishlarida ishlayman. Korxonaning hali endi oyoqqa turayotgani inobatga olinsa, maoshlar berishda bir yoki ikki kun kechikishlar kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu oylikning 10-15 kun kechikib yoki shartnomada ko‘rsatilgan summaning yarmi beriladi, degani emas. Men shaxsan bir yarim milliongacha maosh olaman. Nolimayman», — dedi Bobomurod Rajabov.

Foto: «Xabar.uz»

Aniyor Qulmurodov, Ergash Ashurov, Karimjon Mirzaxurdov, Jahongir Ahmedov, Erkin Bobojonov kabilar bilan suhbatlashilganda, ular 1,2 milliondan 1,5 million so‘mgacha o‘z vaqtida oylik olishayotgani, ayrimlari ishbay usulda mehnat qilishsa, ayrimlari ishda qo‘shimcha unum ko‘rsatgani uchun pul mukofoti ham olishayotganini bildirdi.

«Qo‘shma korxona hamda quruvchi-montajchilar o‘rtasida haftasiga 6 kunlik mehnat shartnomasi imzolangan. Bu to‘g‘risida hujjat taqdim etaman. Ammo ijtimoiy tarmoqda yoritilgandek, birorta quruvchi-montajchi yoki slesarlar bilan 2,5 million so‘m to‘lov bo‘yicha shartnoma imzolanmagan. Ularning maoshidan daromad soliqlaridan tashqari, hech qachon sababli ham, sababsiz ham ortiqcha pul ushlab qolinmagan”, — deydi bosh hisobchi Sherzod Mirzoyev.

Buxoro viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hamroyevning bildirishicha, qo‘shma korxona hujjatlari ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda, quruvchi-montajchilar yoki ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari buzilmagani aniqlangan. Ish vaqti soat 08:00dan 17:00 ga qadar belgilangan va amalda ham shunday.

***

Ayni tushlikka yaqin korxona oshxonasiga yo‘l oldik. Hali ta’mirlash ishlari to‘liq tugallanmagan  200 kishiga mo‘ljallangan oshxona. Uch mahal issiq ovqat har kuni tayyor. «Men mehnat qilyapman. Shunga yarasha o‘z vaqtida oylik olayapman. Issiq yotoqxona bilan ta’minlab qo‘yishgan, uch mahal bepul issiq ovqat… Marhamat, o‘tiring, biz bilan taomlaning», — deydi quruvchi-montajchi Yo‘ldosh Jumayev.

Ovqatlar xilida ham farq sezmadik.

Foto: «Xabar.uz»

«Bosh direktordan tortib, oddiy ishchigacha bir qozondan ovqatlanadi. Ish talablarini bajarishda ham, ovqatlanishda ham huquqlar teng. Aynan bu holat xorijlik hamkorlarimiz tomonidan doimiy nazoratda. Bu yerda kimdir sho‘rva, kimdir osh yemaydi. To‘g‘ri, ishchi-xodimlar soni ko‘p, oshxona esa 200 o‘rinli. Shuning uchun navbatma-navbat ovqatlanish tartibi belgilangan. Axir ayni paytda qo‘shma korxonaning beshta fabrikasida ham bunyodkorlik ishlari jadal ketyapti. Har bir fabrikaning o‘zida o‘z ishchi-xodimlari uchun alohida 200 nafar kishiga mo‘ljallangan oshxonalar ham qurilmoqda”, — deydi qo‘shma korxona huquqshunosi Rahmatulla Jo‘rayev.

***

Tashrif jarayonida «Bukhara Cotton Textile» qo‘shma korxonasi bosh injeneri, turkiyalik hamkor Djoshkun Renklioglu bilan ham ikki og‘iz gaplashdik.

Foto: «Xabar.uz»

Mazkur qo‘shma korxonada  rejalarimiz bisyor, — deydi u. — Xorijiy hamkor sifatida rahbarimiz o‘z hisobidan 70 million dollar xarajat qilmoqda. Maqsad yurtingizni yanada boy, xalqingizni farovon ko‘rish. Qo‘shma korxona o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olgach, tez kunlarda ishchi-xodimlar yetarli maoshga, undan tashqari, qo‘shimcha daromadlarga ham ega bo‘lishadi. Men O‘zbekistonni xuddi o‘z uyimdek sevaman, ardoqlayman. Ayniqsa, buxoroliklarga hurmatim, mehrim bo‘lakcha...

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring